Tojikistonda futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan o‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev dolzarb mavzular bo‘yicha sports.uz uchun maxsus intervyu berdi

  • 20 sentabr, 2020, 22:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilayotgan hamyurtimiz Usmon Toshev yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib uyiga qaytdi. Biz esa u bilan bir qator qiziqarli masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.

Tecno

-  Rosa olti oy deganda uyga keldim, - deb gap boshladi Toshev. - Buxoroda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, yangi binolar qurilgan. Yana bir, bir yarim yildan keyin Buxoro yanada o‘zgarib ketadi. Faqat xafa qiladigan shuki, ko‘plab do‘stlarimiz olamdan o‘tdi. Yaqinda viloyat hokimi Karim Kamolov vafot etdi. U ajoyib inson edi. Afsuski, ko‘pchiligi koronavirus qurboni bo‘ldi.

-  Oxirgi marta Toshkentda O‘zbekistonga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin BAA bilan ham o‘yin bo‘lib o‘tishi kerak edi, lekin...

-  Biz amirliklarga ucha olmadik. Rejamiz bo‘yicha Toshkentda o‘ynaganimizdan so‘ng, BAAga yo‘l olishimiz kerak edi. Chunki aviareyslar ochilmagandi. U erga borish uchun viza ochish kerak, qolaversa, karantin normalari ham bor. Toshkentga kelganimizdagina BAAga reyslar ochildi. Biz esa ulgurmadik. Endi BAAga qarshi o‘yinimizni noyabr oyiga ko‘chirdik. Eron bilan uchrashuvimiz ham o‘sha oyda o‘tkaziladi. Aslida oktyabr oyiga o‘yinlar o‘tkazishimiz mumkin edi. Ammo ushbu oyda Tojikistonda prezident saylovi bo‘ladi. Hozir shunga katta tayyorgarlik ko‘rilyapti. Shu bois o‘yinlarimizni noyabrga ko‘chirdik.

-  Pandemiya sharoiti tufayli ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Terma jamoalar miqyosidagi xalqaro o‘yinlar ham yana ortga surildi va endi kelasi yilga qoldirildi. Bu holat murabbiylik ishingizga jiddiy xalaqit qilayotgandir-a?

-  Albatta, xalaqit beradi. O‘zbekiston bilan o‘ynaganimizda e’tibor bergan bo‘lsangiz, bizda tezlik yo‘q edi. Lekin bizning asosiy kuchimiz tezlikda edi. Pandemiya sababli chempionatlar to‘xtatildi. Mashg‘ulotlar ham o‘zgardi. Shularning barchasi ta’sir qildi. Biz esa murabbiy sifatida tajribamizdan kelib chiqib hozirgi vaziyatdan chiqish yo‘llarini o‘ylashimiz kerak. Bizga pandemiya xalaqit qildi, deb o‘tiraversak ham bo‘lmaydi. Hozirgi holatda ham barcha sharoitlarni yaratib berishyapti. Buxoroda bo‘lsam ham rahbarlar bilan telefon orqali gaplashib turibmiz. O‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etish bo‘yicha yaxshi ishlar olib borilayotganini aytishim joiz. Rasmiy uchrashuvlarda yomon o‘ynamadik. Shuning uchun bizga endi kuchli raqiblar taklif bilan chiqishyapti. Bangladesh, Indoneziya, Afg‘oniston kabi termalarni kuchsiz, deya olmayman. Chunki ularda ham rivojlanish bor. Ko‘pchilik u erlarda hech nima yo‘q deyishadi, ammo bu quruq gap. Hozir hamma futbol o‘ynashni biladi. Biz ilgari o‘shalar bilan ko‘proq o‘ynagan bo‘lsak, endi Saudiya Arabistoni, Eron, Janubiy Koreya va boshqalar taklif bildiryapti. Natijada menda qaysi biri bilan o‘ynash bo‘yicha tanlash imkoniyati paydo bo‘lyapti. Tojikiston bilan o‘ynab, 15 ta gol uramiz, degan tushunchalar yo‘q. Kuchli raqiblarning biz bilan o‘ynash bo‘yicha taklif bildirishayotgani jamoamiz o‘sayotganidan darak beradi. 1 oktyabrdan chegaralar ochiladi. Nasib bo‘lsa, safarlarga Toshkent orqali ketishimiz ham mumkin.

toshev4_2

-  Tojikiston futbol federatsiyasi bilan tuzgan shartnomangiz shu yilning oxirida tugaydi. Lekin boshlagan ishingiz hali yakuniga etmadi. Chunki JCh saralashidagi qolgan o‘yinlar keyingi yilga qolib ketdi. Shartnomangiz o‘z-o‘zidan keyingi yilga uzaytiriladimi yoki muzokara stoliga o‘tirasizlarmi?

-  Ha, shartnoma masalasida gaplashamiz. Lekin shartnoma borasida muammo yo‘q. Men gaplashgan rahbar, hukumatda ham ishlaydi. Biz bir-birimizga ishonib qo‘l tashlashganmiz. Shartnoma esa shunchaki rasmiyatchilik. Ular Tojikistonda futbol rivojlanishini istashyapti. Faqat nomigagina emas, amaliy jihatdan ham katta ishlar qilinyapti. Ishim ularga yoqayotgan bo‘lsa, ishlayveraman, hech qanaqa muammo yo‘q.

-  Sizga jiddiy takliflar bo‘layotgani haqida ham eshitdim...

-  Futbolda yaxshi o‘ynab turib ham yutqazish mumkin. Lekin mutaxassis murabbiyning imzosi bilinayotganini aytishi mumkin. Muxlis uchun esa yutsangiz yaxshi, yutqazsangiz yomon. Takliflar bor, ammo men Tojikiston terma jamoasida ishlayapman. Menga rahbarlar ishonishyapti. Bilasiz-ku, hozir bir kishiga ishonish ham qiyin. Hayotda do‘st topish ham oson emas. Menga esa ishonayotgan insonlarni uyaltirib qo‘yishni xohlamayman.

-  Tojikiston etakchisi – “Istiqlol”ga ustozlik qilishi mumkin bo‘lgan murabbiylar orasida nomzodingiz ham bo‘lgan ekan. Shu rostmidi?

-  Bor edi. Lekin ikkita joyda ishlash qiyin. Menga aytishgandi, kim terma jamoada ishlasa parallel ravishda “Istiqlol”ni ham boshqargan. Nega deganda, terma jamoaning 90 foiz futbolchilari “Isqtilol”dan. Menda ham shunday vaziyat bor edi. Lekin o‘ylab ko‘rdim va menga to‘g‘ri kelmadi. Chunki klub bilan terma jamoada ishlash boshqa. Terma jamoa ustozi sifatida boshqa o‘yinlarni ko‘rishim, nomzodlarni kuzatishim kerak. Klubni boshqarsam, bunday vaqtim bo‘lmasdi. Bundan tashqari, men Tojikistonda “Varzish” telekanalida ekspert bo‘lib ham ishlayapman. Agar klubda ishlasam, bu ishimdan ham voz kechishimga to‘g‘ri kelardi.

toshev2_4

-  Sir bo‘lmasa, “Varzish” telekanali sizga qancha ish haqi to‘layapti?

-  Ular bilan professional shartnoma tuzganmiz. Moliyaviy tomoni juda yaxshi, meni qoniqtiradi. Lekin ikir-chikirlarini ayta olmayman. Oldin Tojikiston futboli qoloq, orqada qolyapti, deyishardi, ammo bularning barchasi eski gaplar. Tojikistonda shunaqa sharoitlar borki, hali ko‘p joylarda yo‘q. 7 gektar er olganmiz. U erga terma jamoalar uchun markaz qurilyapti. U erda hamma narsa bo‘ladi.

-  Qolaversa, yangi stadion ham qurilyapti...

-  Ha, Tojikistonning mustaqilliq bayramiga foydalanishga topshiriladi. 30 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Rahbarlar bilan bamaslahat ish olib boryapmiz.

-  Tojikistonning birinchi raqamli klubi – “Istiqlol” haqida bejizga to‘xtalmadik. Hech bir klub unga qarshilik qila olmay qolgan, raqobatdan holi. Bunday holatda futbolchilarni terma jamoaga tanlashda ham qiynalmaysizmi?

-  Gapingizda jon bor, men ham qo‘shilaman. Bitta gegemon klub bo‘lmasligi kerak. Ammo bitta o‘rnak oladigan jamoa ham bo‘lishi lozim. Bir paytlar bizda “Bunyodkor” edi. Skolari, Rivaldo kabilar kelgan paytda yaqqol favorit edi. Hozirgi paytda esa “Paxtakor” boshqalardan bir bosh ustun. Ammo bizda “Paxtakor”ga qarab AGMK, “Metallurg”, “Bunyodkor”, “Nasaf” kabi jamoalar intilyapti. Terma jamoa bosh murabbiyi sifatida menga ham Tojikistonda 3-4 ta kuchli klublar ko‘p bo‘lsa, juda qiziq bo‘ladi. Natijada termaga raqobatda yutib chiqadigan tayyor futbolchilar keladi. Hozir esa “Istiqlol” yarim soatda uchta gol uradi. Keyin piyoda yurib 4-5 – gollarini uradi. Bu esa tayyorgarlikka ta’sir qiladi.

-  Yaqinda Tojikiston terma jamoasi a’zosi Ehson Panchshanbe “Navbahor”ga o‘tdi. Bunda sizning ham qo‘lingiz bormi?

-  Albatta, bor. U saviyali futbolchi va yaxshi inson. Amirbek Jo‘raboevni ham “Navbahor”da qolishini xohlardim. Darvoqe, “Navbahor” – “Andijon” o‘yinini televizorda ko‘rsatyaptimi?

-  Ha, ko‘rsatyapti...

-  Ie, nega aytmaysiz, Ehsonning o‘yinini ko‘raman. Kanchelskisga ham ajoyib o‘yinchini olayotgani haqida aytgandim. U “Navbahor”dan ko‘p narsa o‘rganadi va klubga ham bera oladi.

toshev3_3

-  Shuningdek, kuni kecha Evropa ligasi doirasida Plovdivning “Lokomotiv” klubi “Tottenxem”ga qarshi o‘ynadi va u erda Tojikiston terma jamoasi a’zosi Parviz Umarboev ham to‘p surdi...

-  Ha. Uni O‘zbekiston bilan o‘yinga olib kelmoqchi edim. Ammo o‘yindan avval uylangandi. Bungacha to‘rt oy Bolgariyada qolib ketgandi. O‘yindan oldin Umarboev bilan gaplashgandim va “Tottenxem” bilan uchrashuvda o‘zini ko‘rsatishini aytgandim. Ko‘rdim, u yaxshi baho oldi. Hamma ham “Tottenxem”dek jamoa bilan o‘ynayvermaydi. U termamizning etakchilaridan biri va jamoamizning miyasi.

-  O‘zbekistonda Odil Ahmedov haqiqiy etakchi, o‘z gapini o‘tkaza oladi. Tojikistonda esa shunga o‘xshash birinchi raqamli futbolchi kim?

-  Kimnidir birinchi yoki ikkinchi raqamli, deb ayta olmayman. Bizning sardorimiz Axtam Nazarov. Rostdan u sardorlarga xos. Keyin Alisher Jalilov bor. Ko‘p gapirmaydi, ammo yaxshi o‘ynaydi. Ehson Panchshanbening ham hurmati katta. Yana Parviz Umarboev, Farhod Vosiev kabilarni aytishim mumkin.

-  Tojikiston milliy terma jamoasida o‘zingizga maslahatchi sifatida o‘zingiz yaxshi bilgan o‘zbekistonlik murabbiyni olib ketish niyatingiz ham bormidi?

-  Ha. Iskandar Galiulinni Tojikistonga olib ketmoqchi edim. Bilasiz, “Buxoro”da ham, “Andijon”da ham birga ishlaganmiz. Bir-birimizni so‘zsiz tushunamiz. Hayotda ham menga ko‘p maslahatlar berardi. Galiulin bilan terma jamoada birga ishlamoqchi edim, biroq ayrim sabablarga ko‘ra bu ish amalga oshmay qoldi.

-  Tojikiston milliy termasidan tashqari, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida ham o‘sish borligi sezilyapti. Rivojlanishning asosiy sababi nima bilan bog‘liq bo‘lyapti?

-  Futbolchilarda ishonch paydo bo‘lyapti. Terma jamoaga kerak bo‘lsa, birinchi liga va hatto o‘rinbosarlar jamoasidan ham olishim mumkin, yaxshi bo‘lsa. Natijada o‘yinchilarda men yaxshi o‘ynasam terma jamoada o‘ynashim mumkin, deya ularda ishonch kuchayib boryapti. O‘smirlar hamda yoshlar terma jamoalarini ham yaxshi saviyadagi mutaxassislar boshqarishyapti. Jasur Jaloliddinovga o‘xshagan isqtiboli porloq yoshlarimiz ko‘p.

-  O‘zimizning Superligani ham ko‘rib turibsizmi?

-  Yomon emas, yaxshi. Mana, hozir siz bilan gaplashib “Navbahor” – “Andijon” o‘yinini ko‘ryapman. Yaxshi tomonga o‘zgarishlar bor.

-  “Andijon”ni boshqargan murabbiy sifatida sobiq klubingizga befarq emassiz. Hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan bu jamoa haqida nima deya olasiz?

-  O‘zimizning futbolga aslo befarq emasman. Albatta, “Andijon”ni ham kuzataman. Tartib bo‘lmasa, jamoaga qiyin bo‘ladi. Eshitdim, Baxtiyor Hamidullaev “Andijon”ni boshqaryapti. U mening kurslarimda o‘qigan, yaxshi yigit. Unga omad tilayman. Futbolni aldab bo‘lmaydi. Maydonda o‘yinchilar o‘ynaydi, ularni va murabbiylarni hurmat qilish kerak. Agar ishonch bo‘lmasa, yiliga 3-4 ta murabbiy o‘zgaraveradi. Tartib bo‘lsagina, natija bo‘ladi. Oldinda o‘yinlar bor, oxirigacha kurashish kerak.

-  O‘zbekistonda siz uchun eng kuchli uch nafar murabbiyni ayta olasizmi?

-  Kuchsiz murabbiyni aytsam-chi (kuladi). Umuman olganda, hamma murabbiylar kuchli. Ularga baho bera olmayman, chunki o‘zim ham murabbiyman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!