
Toni Fergyusonni g‘alaba qozonadi deyishga shoshilmang
18 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan UFC 249 turniri koronavirus tufayli qoldirilmagan yagona katta jang kechasi, Xabib Nurmagomedov va Toni Fergyusonning 5-bor bekor qilingan to‘qnashuvi sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi. Garchi, butunjahonda koronavirus pandemiyasi avj olayotgan bo‘lsada, Dana Uayt ushbu jang oqshomini o‘tkazishga qaror qildi.
Ma’lumki, Xabib Nurmagomedov “o‘yindan chiqdi”. Bu borada etarlicha ma’lumotga egasiz. Aynan uning o‘rnini avval Konor MakGregor to‘ldiradi, degan gap-so‘zlar tarqaldi. Yakunda esa, Jastin Getji variantida to‘xtaldi.
Darhaqiqat, bu eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘ldi. Ya’ni UFC tomonidan… Jastin va Toni o‘rtasidagi to‘qnashuv Xabib yoki Konorga qarshi jangdan aslo qolishmaydi. To‘g‘ri, yuqoridagi ikki jangchi “nom” jihatidan hamda muxlislar auditoriyasi borasida Getjidan ustunliklari aniq. Lekin, jangning tomoshabopligi nuqtai nazardan, Toni va Jastin qarama-qarshiligi qiziqarliroq bo‘ladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Bunga esa, har ikkisining ochiq janglar o‘tkazishga moyilligi, zarba ko‘tara olishlari, oyoq va qo‘l zarbalari ham havas qilsa arzigulik ekanligi, umuman jang olib borish uslubidagi rang-baranglik misol bo‘la oladi.
Xabib-Toni jangi stsenariysi, odatdagidek asosan “parter”da bo‘lishini taxmin qilish mumkin edi. Konorning eng katta ustunlik tomoni tik turib “stoyka”da jang olib borishi, “parter”da u qadar mukammal emasligini inobatga olib, Fergyuson uni katta ehtimol bilan “teyk-daun” lar orqali mag‘lub etishga urinardi. Chunki Toni ham “parter”da yomon harakat qilmaydi. Xullas, shu taxminlarimiz ularga nisbatan Getji-Toni jangi qiziqarliroq o‘tadi degan fikrga undamoqda.
Translyatsiya jihatidan, balki Xabib-Toni jangi Getjiga nisbatan juda katta foyda keltirish mumkin edi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Shubhasiz, agar butunjahonda odatiy jarayon hukm surayotganda bu o‘rinli bo‘lishi mumkin edi. Biroq ayni holatda ya’ni koronavirus pandemiyasi tufayli birorta katta musobaqlar o‘tkazilmayotganligini inobatga olsak, ishoning bu jang kerak bo‘lsa, UFC ga translyatsiya orqali topadigan rekord darajadagi daromadni tuhfa etadi.
Endi, bevosita Fergyuson va Jastinning imkoniyatlari haqida to‘xtalsak, internet tarmoqlari orqali, horij OAV larida Toni Fergyusonning imkoniyatini yuqori baholashmoqda. Bu fikrga qisman qo‘shilaman. Ya’ni Toni uchun bu jang rejalashtirilgan edi. Shuning uchun u maxsus dastur orqali yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Jastin esa, tavakkal qildi va natijada qisqa fursat ichida anchagina vazn tashlashga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, tayyorgarlik tomonidan ham ideal bo‘lgan yo‘q. Aynan ushbu omillar Tonini favorit ekanligiga sabab bo‘ladi.
Jang olib borish uslublari va salohiyat borasida esa, Fergyusonning imkoniyati yuqori deyishga shoshilmagan bo‘lardim.
Sababi, Getjining “dahshatli” qo‘l zarbasi bor. Oyoqda ham ajoyib ishlaydi. Zarba ko‘tara oladi. Fergyuson “parter”da kuchli deysizmi? Bu borada, ya’ni sambo bo‘yicha Jastin AQSh chempioni hisoblanadi!
Xullas, Fergyusonga mazkur atlet ta’bir joiz bo‘lsa, Xabibdan ham xavfliroq raqib desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu bilan Getjini Xabibdan kuchli demoqchimasman. Shunchaki, Xabib faoliyati mobaynida biror marta jiddiy jarohat olmaganligi, og‘ir zarbalarni qanday xis qila olishini kuzatmaganmiz. Fergyusonning jang olib borish uslubi esa, tirsaklar bilan ayovsiz zarbalar, tizza zarbalari xullas jiddiy jarohatlarni yuzaga keltirib, yakunda g‘olib chiqadigan jangchilar sarasiga kiradi. Shunday holatlarda Nurmagomedov qanday iroda ko‘rsata olishidan bexabarmiz. Jastinni esa, bunday vaziyatlardan chiqib keta olganligini ko‘p ko‘rganmiz.
To‘g‘ri, Getji Dastin Pore hamda Eddi Alvaresdan mag‘lub bo‘lgan. Aynan, ushbu janglarda u oktagonda aql bilan harakat qilmagan edi. Dastlabki raundlardan ochiq jangga kirishib, og‘ir zarbalarni qabul qilib olishi natijasida oxir-oqibat jismoniy holati pand berib qo‘ygandi.
Endi esa, u ushbu mag‘lubiyatlardan xulosa chiqargan holda, o‘ylanib jang olib bormoqda. Buni so‘ngi Jeyms Vik, Edson Barboza, Donald Serronelar bilan o‘tkazgan janglarida ko‘rishimiz mumkin. U har uch raqibini birinchi raunddayoq mag‘lub eta oldi.
Jastinda yana bir ruxiy jihatdan ustunlik bor. Ya’ni u Maykl Jonson ustidan g‘alaba qozona olgan. “El Kukuy” ni esa, Maykl mag‘lub etgandi. Albatta, bunga ancha yillar bo‘lgan va Toni mutlaqo boshqa jangchiga aylangan. Shunday bo‘lsada, baribir bu ham qisman Getjida ishonch uyg‘otishi mumkin. Bunday janglarda o‘ziga bo‘lgan yuksak ishonch qaysidir ma’noda pand berib qo‘ysa, ba’zan katta yordam beradi.
Qisqasi, Jastin Getjida Toni Fergyusonni mag‘lub eta olish salohiyati mavjud. Shuning uchun mabodo Fergyuson mag‘lub bo‘lsa, bu “apset” yoki sensatsiya bo‘ldi, deb o‘ylamayman.
Albatta, bu shunchaki taxmin va shaxsiy qarashlarimiz xolos. Kim g‘alaba qozonishini esa, 18 aprel kuni bilib olamiz.
Darvoqea, Getji jang referesi Xerb Din bo‘lishini aslo istamayotgan bo‘lsa kerak. Chunki u faoliyatidagi har ikki mag‘lubiyatini aynan, Din boshqargan jangda qabul qilib olgandi. :)
Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tish zarurki, agar Jastin g‘alaba qozonsa, Xabib Nurmagomedov va Toni Fergyuson to‘qnashuvini xech qachon ko‘rmasligimiz mumkin. Chunki dog‘istonlik jangchi ushbu bahs g‘olibi bilan jang olib borganidan so‘ng, yana bitta jangdan keyin faoliyatini yakunlaydi. U shunday deb aytib o‘tgandi. So‘ngi jang esa, katta ehtimol bilan Konor bilan revansh bo‘lishi mumkin. Yana kim biladi deysiz?
Fikrlar