«Turon» «sherlar»ni to‘xtatdi! Durangdan kim ko‘proq naf ko‘rdi?

  • 6 may, 2021, 22:07
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Bilasizmi, bugungi bahs ikki tomon uchun ham juda muhim edi. Qaysidir ma’noda, kurash faqat maydonda kechgani yo‘q. «Turon» va «Paxtakor» chinakam jang qilishga majbur edi. Ularning o‘z kurashi mavjud bo‘lib, shu bahs asnosida ko‘p voqealarga oydinlik kiritildi. Keling, bahs ichidagi va uning atrofidagi muhim omillarga e’tibor qaratamiz!

So‘nggi pog‘onadagi jamoa etakchini to‘xtatdi!

Darhaqiqat, «Turon» joriy mavsumda bir necha rasmiy uchrashuvda g‘alaba qozondi, lekin Superligada hali 3 ochko ishlab olgani yo‘q. «Paxtakor» esa, aksincha, 5 o‘yinda 15 ball jamg‘argan holda, peshqadamlik qilayotgan edi. Boz ustiga, Xyuistra shogirdlari «Nasaf», AGMK, «Navbahor» singari chempionlik uchun da’vogarlarni taslim etdi. Yaypandagi bahs esa, ulardan keskin farq qildi.

Ochig‘i, turnir jadvalining birinchi va oxirgi o‘rinlaridagi klublar to‘qnashuvi bu qadar keskin o‘tishini taxmin qilish mumkin edi. Sababi, «sherlar» OChLning zich taqvimidagi o‘yinlardan so‘ng, Farg‘onaga tashrif buyurdi. «Turon» esa, sekin-asta o‘z o‘yinini topib olmoqda. Uchrashuvga tomonlar ikki xil kayfiyatda etib keldi. «Paxtakor» charchoq va ruhiy bosim bilan kelgan bo‘lsa, «Turon» O‘zbekiston kubogi bahsida guruhdan chiqqani uchun ajoyib kayfiyatda edi.

Kutilganidek, o‘yin atrofidagi faktorlar natijaga ta’sir ko‘rsatdi. «Turon» o‘z boshidan baland sakradi, «Paxtakor» qoqildi. To‘g‘risi, Toshkent klubining ochko yo‘qotgani muxlislari uchun yoqimsiz bo‘lishi mumkin, lekin chempionatdagi intriganing oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, o‘yin hali uzoq muddat muhokama qilinishi bor gap.

hojimat va ibrohimhalil

Uchrashuv borishi: Hakam o‘yinni buzib qo‘ydimi?

Penalti bilan bog‘liq vaziyat haqida fikr bildirish mushkul. Abduqahhor Xojiakbarov qanchalar fol ishlatmaslikka urinmasin, kontakt bordek tuyuldi. Bu penalti uchun etarlimidi? Bu savolga hakam javob bergani ma’qul. Asker Najafaliev o‘ylab o‘tirmay penalti belgiladi. Bilasizmi, «sherlar» foydasiga belgilangan 11 metrlik zarba e’lon qilingach, Namangandagi voqea ko‘pchilikning yodiga tushgan bo‘lsa, ajab emas. Cheran imkoniyatdan unumli foydalandi va «Paxtakor»ni hisobda oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa, hakam o‘yin tizginini qo‘lidan chiqarib yuborishi mumkin edi. Bahsning 45-65-daqiqalari oralig‘ida «Turon» a’zolari juda keskin harakat qildi. Ayniqsa, Davron Umirovning Sardor Sobirxo‘jaevga nisbatan qo‘polligi uchun Najafaliev qizil kartochka ko‘rsatib yuborishi ham mumkin edi. Shunga qaramay, referi tempning yuqori ekanligini inobatga oldi va sariq kartochkalar bilan chegaralanishga majbur bo‘ldi. O‘yin tempi eng baland nuqtasiga ko‘tarilganda ham Asker o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Ikkinchi bo‘limda «Paxtakor» futbolchilariga nisbatan jarima maydonchasi ichida ikki bor qo‘pollik ishlatilgandek tuyuldi, lekin 50/50 vaziyat bo‘lgani uchun hakam ishga aralashmadi.

Agar «Turon» hisobni tenglashtirmay, o‘yin minimal natija bilan «Paxtakor» foydasiga hal bo‘lganida, hozir Najafaliev e’tiborimiz markazida bo‘lishi aniq edi. Tablodagi hisob sababli hakamga hech kim e’tiroz bildirmadi. Vaholanki, 90 daqiqa davomida referi o‘z ishini yaxshi uddaladi. Unga 10 ballik sistemada bemalol 9 baho berish mumkin.

najafaliev

«Turon» o‘zida kuch topdi!

Sezgan bo‘lsangiz, penalti tomonlarga ikki xil ta’sir ko‘rsatdi. «Paxtakor» o‘ziga kelib olishi mezbonlar tushkunlikka tushib qolishi kutilgan edi. Negadir aksi bo‘ldi. «Sherlar» tempni tushirib yubordi. Yaypanliklar esa, kutilmaganda «jangga» kirishib ketdi. Natijada, ikkinchi bo‘limning ilk 15 daqiqasida ustunlik to‘liq maydon egalari tomoniga o‘tib ketdi. Javohir Sohibov qulay vaziyatni qo‘ldan chiqarmadi. Hisob tenglashgach, «Turon» "ekonom" rejimga o‘tdi. Mehmonlarga ochiq futbol taklif etish juda mushkul ekanligini payqagan Islom Ismoilov o‘z vaqtida "shaxmat doskasi"dagi muhim yurishni amalga oshirdi. U ikkinchi bo‘limni birinchi raqamda boshlaganiga qaramay, 60 daqiqadan keyin to‘liq qarshi hujumga tayana boshladi. Piter Xyuistra esa, zaxiradan ikkita futbolchini tashlab, urg‘uni hujumga qaratdi.

Bu o‘rinda, katta sahnaga chiqqan darvozabon - Akmal Ortiqovni alohida e’tirof etish lozim. U bugun uzoq va yaqin masofadan yo‘llangan zarbalarni bartaraf etdi. To‘p uchun chiqishda bexato harakat qildi. Joy tanlashda adashmadi. Bir so‘z bilan aytganda, bugun Ortiqov o‘z faoliyatidagi eng zo‘r o‘yinlardan birini o‘tkazdi! «Turon» klubi g‘alabaga teng 1 ochko uchun o‘z darvozabonidan minnatdor bo‘lishi shart.

kasminin

«Paxtakor» bu - baribir «Paxtakor»!

Bugungi 1 ochkoning qiymati nega baland bilasizmi? Ha, sezganingizdek, ochko Osiyo qit’asining eng kuchli klublaridan biri va ayni damdagi yurtimizdagi 1-raqamli jamoadan olingani uchun qadrli. To‘g‘risi, «Turon»ning xususiy klub ekanligi bois, uni chempionatda jon saqlab qolishi taktik tomondan muhim. Yaypanliklarning musobaqada qolishi kelajakda xususiy klubga aylanishi mumkin bo‘lganlar uchun o‘rnak vazifasini bajarib berishi turgan gap. Bugungi o‘yindan so‘ng, jamoa futbolchilari ham o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni qaytarib olishi aniq.

O‘yin so‘nggida «Paxtakor» bemalol hisobda oldinga chiqib olishi mumkin edi, lekin omad bugun «Turon» tomonda bo‘ldi. Shuningdek, jamoa a’zolari amaldagi chempiondan ochko olishni juda ham istagani ko‘mak berdi. «Sherlar» o‘yin so‘nggiga qadar o‘z klassini namoyish etdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalardaku natijani o‘z tomoniga og‘dirib yuborishiga bir bahya qoldi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirdi, ammo natijaga ta’sir ko‘rsata olmadi.

Shunga qaramay, bugun «Paxtakor»ni birorta muxlis tanqid qila olmaydi. Ular butun o‘yin oldinga intildi, vaziyatlar yaratdi, hujum uyushtirdi va chekinmadi. Xalqaro maydondagi omadsizlikka qaramay, «sherlar» xalq jamoasi bo‘lib qolaveradi. Osiyo chempionlar ligasidagi omadsiz ishtirok «Paxtakor»ni kuchsizlantirib qo‘ymaydi. To‘g‘ri, bosimni oshiradi, biroq buni engib o‘tish shart.

Piter Xyuistra jamoani qabul qilgach, muammolarga duch keldi. Qanotdagi asosiy kuchlar va tayanch zonasidagi yarim himoyachining yo‘qligi etmaganidek, Igor Sergeevning ketishi zaxira o‘rindig‘ining qisqarib ketishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, klub o‘z o‘yinidan voz kechgani yo‘q. 4-3-2-1 dan foydalanishda davom etmoqda. Yoshlarning sekin-asta maydonda ko‘rinishi berayotgani ko‘p o‘tmay natija beradi.

cheran

«Turon» bugun nima yutdi?

G‘alaba doimo yoqimli, lekin g‘alaba bilan g‘alabaning farqi bor. Islom Ismoilov uchun joriy mavsum oson boshlanmadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda hakamlik borasida bildirgan fikrlaridan so‘ng, vaziyat keskinlashdi. Jamoa chempionatda g‘alaba qozonishni hali-hamon uddalay olmadi. Tarkibdagi yigitlarning aksariyati yangilar. Ulardan yangi jamoa tuzish uchun ma’lum muddat talab etiladi. Bu muddat qancha davom etishi noma’lum. Shunday ekan, bugungi bahs «Turon» to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini ko‘rsatib berdi.

Mayli, qo‘lga kiritilgan 1 ochko klubni turnir jadvalidagi so‘nggi pog‘onadan ko‘tarilishiga yordam bermagandir, mayli, «Paxtakor» charchoq his qilib to‘p surgandir, mayli, bu avvalgi «Paxtakor» emasdir, ammo «Turon» o‘zining yangi tarixiga ulkan voqeani joylab qo‘ydi. Jamoa ishqibozlari ertaga, indinga, bir yildan keyin, kerak bo‘lsa, 5-10 yildan so‘ng ushbu bahsni turli platformalarda tomosha qilishi va zavqlanishi mumkin. Arenaga yig‘ilgan fanatlar esa, o‘z uyiga ko‘tarinki kayfiyatda ketdi. Aynan ularning ko‘zlaridagi quvonch «Turon»ning asosiy maqsadi edi. Ular buni uddalay oldi, chamamda. Natija o‘z yo‘liga. Eng muhimi, so‘nggi yillardagi ilk xususiy klub kamtarin byudjeti bilan mamlakatimizning tengsiz jamoasi bilan dahshatli 90 daqiqa namoyish etib berdi. So‘nggi bor qachon shunday validol daqiqalar chempionatimizda bo‘lganini eslash mushkul. Muhimi shu. Chempionatga bo‘lgan qiziqish ortdi. Muxlislar stadionlarni to‘ldirmoqda. Bunday o‘yinlardan faqat «Turon» emas, balki butun o‘zbek futboli yutadi. Agar so‘nggi pog‘onadagi jamoalarimiz peshqadamlar bilan shunday o‘yin ko‘rsatib tursa, chempionatimiz saviyasi o‘z-o‘zidan o‘sishi turgan gap. Ichki birinchilikda muammolarga duch kelgan grandlarimiz esa, bunday o‘yinlar soni oshsa, xalqaro arenalarda kalovlanib qolmasligi haqiqat. Shunday ekan, shu va shunga o‘xshash o‘yinlardan barchamiz yutamiz.

turon muxlis

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
LiViRpUl+ GeNeO
07/05/2021 00:37
Sport tv tasfirini gapirmasangiz ham buladi meni telifonim ham bundan yaxwi oladi uyalinglar sport tv hodimlari sharmanda nokia 62 33 olganmi
Abbos Axmedov
06/05/2021 23:58
Шерлар эмаса мушуклар деб аташ керак намунча хаммайна майнавозчи пахтакаш қурқоқсилар сарлавхани бунчали купиртириб Пахтакорни эркалаб йозмасайна нима мош ойликбермайдими иш жойинада?
Ismoil To‘xtayev
06/05/2021 23:01
Bu bir aldov paxtakor qiynalib uynaybdi degan muxlislarni qiziqtirishga uxshaydi tatalizatorga uxshaydi
&
LiViRpUl+ GeNeO
07/05/2021 00:40
Pahtachilarni tarqatib yuboriw kerak hayb shuncha mablag