"Turon" prezidenti: "Shkvirin bilan muzokara 2 kun davom etdi. Arveladze? Men ham eshitdim, lekin..."

  • 24.06.2021 22:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol

Chempionatda hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan yagona klub – “Turon”da navbatdagi bosh murabbiy o‘zgarganidan xabardorsiz.

Islom Ismoilov va Boguslav Baniakdan so‘ng, endi Igor Shkviringa ishonch bildirildi. Shuningdek, bungacha ham klub atrofida ayrim gap-so‘zlar yo‘q emasdi.

Klub prezidenti Abduvahob Ahmadaliev bilan suhbatda bir qator masalalarga oydinlik kiritildi.

- “Turon” klubi bosh murabbiy lavozimiga Igor Shkvirinni taklif qildi. Bu tanlovning qabul qilinishiga asosiy sabab nima bo‘ldi?

- Jamoani boshqaradigan murabbiy sifatida bilimli, O‘zbekiston futbolini chuqur tushunadigan, yaxshi mutaxassisni izladik. Yakunda klub rahbariyati bilan maslahatlashib Igor Anatolevichning nomzodida to‘xtadik. Shkvirinni taklif qildik va u bilan uchrashib, muzokara o‘tkazdik. Murabbiy ham klubdagi bunday sharoitda “Turon”ni Superligada olib qolishini aytdi.

- Bilishimcha, Igor Shkvirin bilan muzokara juda tez bo‘ldi-a?

- Muzokara ikki kun davom etdi. Klubga kelib, bu erdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdi. Murabbiyni jamoamizdagi sharoitlar qoniqtirdi. Shu bilan ishni boshladi.

axmadaliev_1

- Igor Anatolevich bilan qancha muddatga shartnoma imzolandi?

- Yil oxirigacha shartnoma tuzildi. Xudo xohlasa, jamoani Superligada olib qoladigan bo‘lsa, shartnoma uzaytiriladi. Bizda asosiy vazifa klubni saqlab qolish.

- Agar sir bo‘lmasa, bosh murabbiylikka Shkvirindan tashqari yana qanday nomzodlar bor edi?

- To‘g‘risi, bu haqida ayta olmayman. Sababi, ular ishlab turgan murabbiylar edi. Shu bois nomlar sirligicha qolgani yaxshi.

- Endi Igor Shkvirin boshchiligidagi murabbiylar shtabi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

- Balki ikkita o‘yindan keyin u murabbiylar shtabini tuzishi mumkin. Kimlar yordam berishini o‘zi aniqlab oladi. Hozircha bir o‘zi kelgan.

- Bir necha kundan beri shunday gaplarni eshitdim: “Turon” Shota Arveladze bilan hamkorlik qilmoqchi?! Bu xabarlar qanchalik asosli?

- Yo‘q, bunday emas. Bu mish-mish bo‘lsa kerak. Shota bilan aloqaga chiqqanimiz yo‘q. Menimcha, Arveladze bilan bog‘liq gap-so‘zlar shunchaki mish-mish xolos. To‘g‘ri, bu kabi xabarlar mening ham qulog‘imga chalindi. Ammo yana takrorlayman: Arveladze bilan aloqaga chiqmadik.

shkvirin_1

- Bu hammasi emas, Arveladzedan tashqari yana bir gap tarqaldi: emishki, “Turon” Odil Ahmedovga ham “og‘iz” solyapti...bu gapda jon bormi?

- Yo‘q, bunday gap-so‘z bo‘lmagan, bu ham mish-mish.

- Tushunarli. 5 iyuldan chempionatimizda transfer oynasi ochiladi. “Turon” tarkibida qanday o‘zgarishlar ko‘rishimiz mumkin?

- Chiziqlar bo‘yicha ko‘rib chiqamiz. Tarkibdagi o‘zgarishlar masalasini Igor Anatolevichning o‘zi hal qiladi. Balki hozirgi tarkib futbolchilari bilan ham mavsumni davom ettirishi mumkin yoki yangi o‘yinchilarni taklif qilar. Bosh murabbiy yigitlarni avvalo mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda ko‘radi. Yig‘inlar davomida baribir nazorat o‘yinlari ham o‘tkaziladi. Xullas, qanday o‘zgarishlar bo‘lishini Shkvirin o‘zi hal qiladi.

- Yozgi yig‘inning xorijda o‘tkazilishi rostmi?

- Rostdan ham yozgi yig‘inimizni xorijda o‘tkazishni rejalashtirgandik. Hozir bu masalada aniq to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Ammo katta ehtimol bilan ikkinchi davraga tayyorgarlikni o‘zimizda olib borsak kerak. Sababi, hozirgi paytda Turkiyada ham havo ancha issiq ekan.

- Legionerlar masalasida ham aniq bir to‘xtamga kelindimi? Tarkibdagi xorijlik futbolchilar bilan hamkorlik davom ettiriladimi?

- Ularning jamoamiz bilan amalda shartnomalari bor. O‘zaro bitimga ko‘ra, ular “Turon”da o‘ynaydilar. Ishonishda davom etamiz. Kim Bo Yong, Ponevich kabilar yomon taassurot qoldirmayapti. Faqat Sinisha Babichni oyog‘ida biroz jarohati bor. Hali 100 foiz sport formasida emas. Ko‘proq o‘yinning oxirgi 10-15 daqiqasida maydonga tushirilyapti. Maqsad futbolchini tezroq sport formasiga qaytarish. Legionerlar bilan shartnomalarni bekor qilish rejasi yo‘q.

- Tojikistonlik Umarjon Sharipov jarohat olib safdan chiqqandi. U hali ham “Turon” a’zosimi?

- To‘g‘ri, Sharipov ham jarohatlangan. Faqat uning jarohati jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Shifokorlar unga tashxis qo‘yishgan. Afsuski, uzoq muddatga safimizdan chiqqan. Lekin bu futbolchi ham rasman jamoamiz a’zosi.

- “Turon”ning haligacha g‘alabasiz kelayotgani sizlarda jiddiy xavotirlarni uyg‘otmayaptimi?

- Bizda jiddiy xavotir ham, bosim ham yo‘q. Vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz, bunga ishonchimiz bor. Jamoani bemalol Superligada olib qolishga ishonamiz. Buning uchun rahbariyat tomonidan barcha kerakli yordam berilyapti. Shart-sharoitdan umuman muammo yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davron Parpiyev
25/06/2021 07:49
Olg'a Turon!