
Turkiya klubi Shomurodovdan so‘ng Fayzullaevga ham rasmiy taklif yubordi
Jurnalist Ertan Syuzgyunning xabar berishicha, Moskvaning TsSKA klubi futbolchisi va O‘zbekiston milliy terma jamoamiz a’zosi hisoblangan Abbosbek Fayzullaev Turkiya Superligasida faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, "Istanbul Bashakshehir" hamyurtimiz uchun rasman transfer taklifi yo‘llagan. Biroq, transfer summasi bo‘yicha ma’lumotlar berilmadi. Bir necha daqiqa oldin jurnalist va insayder hisoblangan Yag‘iz Sabunchuog‘lu o‘zining X (tvitter) tarmog‘ida terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodovga ham "Istanbul Bashakshehir" klubi jiddiy qiziqish bildirayotgani va muzokaralar davom etayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli vingerimiz o‘tgan mavsum 39 ta bellashuvda ishtirok etib, 3 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan shartnomasi 2026 yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portalidagi narxi esa 8 million evroni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, Angliya Premer-ligasining "Vulverxempton" klubi bosh murabbiyi yangi mavsum uchun o‘z rejalariga Abbosbekni ham qo‘shgani aytilmoqda.
Fikrlar