
Termamizga evropalik murabbiy kerakligi, "Paxtakor"ning OChLdagi imkoniyatini yuqori baholayotgan va "Andijon"ning o‘yinlariga befarq bo‘lmagan xorijlik mutaxassis bilan suhbat
Yaqinda Bangladesh chempionatida o‘ynab qaytgan hamyurtlarimizdan biri Otabek Valijonov bilan u erdagi faoliyati haqida gaplashib qoldik. Ilgari “Andijon”da o‘ynagani sababli sobiq klubining bugungi holatini ko‘rib achinayotganini, lekin yaxshi saviyadagi mutaxassis borligini va u jamoani Superligada olib qolishga kafolat berayotgani haqida aytib qoldi.
Valijonov yuqori baho bergan murabbiy asli eronlik, o‘zi Germaniya fuqarosi hisoblanadigan Rizo Parkash ekan. Shundan so‘ng ushbu murabbiyga qiziqishimiz ortdi. Chunki u ingliz va rus tillarida ham yaxshi so‘zlasha olishini bildik. Qizig‘i, Rizo Parkash O‘zbekiston chempionati, umuman futbolimizni kuzatib borishi va bu borada etarlicha tasavvurga egaligi oydinlashdi. Har holda xorijlik mutaxassisning futbolimiz haqida bildiradigan munosabatlari ham biz uchun qiziq edi.
Internet orqali Rizo Parkash haqidagi ma’lumotlarni qidirganimizda u bir qator yaxshi saviyadagi klublarda ishlagani ma’lum bo‘ldi. Faoliyati davomida Eron, Ummon, BAA va Germaniyada ishlagan. Shuningdek, BAA U-17 terma jamoasida ham mehnat qilganini aytish lozim. Xullas, ko‘pni ko‘rgan mutaxassis bilan bog‘lanib, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
- Bangladeshda o‘ynagan futbolchilarimiz siz haqingizda iliq fikrlarni bildirishmoqda. Qiziq, sizdek mutaxassis qaysi shamollar uchirib bu chempionatda paydo bo‘lib qoldingiz?
- Salom, ular mendagi murabbiylik sifatini ko‘rdilar. Hamma mening qanday layoqatga egaligimni ko‘rdi. “Brazers Yunion” rahbariyati shu boisdan ham menga taklif bilan chiqqandi. Men professional murabbiyman. Mutaxassisligim tufayli turli joylarda ishlashimga to‘g‘ri keladi. Shu vaqt mobaynida etarlicha tajriba to‘play oldim, deb hisoblayman. Ular meni yaxshi qabul qilishdi. Aytishim kerakki, qaerda ishlamayin, klub, uning muxlislari va rahbarlari ishonchini qozonish payida bo‘laman. O‘z ishimni yoqtiraman. Shu sabab qo‘l ostimdagi o‘yinchilar bilan xuddi aka ukasiga munosabat qilgandek bo‘laman. Mendagi ish sifatini ko‘rganlar ishonishdi va Bangladesh terma jamoasida ham faoliyat yuritish taklifini bildirishdi. Bu juda yuqori chorlov. Mavsum nihoyasiga etganidan keyin Bangladesh milliy terma jamoasini qabul qilaman. O‘zim to‘g‘rimda gapiradigan bo‘lsam, Germaniya fuqarosiman, yoshim 52 da. Oilam bor, ikki nafar qizimni voyaga etkazyapman. Men murabbiy sifatida ishlash uchun barcha litsenziyalar – “V”, “S”, “A”, “PRO” hammasini olganman. Bundan tashqari, Germaniyada muhandis bo‘lib ishlash imkonini beruvchi oliy ta’limni olganman. Elektronika sohasida ham bemalol ishlashga layoqatim etadi. Boya aytganimdek, turli joylarda ishladim. Jumladan, Saudiya Arabistoni, BAAda faoliyat yuritdim. Bir qator klublarni boshqardim. Ummonda ham ishlab o‘zimni ko‘rsatdim. Bu mening xorijdagi uchinchi ish joyim hisoblanardi. Boshqaruvimdagi jamoa 2-divizionda g‘olib chiqib, oliy – premer-ligaga chiqqan. Germaniyaning o‘zida ham uchta turli klubda ishladim. To‘g‘ri, elitada faoliyat yuritish nasib etgani yo‘q. Qolaversa, Eronda ham faoliyat ko‘rsatdim. Umuman aytganda, turli mamlakatlarda ishlash borasida menda yaxshi tajriba to‘plangan. Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, hozirgacha turli klublardan takliflar olib turaman. Amirliklarda ishlab yurgan kezlarimda akademiyada ikkita turli klubda faoliyat yuritishga ham taklif qilishgan. Ular bilan besh yillik bitim imzolagandim. O‘z ishimni haddan tashqari yoqtiraman. Mendagi ishtiyoq yoshim o‘tib borganiga qaramay, hamon jo‘shqin. Qaerda ishlamay, chin dildan vazifamni bajarishga harakat qilaman. Bundan boshqacha ishlashga ko‘nikmaganman. Aytishim kerakki, ish asnosida men uchun intizom birinchi o‘rinda turadi. O‘z o‘rnida, bunday talabchanlik klublar rahbarlariga ham yoqadi. Shu boisdan ham o‘zim ishlagan har bir jamoada ikki-uch oydan keyinoq ketib qolmaganman. Aksincha, rahbarlar boshlagan ishimni oxiriga etkazib qo‘yishimga imkon havola qilishgan.
- O‘zbekiston chempionatini tez-tez kuzatib borasizmi? Agar shunday qilayotgan bo‘lsangiz, birinchiligimizning plyus va minus tomonlarini aytib bera olasizmi?
- Albatta, murabbiy sifatida turli ligalarda nimalar yuz berayotganini kuzatib boraman. Arab davlatlarida ancha vaqt ishlaganim bois ko‘proq shu diyorlardagi birinchiliklarni kuzatishga harakat qilaman. Osiyo – juda serjilo qit’a. Saudiya Arabistoni, Tojikiston, O‘zbekiston, Eron, BAA, Qatar, Indoneziya, Malayziya ligalarini kuzataman. Darhaqiqat, o‘zbek ligasini bundan uch kun oldin ham kuzatdim. “Andijon” – “Lokomotiv” o‘yinini tomosha qildim. “Paxtakor” ishtirokidagi o‘yinlarga befarq emasman. Men kuzatgan ligalar orasida o‘zbek birinchiligini eng kuchlilaridan biri, deb hisoblasam, buni mubolag‘aga yo‘ymang. Superligangizda texnik-taktik uslubdan tashqari jismoniy kuchga tayangan holda ham o‘yin olib borishadi. Shuning hisobiga uchrashuvlar sifati ancha yuqori. BAAda ishlab yurganimda o‘zbek futbolchisi – Aziz Haydarovni kuzatganman. U “Al-Shabab” klubida juda yaxshi to‘p surgan. Bejizga Haydarovni jamoa sardori etib tayinlamagandilar. Saudiya Arabistonida va Eronning “Istiqlol” klubida o‘ynagan Server Jeparovni ham yaxshi bilardim. U juda yaxshi pleymeyker edi. Qolaversa, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lganidan xabarim bor. Menda yaxshi taassurot qoldirgan. Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin yurtingizda bir-ikkita kuchli klublar bor edi. Shuning barobarida futbolingizni o‘ziga xos uslubini yaratish vazifasi ham turgan. 1994 yilgi Osiyo o‘yinlaridagi g‘alaba mana shu uslubning samarasi bo‘lgan deya olaman. Ustiga-ustak, o‘sha kezlarda termangizni kuchli murabbiylar boshqarishgan. Ammo keyinchalik futbolingizda biroz pastga sho‘ng‘ish kuzatilsa-da, milliy termangiz jahon chempionati yo‘llanmalari uchun doim oxirigacha kurashyapti. Termangizda 2014 va 2018 yillardagi mundialga borish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga kelgandi. Osiyo ligalarini kuzatar ekanman, yurtingiz futboli bayroqdori hisoblanadigan “Paxtakor”da Osiyoda ham g‘olib chiqish imkoni yuqoriligiga ishonaman. Umuman, o‘zbek o‘yinchilari shu paytgacha xorij chempionatlarida ham o‘zlaridan yomon taassurot qoldirmasdan kelmoqda. Yuqorida aytganimdek, ular Saudiya Arabistoni va boshqa ligalarda yaxshi to‘p surishdi. Televizor yoki radio orqali O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni kuzatar, eshitar ekanman, yurtingizda futbolni juda sevishlariga ham beixtiyor amin bo‘laman. O‘ylaymanki, bir kun terma jamoangiz orzusiga erishib, jahon chempionatiga chiqadi. Buning uchun astoydil ter to‘kish kerak. Murabbiy sifatida O‘zbekiston chempionatini qit’ada etakchilar qatorida e’tirof etishim mumkin.
- Terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqishi uchun qanday yo‘l tutishi kerak?
- O‘zbekiston terma jamoasi darhaqiqat qit’adagi kuchlilardan biridir. Men uning “JCh-2022” saralash bosqichi “D” guruhidagi o‘yinlarini kuzatyapman. To‘g‘risini aytsam, termangizning qanday qilib Falastinga yutqazib qo‘yganidan hayron qolganman. Bu sensatsion natijalar sirasiga kiradi. Saudiya Arabistoni bilan O‘zbekistonni guruh favoriti sifatida aytishim mumkin. Ehtimol, termangiz Saudiyaga qarshi javob o‘yinida g‘alaba qozonib, dastlabkisidagi mag‘lubiyat alamini olar. Buning uchun faqat yaxshi o‘ynash, ruhiyatni tushirmaslik kerak. Bilasizmi, O‘zbekiston terma jamoasining Saudiyaga qarshi Toshkentdagi o‘yinini kuzatganman. Eng achinarlisi, so‘nggi pallada omad sizlardan yuz o‘girib darvozangizdan uchinchi golni o‘tkazib yuborgandinglar. Umuman aytganda, o‘yinchilaringizdagi daraja, sifat chakki emas. Termangizga Evropa futboli nafasini biladigan murabbiy qandaydir vazifa uchun taklif qilinsa ham yomon bo‘lmasdi. Chunki xorijlik mutaxassislarning bunday pallada albatta yordami tegmasdan qolmaydi. Terma jamoa miqyosida gapiradigan bo‘lsak, futbolchilari asosan xorij ligalarida to‘p suradiganlari doim etakchi o‘rinlarda bo‘lishadi. Bilaman, O‘zbekiston termasida legioner maqomidagi o‘yinchilar topiladi. Lekin ularning umumiy soni unchalik ko‘p emas. Legioner maqomidagi futbolchilarning bunday paytda albatta foydasi tegmasdan qolmaydi.
- Bizning Superligadan taklif oladigan bo‘lsangiz, ishlashga tayyormisiz?
- O‘zini hurmat qiladigan har qanday murabbiy kuchli chempionatlarda ishlashni istaydi. Albatta, o‘zbek Superligasini ham shu maqomga mos birinchilik, deb o‘ylayman. Agar yurtingizdagi etakchi klublardan takliflar kelib tushsa, buni ko‘rib chiqishim tayin. O‘zbek madaniyati tojik va fors madaniyatiga o‘xshab ketadi. Osiyoliklarni yaxshi bilganim bois shunday deyapman. Bekorga rus tilini o‘zlashtirmaganman. Agar O‘zbekiston Superligasidan taklif kelib tushsa rus tilini bilishim menga qo‘l kelishi aniq. O‘z tajribam va bilimim bilan o‘zbek futbol klublaridan biriga foydam tega olishiga ishonchim komil. Maqtanish emasu, qaerda ishlamay, albatta boshqaruvimdagi klubda ijobiy tomonga o‘zgarishlarni amalga oshirib kelaman. Chunki men o‘zimning bilim va tajribamga ishonaman.
- Ayni paytda Qatarda o‘tkazilayotgan Osiyo Chempionlar ligasini ham kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak. “Paxtakor”ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Paxtakor” joy olgan guruh haqida gapiradigan bo‘lsam, shuni aytishim kerakki, klubingizda pley-offga chiqish uchun yaxshi imkoniyat bor. “Paxtakor” uchun asosiy raqib “Al-Hilol” hisoblanadi. Shu guruh o‘yinlari videoyozuvlarini ko‘rib chiqib amin bo‘ldimki, “Paxtakor” “Shabab Al-Ahli” va Eronning “Shahr Xodro” klublaridan kuchliroq. Eshitishimcha, Aziz G‘aniev yaqinda “Shabab Al-Ahli” klubiga ko‘chib o‘tgan. Bu esa o‘zbek o‘yinchilarining saviyasi boshqalarnikidan qolishmasligining yana bir isbotidir. “Paxtakor”ning Superligadagi o‘yinlarini ham kuzatib shunga amin bo‘ldimki, klub boshqalardan ancha kuchayib ketgan. Menda Igor Sergeev yaxshi taassurot qoldirdi. Unda faoliyatini xorijdagi chempionatlardan birida davom ettirish uchun yaxshi imkoniyat bor, deb o‘ylayman.
- Siz Eron va Germaniya fuqarosisiz. Biroq ingliz va rus tillarini ham yaxshi bilasiz. Bu tillarni o‘rganishga sizni nima ruhlantirgan?
- Rus tilini Ukrainada o‘qib yurgan kezlarimda o‘rganganman. Bundan tashqari, arab davlatlarida ko‘p vaqt ishlaganim bois arab tilidan ham etarlicha xabarim bor. Qolaversa, fors tilidan ham xabardorman. Umuman aytganda, jami beshta tilni bilaman. Menda shunday odat bor, xorijda ishlash taklifini olar ekanman, darhol o‘zim boradigan mamlakat tilini o‘rganish harakatiga tushib qolaman. Jumladan, boshqaruvimdagi jamoada to‘p suradigan mahalliy futbolchilar bilan ko‘proq muloqot qilib shu tilni o‘rganishni istayman. Iloji boricha tarjimon xizmatidan kamroq foydalanish mening tamoyillarimdan biri sanaladi. Chunki tarjimon sizdagi fikrni to‘liq etkazib bera olmasligi mumkin. Negaki, bunday paytda o‘yinchilar va murabbiy o‘rtasida til bilan bog‘liq ko‘prik qolmaydi. Mahalliy o‘yinchilarning ona tilida gaplashish orqali ulardagi kayfiyat, kechinmalarni bemalol tushunish mumkin. Agar nasib qilib, o‘zbek chempionatida ishlaydigan bo‘lsam, milliy tilingizni ham o‘rganishga kirishaman. Buning uchun menga ikki-uch oy kifoya qiladi. Shu vaqt ichida xorij tilini ancha o‘rganib olaman. O‘z navbatida xorijlik mutaxassisning mahalliy futbolchi bilan shu tilda gaplashishi unga darhol yoqib qolishi aniq. Bunday pallada futbolchining murabbiyga bo‘lgan hurmati yanada ortadi. Murabbiy bilan mahalliy o‘yinchilar orasidagi do‘stlik rishtasi shu yo‘l orqali yanada mustahkamlanadi. Albatta, o‘zimni g‘ayritabiiy zakovat sohibi deya olmayman. Ammo menga xorij tillarini o‘rganish yoqadi. Keyinchalik rejalarimda o‘zbek va ispan tillarini ham o‘rganish bor. Ehtimol, fursati etib hind tilini ham o‘zlashtirishga kirisharman. Turli tillarni o‘rganish mening sevimli mashg‘ulotlarimdan biri hisoblanadi.
- Eshitishimcha, chempionatimizda g‘alabasiz borayotgan “Andijon”ni boshqaradigan bo‘lsangiz, uni Superligada olib qolishga kafolat beribsiz. Bu ishni qanday amalga oshirmoqchisiz?
- Men o‘zimning murabbiylik salohiyatimga ishonaman. Aks holda bunday gapni aytmagan bo‘lardim. O‘yinchilarning ko‘ngliga iloji boricha tezroq yo‘l topishga harakat qilaman. Agar “Andijon”da ishlaydigan bo‘lsam, qisqa vaqt oralig‘ida ko‘p narsani o‘zgartira olishimga aqlim etadi. Avvalo, o‘yinchilardagi xadiksirashni bartaraf etish kerak. Men buni klubning “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazgan o‘yinida sezdim. Taktik jihatdan “Andijon” yomon tayyorgarlik ko‘rmagan. Lekin jamoa ayni paytda musobaqa jadvalida eng oxirgi o‘rinni egallab turgani bois o‘yinchilarda sarosima va xadiksirash juda kuchayib ketgan. Lekin vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirsa bo‘ladi. Buning uchun klub bir-ikkita o‘yinni yutadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zdian 8 yoki 9-o‘ringa ko‘tarilib oladi. Chunki autsayderlardan biri bo‘lib turgan “Buxoro” bilan ham o‘rtadagi ochkolar farqi unchalik katta emas. Bir so‘z bilan aytganda, ilojsiz ishning o‘zi yo‘q. To‘g‘ri, futbolda oldindan biror narsani to‘liq kafolatlab bo‘lmaydi. Chunki futbol tasodiflarga boy bo‘lgan o‘yindir. Unda istalgan daqiqa yoki soniyada ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin. Ehtimol, yuqoridagi gaplarimdan meni maqtanchoq odamdek tasavvur qila boshlagan bo‘lsangiz ajab emas. Ammo o‘z saviyamni, tajribamni yaxshi bilaman. Ixtiyorimdagi klub mana shunday vaziyatda qolgan pallalarda futbolchilar bilan til topisha olishimga bir necha bor amin bo‘lganman. Agar “Andijon” yaqin bir qancha o‘yinlarni yaxshi natijalar bilan tamomlay olsa, hammasi tubdan o‘zgarib ketishi tayin. Klubda chempionatni musobaqa jadvalining o‘rta pog‘onalarida yakunlash imkoni tug‘iladi. “Andijon”da yaxshi yarim himoyachilar borligini ko‘rdim. Faqat o‘yinchilar bahs davomida tezroq o‘ylashni o‘rgansalar bo‘lgani. Ayni paytda klub juda tig‘iz taqvim tufayli murakkab vaziyatga tushib qolgan. Yaqin uch-to‘rtta o‘yinda yaxshi natijalar qayd etilmas ekan, hammasi tamom bo‘lishi aniq. O‘yinchilarini ishontirish kerak. Faqat futbolchilarning miyasini tozalab, ularga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni qaytarish mumkin bo‘ladi. Boz ustiga “Buxoro” bilan o‘rtadagi farq atiga ikki ochkoni tashkil etyapti ekan, yaqin o‘yinni klub g‘alaba bilan tamomlasa yaxshi tomonga o‘zgarish kuzatilishga tushadi. Futbolda ko‘p narsa ruhiyat va moddiy masalaga bog‘liqligini unutmaslik kerak.
Fikrlar