Uchta yulduz yig‘inda ishtirok etmaydi: Iraola "Liverpul"dagi vaziyat haqida gapirdi
«Liverpul»ning yangi bosh murabbiyi Andoni Iraola jamoadagi jarohat olgan futbolchilar holati va jahon chempionatida o‘ynagan o‘yinchilarning safiga qachon qo‘shilishi haqida ma’lumot berdi. Hozircha jamoa AQShda yig‘in o‘tkazmoqda.
Iraola ta’kidlashicha, «qizillar» tarkibida bir qator futbolchilar hamon og‘ir jarohatlardan keyin tiklanish jarayonida.
- Safimizda juda jiddiy jarohat olgan o‘yinchilar bor, ularga to‘liq tiklanish uchun vaqt kerak. Stefan Baychetich va Vataru Endo jamoa bilan umumiy mashg‘ulotlarga qaytish arafasida, ular avval qisman shug‘ullana boshlashadi, — deya Iraolaning so‘zlarini keltiradi Liverpool Echo.
Murabbiyga ko‘ra, qolgan jarohat olgan futbolchilar orasida birinchi bo‘lib maydonga qaytishi kutilgan o‘yinchi Jovanni Leonidir. Undan so‘ng Konor Bredli va Ugo Ekitike safga qo‘shilishi rejalashtirilgan.
- Eng yaqin qaytishi kutilayotgani — Leoni. Undan keyin Konor va Ugo. Ular bo‘yicha taxminiy muddat — ikki oy atrofida, — deb qo‘shimcha qildi Iraola.
Uning aytishicha, yaqinda jahon chempionatida ishtirokini yakunlagan ayrim futbolchilar jamoaga biroz kechroq qo‘shiladi.
- Biz yaqinda jahon chempionatida o‘ynab qaytgan bir necha futbolchiga dam olish uchun ko‘proq vaqt berishga qaror qildik. Albatta, ular biz bilan mashg‘ulotlarni qanchalik erta boshlashsa, talablarimizni shunchalik tezroq anglab yetishadi, — dedi Iraola.
Alisson, Kodi Gakpo va Virjil van Deyk Liverpuldagi mashg‘ulot bazasida alohida tartibda tayyorgarlik olib boradi.
- Virjil o‘tgan mavsumda Evropadagi futbolchilar orasida eng ko‘p daqiqa maydonda qolganlardan biri bo‘ldi. Shu bois uning bu yerga kelmasdan, Liverpulda ish boshlashi mantiqan to‘g‘ri qaror, — deya izoh berdi bosh murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, Andoni Iraola iyun oyida lavozimga tayinlangan edi. U ishdan bo‘shatilgan Arne Slot o‘rnini egalladi.

Fikrlar