
"Tottenxem" Beylni sotib nima topdi? Kirikeshdan Eriksongacha
Ba’zan, birgina yulduzga suyangan jamoa uzoq turmasligi haqidagi fikrlar qulog‘imizga chalinadi. Ko‘plab menejerlari bunday ijrochilarni katta summaga sotib, bir nechta kuchli futbolchini jamoaga taklif etish foydali deb hisoblaydi. 2013-yilda "shporlar" ham shunday qaror qabul qilgani hozir ko‘pchilikning yodida emas. O‘sha yilning yozida "Tottenhem" Garet Beylni "Real"ga 85 million funt evaziga qo‘yib yuboradi.
Transferlar uchun ajratilgan summa 109 million funtdan ortib ketganiga qaramay, klub o‘zi istagan natijaga erisha olmadi. Beylning o‘rnini to‘ldirishi kutilgan "qoyilmaqom ettilik" aytarli hech qanday natija ko‘rsatmadi.
Shuncha yil o‘tib, nega endi bu voqealar yodga olindi deb hayron bo‘lyapsizmi? O‘sha ettilikning eng so‘nggi vakilli - Erik Lamela shu kunlarda "Sevilya" bilan shartnoma imzolash arafasida turibdi. Keling, biroz ortga qaytgan xolda, transferlar qay darajada samara bergani borasida fikr almashamiz.
Roberto Soldado (hujumchi, 26 million evro, "Valensiya"dan sotib olingan, 76 o‘yin 16 gol)
Ispaniyada to‘purarlar poygasida Messi va Ronaldudangina ortda qolayotgan yigitdan yana nima kutish mumkin? Soldado APLdagi yurishini ajoyib tarzda boshladi. Ilk 3 turda 4 gol. Barcha London jamoasi fantastik hujumchi topdi deb o‘ylagan bir paytda, Soldado "sinib" qoldi. "Tumanli albion"dagi jismoniy to‘qnashuvlar, tezlik va zich taqvim Robertoga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Yakunda, hujumchi mavsumni atigi 6 gol bilan yakunladi. Bu omadsizlikka Andre Villash Boashning o‘quvsizligi ham sabab bo‘lgani rost. Pochettino kelgach, Soldado yana avvalgi darajasiga chiqishi kutilgan edi. Afsuski, u forvard o‘zgargani yo‘q. Kelasi mavsumda qahramonimiz atigi 5 o‘yinda ishtirok etdi xolos. Harri Keyn birinchi planga ko‘tarilgach, "shporlar" o‘ylab o‘tirmay un "Vilyareal"ga 10 million evro evaziga qo‘yib yubordi.
Paulino (Yarim himoyachi, 17 million funt, "Korintians"dan sotib olingan, 67 o‘yin 10 gol)
Hali Evropaga kelmagan paytlari, Paulinoni Braziliyaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri edi. 2013-yilda Braziliya bilan Konfederatsiyalar kubogida zafar quchgach, grand klublar yarim himoyachi bilan qiziqib qoldi.
Londonga ko‘chib o‘tgach, Pochettino o‘z o‘yin uslubiga uni hech moslashtira olmadi. Natijada, klub unga sarflagan pullarini bir qismini oqlab olish maqsadida 9,9 million funtga "Guanjo"ga sotib yubordi. E’tiborlisi shundaki, ko‘p o‘tmay "Barselona" uni 34 million funt evaziga xarid qildi. Braziliyalik futbolchi Kataloniyaliklar safida ikki bor oltin dubl qayd etdi.
Ikki yil ajoyib to‘p surganiga qaramay, shartnomasi yakunida Paulino yana Xitoy sari yo‘l oldi. Hozirda, futbolchi o‘zi uchun yangi jamoa izlash bilan band.
Naser Shadli (Vinger, 7 million funt, "Tventte"dan sotib olingan, 119 o‘yin 25 gol)
Belgiyalik futbolchining "Tottenhem"dagi sarguzashtlari ko‘ngildagidek chiqmadi deyishga haqqimiz yo‘q. Bor-yo‘g‘i 7 million evaziga tarkibga qo‘shib olingan hujumchi 100 dan ortiq o‘yin o‘tkazdi. Zaxirada va maydonda eng faollardan biri bo‘lishga harakat qildi.
2014/15-yilgi mavsumda esa, 13 gol urib chempionlik poygasida jamoasi munosib ishtirok etishini ta’minladi, ammo "shporlar" bronzo medal bilan qoldi. Yaxshi futbolchi jamoasini "boy" qilib ketadi degan atama aynan Naser uchun aytilgan. Shadli 3 yil London jamoasida to‘p surgach, 16 million funt evaziga "Vest Bromvich"ga transfer qilindi.
Keyin "Monako", "Anderlext" klublari sharafini himoya qildi. Hozirda, Turkiyaning "Istanbul Beshakshaher" a’zosi sanaladi.
Vlad Kirikesh (Himoyachi, 8,5 million funt, "Styau", 41 o‘yin)
Himoyachini "Tottenhem" muxlislari ikki voqea sababligina eslab qolishgan xolos. Ulardan biri Kirikeshning agenti aytgan so‘zlar bo‘lsa, ikkinchisi "Manchester Siti"dan qabul qilib olingan yirik hisobdagi mag‘lubiyat.
Gap shundaki, agent mijoziga "Chelsi" ko‘z tikib turganini va agar "Tottenhem" Vladga o‘yin amaliyoti taqdim etsa, bir yildan so‘ng uning transferidan katta pul ishlab olish mumkinligiga barchani ishontiradi.
2014/15-yilgi mavsumda "Tottenhem" "Manchester Siti"dan alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oladi. Bu voqeadan 3 kun avval Kirikeshni Buxarestdagi tungi klublardan biri mast holatda o‘tirgani aks etgan suratlari internetda paydo bo‘lgan edi. Mag‘lubiyatdan so‘ng, bu mavzu "shporlar" muxlislari tomonidan keng muhokama qilindi. Bosimga dosh bera olmagan himoyachi mavsum so‘nggida "Napoli" ravona bo‘ldi. London jamoasi uning transferidan 4,5 million funt ishlab olishga muvaffaq bo‘ldi.
Kirikesh Italiyada o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olgani yo‘q. Aytarli o‘yin amaliyotga ega bo‘lmagach, uni Neapol jamoasi "Sassuolo"ga berib yubordi.
Kristian Erikson (Yarim himoyachi, 11 million funt,"Ayaks"dan sotib olingan, 305 o‘yin 69 gol)
"Qoyilmaqom ettilik"ning chinakam yulduzi bilan tanishing! Erikson "Tottenhem"da dunyoning eng kuchli pleymeykerlaridan biri darajasiga ko‘tarildi. Transfer summasi 100 million evroga qadar ko‘tarilganiga ham guvoh bo‘ldik.
Atigi 11 millionga sotib olingan futblchi 305 o‘yinda 69+89 natija ko‘rsatdi. Pochettinoning davrida Kristian o‘z pik darajasiga ko‘tarildi. Aynan uning markazdagi ishonchli o‘yinlari klubni EChL finaliga qadar etakladi.
Afsuski, final bahsidagi mag‘lubiyat daniyalik futbolchiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. U Londonni tark etishga qaror qildi va Kontening "Inter"i bilan shartnoma imzoladi. Avvaliga tarkibdan joy olishni uddalay olmaganiga qaramay, yakunda oldiga qo‘yilgan vazifani uddaladi. Ortda qolgan mavsumda Italiya "A seriya" oltin medallariga ega chiqdi.
Eten Kapu (Yarim himoyachi, 9,3 million funt, "Tuluza"dan sotib olingan, 36 o‘yin 2 gol)
Kapu bugun yodga olgan etti futbolchimiz ichidagi eng omadsizi desak, adashmagan bo‘lamiz. Londondagi mavsumlarini kuchli og‘riq va surunkali jarohatlar bilan o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Avvaliga Shervud, keyin Pochettino unga ishonch ko‘zi bilan boqmadi.
Natijada, 6,3 million funt evaziga tayanch zonasidagi "jangchi"ni "Uotfurd" ilib ketdi. 6 yil davomida Eten super o‘yin namoyish etishdan to‘xtagani yo‘q. "Tottenhem" muxlislarining aksariyati "Uotfurd" safida javlon urayotgan yigitga qarab uni qo‘ldan boy bergani uchun afsus chekkani rost.
Frantsuz shartnomasini to‘liq o‘tab bo‘lgach, Ispaniyaning "Vilyareal" jamoasi safiga borib qo‘shildi. Nima ham derdik, "Tottenhem"da o‘zini topa olmagan futbolchi faoliyatini a’lo darajada davom ettirmoqda.
Erik Lamela (hujumchi, 30 million funt, "Roma"dan sotib olingan, 206 o‘yin 33 gol)
Transfer kompaniyasidagi eng qimmat futbolchiga aylangan Lamelaning Londondagi faoliyatini ikki hil baholash mumkin. Ba’zilar Lamela kutilgan darajaga ko‘tarila olmadi deb hisoblasa, boshqalar Erikni bir necha yillar davomida ishonchli o‘yini va bir-biridan go‘zal gollari sababli ardoqlaydi.
Argentina terma jamoasi va "Roma"dagi debyutidan so‘ng, yangi top darajadagi forvard bo‘lishi taxmin qilingan edi. Uning Londondagi faoliyatida ko‘tarilish va pastlash juda ko‘p kuzatildi. kecha muxlislar uning o‘yinlaridan zavq olgan bo‘lsa, bugun uni hushtak bilan kutib olishi odatiy tusga kirgan.
Sizningcha, "qoyilmaqom ettilik"ning so‘nggi a’zosi "Tottenhem" uchun nima bera oldi? Fikringizni, albatta izohlarda qoldiring!
Fikrlar