
Tokio-2020. O‘zbek sportchilarining 5 avgust kungi ishtiroki qanday bo‘ldi?
Assalomu alaykum, muhtaram sport ixlosmandlari! Tokio shahri mezbonlik qilayotgan Olimpiya o‘yinlarining eng so‘nggi yangiliklarini e’tiboringizga havola etishda davom etamiz. Bugun, 5 avgust kuni 8 nafar yurtdoshimiz o‘z yurishini boshlaydi. Kun davomida ularning natijalarini onlayn yoritib boramiz! Yangiliklarni SPORTS.uz sayti orqali kuzatib boring!
17:20. Zamonaviy beshkurash. Ekaterina Voronina Tokio Olimpiadasidagi o‘z ishtirokini yakunladi. Musobaqa so‘ngida 800 metrga yugurish bahslarida ishtirok etgan vakilamiz marra chizig‘iga 2:09.73 daqiqada etib keldi va 969 ballni qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, hamyurtimiz umumiy hisobda 12-pog‘onani band etdi.
16:17. Javrail Shapiev bronza medalidan mahrum bo‘ldi. Rossiyalik Artur Naifonov vakilimizni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va shohsupaga ko‘tarilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
16:14. Ilk 3 daqiqalikdan keyin g‘alaba rossiyalik sportchi tomonda bo‘lib turibdi. Hisob 2:0. Biroq sportchimizda vaziyatni o‘nglash uchun yana 3 daqiqa mavjud.
16:11. Javrail Shapievning rossiyalik Artur Naifonovga qarshi bronza medali uchun bahsi boshlandi! Omad yor bo‘lsin, Javrail!
15:30. Zamonaviy beshkurash. Hamyurtimiz Aleksandr Savkin qilichbozlik bahslarida 35 ta jang o‘tkazdi. Mazkur bellashuvlarning 7tasida vakilimizning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 28ta jang raqib foydasiga hal bo‘ldi. Shu tariqa, Savkin 36 sportchi ichida so‘nggi pog‘onada ketmoqda. Endi Aleksandr o‘z yurishini ertaga davom ettiradi.
14:35. Erkin kurash. Abdurahmonovni chorak finalda mag‘lubiyatga uchratgan Zaur Sidakov final ostonasida qozog‘istonlik Daniyar Kaysanov ustidan 11:0 hisobida g‘alaba qozondi va hal qiluvchi bosqichga yo‘l oldi. Bu bilan hamyurtimiz bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ya’ni, vakilimiz ketma-ket ikki bellashuvda g‘alaba qozongan taqdirda, O‘zbekiston hisobiga navbatdagi medalni yozdirib qo‘yishi mumkin.
12:00. Zamonaviy beshkurash. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Alise Faxrutdinova dastlab, sportning qilichbozlik turi bo‘yicha o‘z yurishini boshladi. Vakilamiz 35 jangdan 16 tasida g‘alabaga erishdi va o‘z hisobida 196 ochko yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Hozircha, Faxrutdinova 22-o‘rinda bormoqda.
10:06. Hamyurtimiz uchinchi urinishidan keyin 49,15 metr natijani qayd etdi. Bu deganing uning birinchi 49,88 metr urinishi inobatga olinadi. Shuningdek, uning nayza uloqtirishdagi to‘plagan balli 858ni tashkil etdi.
09:58. Voronina ikkinchi urinishidan so‘ng nayzani 47,42 metr masofaga uloqtira oldi. Uning o‘rni esa hamon beshinchi.
09:49. Ilk urinishni muvaffaqiyatli amalda oshirgan vakilamiz 49,88 metr natijani qayd etdi va onlayn jadvalda 5-pog‘onada ketmoqda.
09:40. Ko‘pkurash. Ekaterina Voronina ko‘pkurashning nayza uloqtirish bahslarida o‘z yurishini boshladi.
09:13. Asosiy vaqt yakuniga ko‘ra Zaur Sidakov 13:6 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi. Agar u final yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, vakilimizda bronza medali uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ladi.
09:08. Birinchi raundni rossiyalik sportchi 6:2 hisobida o‘z foydasiga hal etdi. Bizda 3 daqiqa bor. Uyg‘onish kerak, Bekzod!
09:05. Abdurahmonovning chorak final bosqichidan o‘rin olgan jangi boshlandi! Omad yor bo‘lsin!
08:20. Ajoyib g‘alaba! Abdurahmonov nimchorak final bosqichidan o‘rin olgan bahsda Puerto-Riko vakilini 10:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi! Endi hamyurtimizga chorak finalda rossiyalik Zaur Sidakov raqiblik qiladi.
08:15. Birinchi raunddan keyin vakilimiz 6:0 hisobida oldinda bormoqda. Shunday davom etish lozim!
08:12. 74 kg vaznda gilamga chiqadigan vakilimiz Bekzod Abdurahmonovning Puerto-Riko sharafini himoya qilayotgan Franklin Gomesga qarshi 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan janggi boshlandi.
07:19. Endi Javrail Shapiev bevosita medal uchun bahsda rossiyalik Artur Naifonovga qarshi kurash olib boradi. Ma’lumot uchun, uning raqibi 3 karra Evropa chempioni hisoblanadi. Ko‘rinib turibdiki, vakilimizni juda jiddiy sinov kutib turibdi.
07:16. Abdullaev muddatidan avval okeanortidan tashrif buyurgan raqibiga 1:11 hisobida imkoniyatni boy berdi va turnir bilan xayrlashdi.
07:13. Yana bir erkin kurashchimiz G‘ulomjon Abdullaev AQSh sharafini himoya qilayotgan Patrik Gilmanga qarshi o‘tish bahsida gilamga chiqdi. Omad, G‘ulomjon!
07:12. Shapiev shveytsariyalik Stefan Rayxmutni 5:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medali uchun kurash olib boradigan bo‘ldi!
07:04. Engil atletika. Xushxabar! Safina Sadullaeva 1,95 metr balandlikni zabt etdi va final bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi!
07:03. Birinchi raunddan keyin vakilimiz 3:2 hisobida g‘alaba qozonmoqda. Bo‘shashma!
07:00. Erkin kurash. 86 kg vaznda bronza medali uchun o‘tish bahsida ishtirok etayotgan Javrail Shapiev shveytsariyalik Stefan Rayxmutga qarshi gilamga chiqdi. Omad, Javrail!
06:55. Bexato odimlayotgan Sadullaeva afsuski 1,95 metr balandikka kelganda plankadan oshib o‘ta olmadi. Lekin unda imkoniyat saqlanib qoladi.
06:45. Afsuski, 4 karra Olimpiada ishtirokchisi Svetlana Radzivil uchinchi urinishda ham 1,93 metr balandlikni zabt eta olmadi va turnir bilan xayrlashdi.
06:39. Radzivil 1,93 metr balandlikka bo‘lgan ikkinchi urinishini ham muvaffaqiyatsiz yakunladi. Lekin hamon imkoniyat bor.
06:33. Yashavor! Safina o‘zining to‘rtinchi urinishida 1,93 metr balandlikka o‘rnatilgan plankadan oshib o‘tdi! Barcha urinishlarini muvaffaqiyatli yakunlayotgan vakilamiz onlayn jadvalda 1-o‘rinda bormoqda.
06:28. Radzivil to‘rtinchi urinishda 1,93 metr balandlikni zabt eta olmadi. Biroq kurash davom etadi, unda hali imkoniyat bor...
06:13. Ajoyib! Radzivil uchinchi urinishda 1,90 metrli plankadan sakray oldi va kurashni davom ettiradi!
06:05. Ko‘pkurash. Voroninaning uchinchi urinishidan keyingi natijasi 5,94 metrni tashkil etdi va uning ikkinchi natijasi - 6,11 metr tanlab olinadigan bo‘ldi. Ayni daqiqalarga kelib, o‘z guruhida vakilamiz 3-pog‘onani band etib turibdi. Uning hisobida uzunlikka sakrash bahslaridan keyin 883 ball mavjud. Endi Voronina Toshkent vaqti bilan 09:40dan boshlab nayza uloqtirish bahslarida o‘z ishtirokini davom ettiradi.
06:02. Afsuski, Radzivil 1,86 metrga bo‘lgan ikkinchi urinishini ham muvaffaqiyatsiz yakunladi.
05:58. Sadullaeva o‘zining ikkinchi urinishida 1,90 natijasini qayd etdi va 3 sportchi bilan birgalikda o‘z guruhida qo‘shhokimlik qilmoqda.
05:52. Radzivil uchinchi urinishida 1,90 metr balandlikni zabt eta olmadi. Ammo hali kurash davom etadi...
05:40. Ko‘pkurash. Ekaterina Voronina uzunlikka sakrash bahslarining birinchi urinishidan keyin 5,98, ikkinchi urinishdan so‘ng esa 6,11 metr natija qayd etib, o‘z guruhida 2-pog‘onada bormoqda.
05:35. Safina Sadullaeva o‘zining ilk urinishidayoq 1,86 metr balandlikka sakrashga muvaffaq bo‘ldi. Ajoyib start!
05:29. Radzivil ikkinchi urinishdan keyin 1,86 metr balandlikdagi plankan zabt etdi va onlayn jadvalda peshqadamga aylanib oldi!
05:12. Engil atletika. A guruhida bahslarga kirishgan Svetlana Radzivil birin urinishdan keyin 1,82 metr balandlikka sakray oldi. Muvaffaqiyatli start!
Quyida ushbu sportchilar va ularning ishtirok etish vaqtlari bilan tanishib olishingiz mumkin:
- Safina Sadullaeva (engil atletika, ayollar, balandlikka sakrash “A” guruh) – 05:10
- Svetlana Razdivil (engil atletika, ayollar, balandlikka sakrash “B” guruh) – 05:10
- Ekaterina Voronina (ko‘pkurash, ayollar “A” guruh) – 05:40
- G‘ulomjon Abdullaev (erkin kurash, erkaklar -57 kg) – 07:00
- Javrail Shapiev (erkin kurash, erkaklar -86 kg) – 07:00
- Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash, erkaklar -74 kg) – 07:50
- Alise Faxrutdinova (zamonaviy beshkurash, ayollar, saralash) – 09:00
- Ekaterina Voronina (ko‘pkurash, ayollar “A” guruh) – 09:40
- Aleksandr Savkin (zamonaviy beshkurash, erkaklar, saralash) – 12:30
Fikrlar