
Tomas Tuxel o‘rnini kim egallashi mumkin?
"Bavariya" rahbariyati Tomas Tuxel o‘rniga yangi bosh murabbiy izlashni boshladi. Asosiy nomzod "Bayer" ustozi va klubning sobiq futbolchilaridan biri bo‘lgan Xabi Alonsodir. Ammo kurashda myunxenliklar yolg‘iz emas. "Liverpul" ham ispaniyalik mutaxassisni kuzatib bormoqda. Avvalroq, Yurgen Klopp mavsum so‘nggida "qizillar" safini tark etishini e’lon qilgandi. Endi "Bavariya" Tuxel bilan xayrlashdi. Alonso esa hali kelajagini hal qilib olgani yo‘q. Agarda nemislar Xabini qo‘lga kirita olmasa, klub boshqa murabbiylar bilan muzokaralarni boshlaydi.
Ole-Gunnar Sulsher
2021 yildan beri hech qaysi klubda ishlamayotgan Ole-Gunnar Sulsher ichkarida eng ko‘p tilga olinayotgan mutaxassislardan biridir. Uning "Manchester Yunayted"dagi ishlari klub tomonidan qadrlanadi. Ammo rahbariyat uni tanlamaslik ehtimoli yuqori. Sababi, Sulsherdan ham nomdorroq, ishonchliroq va tajribaliroq murabbiylar bor. Kamiga 50 yoshli norvegiyalik vaqtinchalik murabbiy sifatida olib kelinishi mumkin edi. Klub mavsum so‘nggiga qadar Tuxelni qolishini e’lon qilib bo‘ldi. Gunnarga shu paytgacha Angliyaning bir qator klublari va "Beshiktosh"dan taklif tushgandi, lekin faol muzokaralar olib borilmagan.
Xans-Ditter Flik
2019 yilda Niko Kovachning murabbiylar shtabida bo‘lgan Flik xorvatiyalik mutaxassis iste’foga chiqqanidan keyin "Bavariya"ning bosh murabbiyiga aylandi va klubni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketish bilan birga trebl qayd etdi. Keyingi mavsum so‘nggida Myunxenni tark etib, Germaniya terma jamoasida ish boshladi. Oradan ikki yil o‘tib u yana ishsiz qoldi. Rahbariyat Flikni qaytarishga qarshi emas, lekin uning o‘zi qaytishni istamayapti. Flikka ko‘proq "Barselona"ni boshqarish yoqmoqda, deya xabar beryapti Fabritsio Romano.
Antonio Konte
O‘tgan mavsumda "Tottenxem"dan ketgan Antonio Konte katta futbolga qaytishga tayyor. Unga "Napoli" jiddiy qiziqish bildirgandi, lekin murabbiy o‘sha vaqtda dam olishni xohlayotganini aytgan. Shundan keyin neapolliklar Valter Madzari bilan shartnoma imzolagandi. Italiyalik mutaxassis ham yaqindagina o‘z lavozimidan ozod qilindi. Konte endi "Bavariya"ni boshqarishni istaydi. Agarda unga Germaniya klubi taklif bilan chiqsa, Antonio ishni boshlashga tayyor.
Zinedin Zidan
Faoliyati davomida faqat "Real"ni boshqargan frantsiyalik murabbiy ham "Bavariya" radariga tushgan. Italiya nashrlari rahbariyat Zidan bilan bog‘landi, deya xabar berdi. "Sky Sports" esa bu ma’lumotni rad qilib, hali tomonlar muzokaralarni boshlamaganini ma’lum qildi.
Xabi Alonso
Tomas Tuxelga eng muqobil variant bu Xabi Alonso. Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, kurashda "Liverpul" ham bor. "Bavariya" sobiq yarim himoyachining agentlari bilan bog‘landi. Hozircha Alonso bor e’tiborini "Baeyr"ni chempion qilishga qaratgan. Hattoki uning shogirdlari trebl qayd etishi ham mumkin. "Bayer" bo‘lsa Xabini qo‘yib yuborishga tayyor. Uning klub bilan shartnomasi 2026 yilgacha amal qiladi. Bitimni bekor qilish imkoniyati yo‘q. Shunday bo‘lsada, Germaniya jamoasi u bilan yaxshi taklif tushsa, murabbiyni ushlab qolishga harakat qilmaslik borasida kelishib olgan. Buyog‘i Alonsoning o‘ziga bog‘liq.
"Bavariya" Tuxelni hozirning o‘zidayoq iste’foga chiqarishi ham mumkin edi, biroq rahbariyat mavsum so‘nggiga qadar murabbiy tayinlashiga to‘g‘ri kelardi. Hech qaysi mutaxassis mavsum o‘rtasida klubni qabul qilib olishni istamayapti. Rozi bo‘lganlar esa "Bavariya"ga to‘g‘ri kelmadi.
Fikrlar