Toshkent shahrining ikkinchi jamoasi nega O‘zbekiston kubogiga qo‘yilmadi? Sport vazirligi rasmiy bayonot berdi

CHERY AUTO

Xabaringiz bor, shu yil 21-23 noyabr kunlari Urganch shahrida karate WKF bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada qatnashish uchun Toshkent shahridan Xorazm viloyatiga borgan 60 nafar sportchiga O‘zbekiston kubogida ishtirok etishga ruxsat berilmagani haqidagi maqolalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holatni o‘rganib chiqqan holda quyidagilarni ma’lum qiladi:

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2020 yil uchun kalendar rejasida sportning karate WKF turi bo‘yicha kattalar, yoshlar, o‘smirlar va bolalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslarini o‘tkazish belgilangan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi Sport yakka kurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga 2020 yil 26 oktyabr kuni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi A.Mullaev tomonidan shu yil 21-23 noyabr kunlari karate WKF bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogini Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazish bo‘yicha murojaat qilgan.

Shuningdek, 2020 yil 2 noyabr kuni Sport yakka kurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti N.Nafasov tomonidan murojaat qilinib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudining 2020 yil 20 oktyabrdagi Hal qiluv qaroriga asosan va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar Shayxontohur tuman bo‘limining qaroriga muvofiq O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta tiklanganligini ma’lum qilgan. Federatsiyaning yangi rahbari O‘zbekiston kubogi bahslarini joriy yil 19-22 noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 10 noyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazirlik va federatsiya rahbariyati, murabbiylar hamda sportchilar qatnashdi. Yig‘ilish qaroriga asosan, federatsiyada yuzaga kelgan kelishmovchilik, tarafkashlik holatlarini oldini olish maqsadida O‘zbekiston kubogi bahslarini o‘tkazish va rahbarlik qilish Sport yakka kurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi zimmasiga yuklandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020 yil 13 noyabrdagi 1367-sonli buyrug‘iga asosan karate WKF bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi 21-23 noyabr kunlari Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazilishi belgilandi.

Yil boshida tasdiqlangan musobaqa Nizomiga asosan, har bir hududdan bitta terma jamoa belgilangan muddatda hududiy Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda hududiy Karate milliy federatsiyalari tomonidan tasdiqlangan talabnomalar asosida O‘zbekiston kubogida ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

Biroq, O‘zbekiston Karate federatsiyasida yuzaga kelgan nosog‘lom muhit sababli Nizom talablariga rioya etmasdan, musobaqa tashkiliy qo‘mitasiga belgilangan talabnomani taqdim etmasdan Toshkent shahridan ikkinchi jamoa Xorazm viloyatiga borgan.

Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrining ikkinchi jamoasi a’zolariga O‘zbekiston kubogi bahslarida ishtirok etishga ruxsat berilmagan.

Mazkur holat Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi hamda shunday qarorga kelindi:

- yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirishi, ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga chiqarishi mumkinligini inobatga olgan holda, bu kabi holatlarning qayta takrorlanmasligi uchun vazirlik tizimidagi mazkur musobaqaga aloqador barcha xodimlarga nisbatan intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi belgilandi.

O‘zbekiston karate milliy federatsiya rahbariyati bilan esa kerakli tushuntirish ishlari olib borildi.

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!