
Tibo Kurtua: "Ikkinchi taymda futbol o‘ynashni unutdik"
Chempionlar ligasi 1/4 finali birinchi uchrashuvida "Real" mehmonda "Arsenal"dan 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yindan keyin madridliklar darvozaboni Tibo Kurtua bo‘lib o‘tgan bellashuv haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Arsenal" o‘z uyida kuchli, ular chiziqlar orasida yaxshi o‘ynaydi va ko‘p xatarli vaziyatlar yaratadi. Birinchi taymda bosimga dosh berdik va ba’zi qarshi hujumlarda xavfli vaziyatlar yaratdik. Lekin ikkinchi taymda futbol o‘ynashni unutdik, raqibni bo‘sh qo‘ydik va to‘p bilan xotirjam bo‘lolmadik. Ular jarima zarbalaridan ikkita a’lo darajadagi gol urdi, uchinchi goldan keyin esa to‘g‘ri reaktsiya ko‘rsatmadik.
0:3 hisobida yutqazish og‘riqli, lekin biz o‘z uyimizda kuchlimiz, muxlislar jamoaga ishonishi kerak. Biz vaziyatni to‘g‘rilash uchun bor kuchimizni beramiz. Bu imkonsiz emas, lekin qattiq mehnat qilishimiz va xatolarni tuzatishimiz kerak.
Raqib o‘yinni yaxshi tashkil qildi. Birinchi taymda ularning bosimiga qarshi turdik, to‘pni nazorat qildik, lekin ikkinchi taymda amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalarimiz ish bermadi.
"Arsenal" o‘z maydonida "Manchester Siti"ni mag‘lub etgan, "Liverpul"ga gol urgan jamoa. Ular hujumda juda yaxshi. Birinchi goldan keyin devorni yaxshi qo‘ydim deb o‘yladim. Har doim qo‘shimcha o‘yinchini devorga qo‘shaman, lekin ular ajoyib zarbalar bilan gol urdi. Buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman.
Men Deklan Raysning jarima zarbalarini yaxshi urishini bilardim, lekin bu darajada aylantirib ura olishini kutmaganman. Ikkinchi gol haqida aytsam, uning bundan yaxshiroq urishi qiyin. Bu keraksiz follar edi, ular xavfli vaziyatlarda emasdi. Bunday raqibga qarshi, standartlarni yaxshi bajaradigan jamoaga qarshi bunday follar qilish yaramaydi. Javob o‘yini uchun tayyorgarlik ko‘rar ekanman, bularni tahlil qilaman" - deya fikr bildirdi belgiyalik posbon.
Fikrlar