
Topuriya va Xollouey o‘rtasida "dahshat" jang bo‘ladi. An’ana buziladi! (So‘rovnoma)
"UFC 308" turnirining markaziy jangi yarim engil vazn (65,8 kg) toifasi chempioni Iliya Topuriya hamda Maks Xollouey o‘rtasida kechadi. Volkanovskidan chempionlikni tortib olgan Topuriya titulini himoya qila oladimi. tez kunlarda bilaib olamiz. Biz ushbu jang borasida ham o‘zbekistonlik yakkakurash ustalarining fikrlari bilan qiziqdik.
Mirzohid Atabaev -murabbiy
- Maks Xollouey juda tajribali va oktagonni, raqibni his qilish qobiliyati yuqori jangchilar sarasiga kiradi. Topuriyani ham juda saviyali va ayyor jangchi sifatida bilaman. Haqiqiy sola-sol bo‘ladi. Menimcha Xollouey bu jangda kardiosining yuqori ekanligi, zarba ko‘tara olish qobiliyati evaziga g‘alabani ilib ketsa kerak. Imkoniyatlar 55/45 Xollouey!
Husan Majlimov -murabbiy
- Qiziqarli va tomoshabop jang bo‘ladi. Iliya Topuriyada tezlik, kuch, "pancher"lik salohiyati juda zo‘r shakillangan. Biroq, Topuriya dastlabki 2 raundda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira olmasa, keyin qiyin bo‘ladi. Xollouey 5-raundlik janglarni juda ko‘p o‘tkazgan va unda nafas olish sistemasi juda yaxshi rivojlangan. Aynan shuni evaziga u g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega. Imkoniyatlar 50/50.
Shuhratbek Abdumutalibov - murabbiy
- Muxlislar maza qilib tomosha qiladigan jang bo‘ladi. Har ikkisi ochiq va yorqin jang ko‘rsatadiganlar toifasiga kiradi. To‘g‘ri, Maks juda zo‘r jangchi. Biroq, bu jangda amaldagi chempion Topuriyani imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. Xollouey faoliyati mobaynida nokaut yoki nokdaunt bo‘lmagan. Ammo bu safar bu an’ana buziladi. Topuriya muddatidan avval texnik nokaut bilan g‘alaba qozonsa kerak. Imkoniyatlarni 70/30 deya baholagan bo‘lardim.
Mashrabjon Ro‘ziboev - MMA jangchisi
- Ikkisining jang olib borish uslubi menga juda yoqadi. Maks Xollouey zo‘r jangchi va har doim muxlislarga yoqadigan jang ko‘rsatadi. "Stoyka"da ancha-munchasiga "dars" berib qo‘yadi. Ammo Topuriya hozir boshqa darajada desam xato qilmagan bo‘laman. Demoqchimanki, uning eng "gullagan" davri. Ishtiyoq yuqori, "yonib" turibdi. Menimcha bu jangda Topuriya g‘alaba qozonsa kerak. Imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim.
Doston Bozorov -MMA jangchisi
- To‘g‘ri, Topuriya chempion va u Xolloueyni bir necha bor mag‘lub qilgan Volkanovskini nokautga uchratdi. Biroq, bu Xolloueyni ham shu tarzda mag‘lub etadi, degani emas. Jangga kim qanchalik yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘shanda imkoniyat ko‘p bo‘ladi. To‘g‘risi, Topuriya dastlabki raundlarda nokaut qila olmasa, qolgan raundlarda Xolloueyni imkoniyati oshib ketadi. Menimcha Maks Xollouey ochkolarga ko‘ra g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlarni 60/40 degan bo‘lardim. Albatta Xollouey foydasiga!
Navro‘z Otaqulov - murabbiy
- Bu jang anons qilinganidan keyin muxlislar, mutaxassislar tomonidan Iliya Topuriyaning imkoniyati yuqori baholandi. Men esa aksincha fikr bildiraman. Bu jangda Xolloueyning g‘alaba qozonish imkoniyati yaxshi. Chunki u juda tajribali, oyoq-qo‘llarida zo‘r ishlaydi,zarbalar ko‘tara oladi. Kardiosi ham yaxshi. 5 raundlik janglarni juda ko‘p o‘tkazgan. Eng asosiysi esa unda qo‘rquv yo‘q va harakterli jangchi hisoblanadi. Menimcha ochkolarga ko‘ra Xollouey g‘alaba qozonsa kerak. Imkoniyatlar 60/40 Xollouey!
Fikrlar