
Turkiyaning mashhur jangchisini mag‘lub etgan Jahongir Najmiddinovaning MPL-6 turniridagi raqibi ma’lum
9 iyul kuni "Muradov_Professional_Liga-6" turniri tashkil etiladi. Ushbu kechada jang qiluvchi juftliklar ma’lum bo‘lib bormoqda.
Quvonarlisi, kardda kuchlar mutanosibligini ko‘rish mumkin. Bir-biriga xos va mos juftliklar tanlanmoqda. Jumladan, turnirning asosiy kardidan o‘rin olgan yana bir qiziqarli o‘tishi kutilayotgan qarama-qarshilikka aniqlik kiritildi. o‘ta engil vazn (61,2 kg) toifasida jang qiluvchi ikki mahoratli vakillarimiz Dildorbek Nurmatov va Jahongir Najmiddinovlar o‘zaro jang qiladi.
Dildorbek Nurmatov EFC Global, Alash Pride, ATFC promoushenlaridagi ajoyib janglari bilan o‘zini qanday mahoratga ega ekanligini namoyish etgan bo‘lsa, Jahongir Najmiddinov Oktagon, NFC hamda MPL promoushenlarida o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgan. Ayniqsa, u MPL turniri doirasida Turkiyaning taniqli jangchisi Qodir Dalkronni mag‘lub eta olganligi ham uning qay darajadagi sportchi ekanligini anglatadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Dalkron Rossiyaning ACA promoushenida ham faoliyat yuritgan va u turk zaminida anchagina mashhurlikka erishgan.
Bir so‘z bilan aytgganda, MPL-6 turnirida yana bir shiddatli to‘qnashuvni guvohi bo‘lamiz.
Ma’lumot uchun, Nurmatovning professional rekordi 4-1ga teng bo‘lsa, Najmiddinovning ko‘rsatkichi esa 7-4 ko‘rinish olgan.
Fikrlar