"Tosh otma, hakamga insof" yoxud "Andijon" yana trendda!

  • 29 aprel, 2024, 02:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogidagi “o‘lim guruhi” sifatida boshqalardan ajralib turgan “N” guruhida chindan o‘yinlar o‘ta yuqori darajada, katta tempda o‘tdi. O‘zbekiston Kubogini oxirgi uch yildan beri o‘zida saqlab kelayotgan “Nasaf” klubi guruh bosqichidagi so‘nggi turda yana “Andijon”da o‘ynadi. Ma’lumki, 30 mart kuni bu klublar chempionat doirasida bellashishgandi va unda 1:1 hisobi qayd etilgan. Bu safargi Kubok bahsidagi qarama-qarshilik esa yanada katta xissiyotlarga, unutilmas onlarga boy tarzda o‘tdi.

Avvalo shuni aytish joizki, ushbu uchrashuvda “Bobur arena”dagi 1, 1A, 2, 32 va VIP tribuna ostidagi o‘rindiqlar uchun diskvalifikatsiya tufayli chiptalar savdoga chiqarilmadi. Natijada ushbu sektorlarga tomoshabinlar qo‘yilgani yo‘q. Chunki o‘tgan safar “Bobur arena”da “Dinamo”ga qarshi uchrashuvda ayrim holatlarda ishqibozlar tarafidan stadionga burli narsalarning uloqtirishi oqibatida shunday cheklov o‘rnatildi. Shunga qaramay, “Nasaf” bilan bahsda stadionga yana ko‘plab muxlislar kelishdi va ularning soni 12480 nafarni tashkil qildi.

“Andijon” fan-klubi esa bu safar o‘zgacha performans yaratdilar. “Tosh otma, hakamga insof” yozuvlari aks etgan katta banner ko‘tarildi va bu yozuvlar o‘z-o‘zidan tushunarli edi. Jamoa ishqibozlari esa yana bir bor barchaga haqiqiy namuna va O‘zbekistonda birinchi raqamli ekanliklarini isbotladilar.

“Andijon” – “Nasaf” uchrashuvi chinakamiga O‘zbekiston Kubogining bezagiga aylandi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Amaldagi Kubok sohibiga qarshi “Burgutlar” shunday o‘yin ko‘rsatishdiki, tashabbusga egalik qilgan holda g‘alaba ishtiyoqida “yonib” o‘ynadilar. Uchrashuv mobaynida ikkala jamoada ham imkoniyatlar bo‘ldi. Ayniqsa, “Andijon”dagi vaziyatlar ko‘proq edi. Durang ikkala klubni ham qoniqtirmasdi. Keyingi bosqichga chiqish uchun albatta kimdir yutishi, Jizzaxdagi “Dinamo” – “Navbahor” uchrashuvida esa kamida durang yoki namanganliklar yutishi kerak bo‘lardi. Buni qarangki, u erda kuchlar teng keldi. Demak, “Bobur arena”dagi olovli o‘yinda bitta gol o‘sha jamoani keyingi bosqichga olib chiqardi. Bu esa Aleksandr Xomyakov jamoasiga nasib qildi. Bahs yakuniga 10 daqiqa qolganida mehmonlar futbolchisi Rahmatov qo‘pol o‘ynagani sababli maydondan chetlatildi. “Andijon” esa g‘alaba uchun oxirigacha kurashdi va natijada 90+8-daqiqada Bektemir Abdumannonov oltin golni urdi va “Andijon” keyingi bosqichga chiqdi. Bu gol esa “Nasaf”ni “o‘lim guruhi”da qoldirib ketdi. Stadiondagi muhit shunchaki fantastik edi va uchrashuvdan keyin ham shu ruhiyat sezilib turdi.

“Andijon” g‘alaba uchun munosib o‘ynadi, shunga yarasha mehnat qildi va kurashdi. Yakunda esa mehnatiga yarasha g‘alabani ilib ketdi. Bunday o‘yin va bunday xissiyotli onlarni andijonliklar o‘zlari uchun yoqimli tarzda qabul qildilar. Natijada “Navbahor” va “Andijon” “o‘lim guruhi”dan tirik chiqdilar hamda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

“Andijon” – “Nasaf” – 1:0 (0:0).

28 aprel. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 12480 tomoshabin.

Hakamlar: G‘ayrat Jo‘raev, Islom Azimov, Sherzod A’zamov.

Zaxira hakami: Xushnud Suyunboev.

VAR: Ibrohim Ismoilov

AVAR: Baxtiyorxo‘ja Shavkatov

“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Ilhom Alijonov (Abdurahmon Komilov, 83), Farhod Bekmuratov, Demir Imeri (Sherzod Esanov, 73), Levan Arveladze (Ilhom Abdug‘aniev, 89), Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 83), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiev, 73).

“Nasaf”: Zafar Safoev, G‘olib G‘aybullaev, Sherzod Nasrullaev, Shuhrat Muhammadiev, Akmal Mozgovoy, Sharof Muhitdinov (Murod Rahmatov, 66), Islom Kenjaboev (Timur Chogadze, 66; Doniyor Narzullaev, 85), Jambuli Jigauri, Marko Stanoevich, Oybek Bozorov, Zoran Marushich (Bobir Abdiholiqov, 85).

Gol: Bektemir Abdumannonov, 90+8 – 1:0.

Ogohlantirishlar: Sherzod Nasrullaev, 20.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!