"Terma jamoadagi faoliyatimni yakunladim, Odil Ahmedov nima qilish kerakligini biladi" yoxud Rossiyadagi legionerimiz haqida

  • 10 aprel, 2022, 23:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiyada bir necha yillar mobaynida to‘p surgan va to‘p surib kelayotgan futbolchilarimiz bor. Hozirgi paytda “Nefteximik” klubi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Vagiz Galiulinni juda yaxshi bilasiz. O‘zbekiston olimpiya va milliy terma jamoalarida to‘p surgan. Uzoq yildan beri faoliyatini Rossiya klublarida davom ettirib kelmoqda. Kuni kecha ushbu legionerimiz Sports.uz muxbiri bilan muloqotda muhim gaplarni aytdi.

“Bu erda meni bilishadi”

- “Nefteximik” klubidagi faoliyatimga kelsak, u erda to‘rtinchi mavsumni o‘tkazyapmiz. Nijnekamsk menga yoqadi. Bu shahar Kazanning oldida. Birinchidan, mashinada ikki soatlik yo‘l bosiladi. Ikkinchidan, oilamga ham yaqin. Chunki oila-a’zolarim Kazanda. Har o‘yindan keyin esa u erga borib turaman. Yoki bola-chaqalarim mening oldimga kelib turadilar. Shuning uchun ham men “Nefteximik”ni tanlaganman. Meni bu erda bilishadi va tanishadi. Esimda, 2012 yilda “Rubin”da o‘ynab yurganimda ham ijara asosida “Nefteximik” klubiga kelgandim. Shartnomam shu klub bilan bog‘langan. May oyida chempionat tugaydi. Keyin nima qilishni o‘ylab ko‘raman.

vagiz4

“Terma jamoa bundan keyin zo‘r bo‘ladi”

 - Terma jamoa to‘g‘risida men hali hech kimga intervyu bermaganman. Rossiyada ham mendan intervyu olishganida terma jamoa haqida ham so‘rashgan. O‘shanda terma jamoadagi faoliyatimni yakunlanganimni aytdim. Sizga ham shuni ma’lum qilaman: terma jamoadagi faoliyatimni yakunladim. Endi terma jamoaga bormayman. Yoshim ham 34 da. Buning ustiga terma jamoa yangilanyapti. Iqtidorli yoshlar etishib chiqyapti, yaxshi jamoa. Ular bir-ikki yildan keyin o‘sishadi. Albatta, jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat bo‘ladi. Xudo xohlasa, o‘sib kelayotgan yoshlar uddalashadi. Har doim terma jamoa o‘yinlarini ko‘raman va qo‘llab-quvvatlayman. Boz ustiga Odil Ahmedov O‘FAda rahbar sifatida ish boshladi. U Rossiyada ko‘p o‘ynagan. Sharoitlarni va nima qilish kerakligini biladi. Terma jamoa endi bundan keyin ham zo‘r bo‘ladi. Ularga faqat omad tilayman.

vagiz1_1

“Faoliyatimni qaerda tugatishimni bilmayman”

- Faoliyatimni hali qaerda tugatishimni bilmayman. Men hozircha “Nefteximik”daman. Boya aytganimdek, may oyigacha o‘ynaymiz. Yana bir mavsumlik shartnomam bor. Undan keyin ko‘ramiz. Ammo futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun faoliyatimni qaerda yakunlashimni hali bilmayman.

vagiz2

“Saviya ko‘tarilyapti”

- O‘zbekistonda futbol saviyasi ko‘tarilyapti. Chempionat o‘yinlarini ko‘rib turibman. Oleg Zoteev “Qizilqum”da o‘ynayapti. U bilan gaplashib turaman. Sanjar Tursunov bilan ham doimiy ravishda aloqadaman. Hozir hamma erda futbol o‘yinlarini ko‘rsa bo‘ladi. Shu bois ularni ishtirokidagi uchrashuvlarni ham tomosha qilaman. Saviya ko‘tarilyapti. Qolaversa, yig‘inlar paytida o‘zbek klublariga qarshi ham o‘ynadik. Yaxshi futbolchilar, yaxshi legionerlar kelsa, shunda saviya yanada ko‘tarilaveradi. Yoshlar esa ularga qarab tajribasini oshirishadi.

vagiz5

“Rossiyadan taklif bo‘lsa, qo‘rqmasdan ketish kerak”

- Ha, “Nefteximik”dagi murabbiylar mendan o‘zbek o‘yinchilari haqida qiziqishadi va so‘rab turishadi. Darhaqiqat o‘zbek o‘yinchilariga qiziqish ko‘p. Nafaqat “Nefteximik” murabbiylari, balki agentlar ham telefon qilib mendan palonchi o‘zbek futbolchisini taniysanmi, deb so‘raydilar. Shu sababli bizning o‘yinchilarimizga e’tibor katta. O‘zbek futbolchilariga Rossiyadan takliflar bo‘lsa, albatta borish kerak va o‘ynash kerak. Mana, hozirgi kunda Ibrohimhalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod”da to‘p suryapti. Yosh iqtidorli, zo‘r o‘ynayapti. Uning saviyasi borgan sari kuchayib bormoqda. Ishonamanki, mahoratini oshirib borsa, yanada yaxshiroq klublarga qo‘shiladi. Eldor Shomurodov va Odil Ahmedov ham o‘zlarini ko‘rsatishganini bilasiz. Rossiyadan taklif bo‘lsa, qo‘rqmasdan ketish kerak. O‘z saviyasini ko‘tarsa, terma jamoaning saviyasi ham ortib boraveradi. Lekin mendan o‘zbek futbolchilari haqida ko‘p so‘rashadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!