
"UFC 259" turnirining asosiy uch jangi haqida yoxud kimning imkoniyati yuqori? (Tahlil)
UFC promousheni prezidenti Dana Uayt “UFC 259” uchun super to‘qnashuvlarni tanladi. Asosiy karddan uch chempionlik jangi o‘rin olgan. Markaziy jang esa yanada qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. Chunki, o‘rta vazn chempioni Israel Adesanya hamda yarimog‘ir vazn toifasi chempioni Yan Blaxovich o‘zaro kuch sinashadi. Qolaversa, Amanda Nunes - Megan Anderson, Pyotr Yan – Aldjameyn Sterling qarama-qarshiligi ham shiddatli o‘tishi tayin. Sababi ayonki, bu to‘qnashuvlar titul uchun bo‘ladi.
Biz an’anamizga sodiq qolgan holda, ushbu janglar haqida biroz o‘z taxminlarimiz va tahlillarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.
Amanda Nunes – Megan Anderson
- Braziliyalik jangchi qiz xozirgi kunda ayollar o‘rtasidagi “Pound for Pound” etakchisi hamda o‘ta engil vazn toifasi chempioni sanaladi. Tan olib aytish lozimki, u so‘nggi vaqtlarda Valentina Shevchenkodan boshqa raqibalari bilan jangda hech qanday qiyinchilikka uchramadi. Shu nuqtai nazardan, avstraliyalik Megan Andersonga qarshi to‘qnashuvda yuqoridagi fikrlarimizni ilgari sura olmaymiz.
Sababi, u Nunesning so‘nggi vaqtdagi raqibalariga o‘xshamaydi. Ya’ni, braziliyalik oson g‘alabani qo‘lga kiritadi, degan fikrdan yiroqmiz. Chunki, Anderson gavda tuzilishi jihatidan yirik va bu borada Amandaga qarshilik qila oladi. Bo‘yi ham baland. Bir so‘z bilan aytganda, gabarit jihatidan unda kamchilik yo‘q. Qolaversa, zarbasi ham juda kuchli, bunga Xolli Xolm bilan bo‘lgan jang ham misol bo‘la oladi.
Eng qizig‘i “parter”da ham yaxshi harakat qiladi. Demoqchimizki, uning jiu-jitsu borasidagi mahorati ham juda yuqori. Kutilmagan usullarni ajoyib tarzda yakunlashi mumkin. Jang teng kurashlar ostida kechadi, degan fikrdamiz. Biroq, baribir Amanda bu Amanda! Ustunlikni 55% - 45 % hisobida Amanda Nunesga bergan bo‘lardik.
Pyotr Yan – Aldajemeyn Sterling
- O‘ta engil vazn (56.7-61.2 kg) toifasi chempioni rossiyalik Pyotr Yanga bu safar ushbu divizion reytingi etakchisi Aldjameyn Sterling qarshilik qiladi. Bu qarama-qarshilik juda qiziqarli o‘tishi tayin. Chunki, uslublar to‘qnashuvi bo‘ladi. Ya’ni, “stoyka”da jang olib boruvchi va bu uning kuchli tomoni bo‘lgan rossiyalik jangchi ajoyib kurashchi va “parter”ning havosini olgan Sterlingdan o‘z titulini himoya qiladi.
Sterling yaxshi kurashchi va jismoniy holati ham ajoyib agar, u Yanni yiqitib olsa, unda rossiyalik jangchini qiynab tashlashi aniq. Lekin Pyotr Yan “teyk-daun”lardan juda yaxshi himoyalanadi. Shuningdek, zarbasi raqibidan anchagina kuchli...
Albatta, biz ularning bevosita janglarini tomosha qilgan holda ushbu xulosani ilgari surmoqdamiz. Agar, birinchi raunddagi Sterlingning “teyk-dun”laridan muvaffaqiyatli himoyalana olsa, qolgan raundlarda Yanning imkoniyati oshib ketadi, degan taxmindamiz. Shubhasiz, ular o‘rtasidagi to‘qnashuvda ham yaqqol favorit yo‘q. Foizlar hisobida esa, yuqoridagi qarama-qarshilik kabi 55%-45% natija bilan Yanga ustunlikni bergan bo‘lardik.
Israel Adesanya –Yan Blaxovich
- Bu jangga bo‘lgan qiziqish juda yuori. Chunki, Adesanya hozirda UFCning yuzi hisoblanadi va uning bu galgi tavakkali qanchalik o‘zini oqlaydi, degan savollarga ham javob topiladi. Shubhasiz Adesanya ulkan iqtidor egasi. Ishonch bilan ayta olamizki, mahorat bobida u Blaxovichdan bir bosh ustun. Biroq, MMAda vazn degan omil borki, bu juda katta rol o‘ynaydi. Aslida, Adesanya o‘rta vazn toifasiga ham gavda tuzilishi jihatidan kichikdek tuyuladi. Aytishadiku uni “Ozg‘in bola” deb, polyak jangchisi esa deyarli og‘ir vazn toifasiga tortadigan gabaritga ega. Vazn omili deganda, faqat og‘irlik emas, shu vaznga xos zarba kuchi ham nazarda tutiladi. Blaxovich esa yarimog‘ir diviziondagilar orasida ham eng kuchli zarba sohiblaridan biri hisoblanadi. Aynan ushbu omillar imkoniyatlarni tenglashtiradi.
Esingizdami, Maks Xollouey bilan Dastin Pore jangi? Ularning to‘qnashuvidan avval, Xollouey yarimengil vazn “qiroli” edi va engil vazndagi Poreni mag‘lub etishiga ko‘pchilik ishongandi. Biroq, Pore unga imkoniyat qoldirmagandi. Shunday ekan, avvaldan Adesanyani imkoniyatini yuqori baholash biroz noto‘g‘ri bo‘ladi.Har holda u bir vazn yuqori toifadagi jangchiga duch keladi.
Qolaversa, Blaxovich ancha baquvvat, “lou-kik” zarbalari ham juda kuchli, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, ajoyib qo‘l zarbasiga ega. Shunday ekan, uning bittagina aniq zarbasi nigeriyalik jangchini “uxlatib” qo‘yishi mumkin. Biroq, Adesanyaga kuchli va aniq zarba yo‘llay olishning o‘zi qiyin masala hisoblanadi. U juda chaqqon va himoyalanish qobiliyati juda yuqori. Shuningdek, jangni nazoratda ushlab turish va oktagondagi IQ si yaxshi shakllangan. Xullas, ularning imkoniyatini 50%-50% degan bo‘lardik. Albatta, bu shaxsiy fikrlarmiz. Aslida, kim g‘alaba qozonadi, buni tez orada bilib olamiz!
“UFC 259” turniri UZREPORT TV orqali jonli ravishda efirga uzatiladi
Fikrlar