
“Ufa” O‘runovni o‘zgacha kutib oldi
“Spartak”dan “Ufa”ga ijaraga berilgan Oston O‘runov Boshqiriston klubiga etib keldi. “Ufa” klubi boshlig‘i Artyom Kashuba o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jamoada o‘zbek futbolchisi o‘zgacha kutib olinganidan dalolat beruvchi suratni joyladi.
Unga ko‘ra, klubning kiyim almashtirish xonasida O‘runovga mo‘ljallangan joyga Louis Vuitton brendining qutisi qo‘yilgan.
Kashuba o‘zi e’lon qilgan suratda “Qaytganing bilan, uka! Kim bilsa, o‘zi tushunadi”, - deb izoh yozdi.
Ma’lumki, Oston O‘runov yozgi transferlar vaqtida “Ufa”dan “Spartak”ga o‘tganidan keyin o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Gucci va Louis Vuitton mahsulotlarini xarid qilganini joylashtirib, tanqid ostida qolgandi.
20 yoshli yarim himoyachi mavsum oxirigacha “Ufa” sharafini himoya qiladi. Ufaliklarda chempionat yakunida uni 3 million evroga to‘liq transfer qilish huquqi bor.
Fikrlar