U erda shunday natijalar borki, hatto Superligada ham yo‘q yoxud bu endi kechagi Pro liga emas!

  • 22 may, 2022, 20:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi pro ligada birinchi davra yakuniga etdi. Lekin bu degani u erda tanaffus bo‘lishini anglatmaydi. Gap shundaki, 10 ta ishtirokchi klublar bir-biri bilan o‘ynab chiqishdi va endi darhol ikkinchi davra boshlanib ketadi. Ana undan so‘ng klublar ikkiga ajratiladi. Buning uchun ikkinchi davrani tugatib olishimiz kerak bo‘ladi. 20 hamda 21 may kunlari 9-tur o‘yinlari o‘tkazildi. 25 maydan esa ikkinchi davra ulanib ketadi.

Tecno

Bu yilgi pro liga qanday haroratda o‘tayotganini o‘zingiz yaxshi bilib turgandirsiz. Intriga juda qaynoq. Mavsum avvalida kimlar favorit edi? “Andijon”,” Turon”, “Buxoro” va “Mash’al”. Birinchi davradan keyin taxminlar hozircha o‘zini oqlayapti. Yuqori to‘rtlik aynan ushbu klublar tomonidan band etilgan. Kutilganidek, “Xorazm”, “Yangier” va “Sho‘rtan” ularni ta’qib etyapti.

Yagona yutqazmagan jamoa

Birinchi davradan keyin Yaypanning “Turon” jamoasi peshqadam bo‘lib turibdi. Anvar Berdiev jamoasi 9 ta uchrashuvda eng ko‘p g‘alaba qozongan. 1 ta durang va 2 ta mag‘lubiyati ham bor. Shu bois eng ko‘p ochko “Turon”ga tegishli – 19. Undan keyingi o‘rinlarda “Andijon”, “Buxoro” va “Mash’al” klublari boryapti. 5-o‘rindagi “Xorazm” ham “Mash’al” bilan bir xil – 14 ochkoga ega. Faqat to‘plar nisbatidagi ustunlik sababli muborakliklar ulardan bir pog‘ona yuqorida turibdi. Pro ligada birgina klub – “Buxoro” boshqalardan bir farqi bilan ajralib turibdi. U ham bo‘lsa, hali Hakim Fuzaylov jamoasini mag‘lubiyatga uchratadigan jamoa topilmadi. 17 ochko to‘plagan buxoroliklar hozircha yagona yutqazmagan jamoa bo‘lib turibdi. 9-turda Andijonga safar qilishgan chog‘ida ko‘pchilik “Buxoro”ning ilk mag‘lubiyatini kutishgandi. Ammo “Bobur Arena”da ular qimmatli bir ochko bilan qaytishdi. Eng ko‘p durang ham aynan “Buxoro”ga tegishli bo‘lib turibdi. Bu klub 5 marta raqiblari bilan murosa ko‘chasini tanlab oldi. Undan keyin Buxoro viloyatining yana bir jamoasi - “G‘ijduvon”ni aytish mumkin. Ushbu debyutant jamoaning hisobida 4 ta durang bor. Fuzaylov boshchiligidagi “Buxoro” qachongacha mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettira oladi? Bu jarayonni kuzatish ham qiziq. Umuman aytganda, buxoroliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi 12 ta o‘yinga etdi.

buxoro3_2

Eng ko‘p gol urgan jamoa etakchilar orasida emas!

Pro ligada ham bir-biridan chiroyli gollar urilyapti. Bu albatta futbolning bezigaga aylanadi. Bir qator uchrashuvlar “Futbol TV” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilyapti. Natijada aksar muxlislar pro ligadagi o‘yinlarning qanday o‘tayotgani va gollarning ham shohidiga aylanmoqdalar. Odatda yuqori o‘rinlardagi klublar eng ko‘p gollarni urishlariga ko‘nikib qolganmiz. Lekin hozirgi pro ligada vaziyat bunday emas. Ishonasizmi, birinchi davrada eng ko‘p gol urgan klub 1-2- yoki 3-o‘rindagi emas, balki 7-pog‘onada borayotgan G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasidir. 9 ta bellashuvda raqiblar darvozasiga 17 ta gol urishga erishishdi. Qizig‘i, to‘plar nisbatidagi farq ham yaxshi darajada. O‘z darvozasidan 9 ta gol o‘tkazgan. Shu bois ko‘p gol urish va kam gol o‘tkazish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich Asror Aliqulov jamoasiga tegishli. Solishtirish uchun aytamizki, “Turon” bilan “Buxoro” 14 ta, “Mash’al” 13 ta, “Andijon” esa 12 ta gol urgan. “Sho‘rtan” qiziqarli jamoa va ochiq o‘yin ko‘rsatishdan qo‘rqmaydi. Yana bir gap: eng ko‘p gol urish bo‘yicha “Sho‘rtan”dan keyingi o‘rinda “Xorazm” bor. Urganchliklar raqiblar darvozasiga 16 marta to‘p kiritishdi.

Darvoqe, shu o‘rinda o‘z darvozasidan eng oz gol o‘tkazgan jamoa ham bor. Bu Viktor Kumikov boshchilik qilayotgan “Andijon” klubidir. 9 ta bellashuvda faqat 6 ta to‘p olib chiqishgan. Ulardan 3 tasi “Xorazm” bilan o‘yinga to‘g‘ri kelgan. Demak, boshqa raqiblar “Burgutlar” jamoasiga gol urgani qiynalishmoqda. Aslida ham “Andijon”ning mudofaa chizig‘i pro ligada eng yaxshisi bo‘lib turibdi. Ayniqsa, himoya markazida bo‘ydor Ildar Mamatkazin va Vladimir Bubanyaning tandemi juda yaxshi samara keltirmoqda. O‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazgan klub – “Aral Samali”. Musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinda borayotgan nukusliklar 9 ta uchrashuvda bor-yo‘g‘i 7 ta gol urishdi va o‘z darvozasidan 25 ta to‘p olib chiqishga ulgurishdi.

andijon uyin

To‘purarlar

To‘purarlar o‘rtasida ham kurash juda qizg‘in. “Buxoro” klubi 14 ta gol urgan bo‘lsa, shuning teng yarmi hujumchi Ro‘zimboy Ahmedov hisobiga yozildi. Shu sababli ayni chog‘da ushbu futbolchi 7 ta gol bilan to‘purarlar orasida birinchi o‘rinda. Undan keyin “Turon” hujumchisi Humoyun Murtazoev boryapti. U 6 ta gol urdi. Shuningdek, Shahzod Beshimov (“Xorazm”), Mixail Agapov (“Mash’al”) va Shahboz Erkinov (“Andijon”) 5 ta golga mualliflik qilishdi. Ko‘rinib turibdiki, pro ligada to‘purarlar orasidagi ham kurash ancha qizg‘in tus olyapti. Ilgari Superligada to‘p surib javlon urgan futbolchilarning ushbu chempionatda o‘z mahoratini ko‘rsatib, gollar urayotgani muxlislarni quvontiryapti. Buning ustiga pro liganing saviyasi ortishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri ham aynan tajribali o‘yinchilarning to‘p surayotgani bilan bog‘liq.  

buxoro1_4

Ilk iste’fo va ijobiy o‘zgarish

Birinchi davrada ilk iste’fo kuzatildi. “Yangier” jamoasini boshqargan Bekzod Qodirqulov qoniqarsiz natijalar tufayli ishdan bo‘shatildi. O‘rniga farg‘onalik yosh murabbiy Diyor Mirzaboev tayinlandi. Hozircha bu o‘zgarish natijalarda va o‘yinlarda ham sezilyapti. “Yangier” Mirzaboev boshchiligida 4 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba qozondi va 1 o‘yinda yutqazishdi. Qizig‘i, yagona durang qayd etmagan klub ham “Yangier” bo‘lmoqda. Bu jamoa o‘zi ishtirok etayotgan uchrashuvlarda yo yutyapti yo yutqazyapti, biroq aslo durangga rozi bo‘lmayapti.

Shuningdek, Buxoroning “G‘ijduvon” jamoasi birinchi davraning oxirgi turiga kelibgina dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “Zomin”ni qabul qilgan bu klub raqibiin 3:1 hisobida taslim qildi. Umuman olganda, “G‘ijduvon” oxirgi uchta turda yutqazmadi. “Aral Samali” esa 5 ochko bilan yakka autsayder bo‘lib qolyapti. “Zomin” esa 6 ochko bilan Nukus jamoasidan bir pog‘ona yuqorida.

Eslatib o‘tamiz, 25 maydan pro liganing 10-tur o‘yinlari boshlanadi. Ishonamizki, bundan buyog‘iga ham "yonayotgan" pro liga yanada alanga oladi! Bu erda shunday natijalar borki, hatto Superligada ham yo‘q. Masalan, "Sho‘rtan"ning 17 ta gol urganini hozircha Superligada hech kim qayd etmadi. To‘purarlar bahsida ham elitada hali biror-bir o‘yinchi 5 tadan ortiq gol urmadi. "Andijon" fanatlari bo‘lsa, mavsum boshidan buyon barchani hayratda qoldirishda davom etib, rang-barang bannerlar yordamida stadionda betakror performanslarni vujudga keltirishmoqda. Bunaqasini ham hozircha Superligada ko‘rmadik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!