"UFC qirolichasi"ni kimdir to‘xtata oladimi? Qirg‘iziston yoki xitoylik qizlarni-chi? Liliya Shakirova nechanchi o‘rinda?

  • 4 yanvar, 2021, 03:05
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Hozirgi kunda aralash jang san’atlari sport turi jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Butun dunyo e’tiborini o‘ziga jalb qilib, qiziqarli bahslarni namoyish etib kelayotgan UFCning ayollar o‘rtasidagi musobaqalari haqida ma’lumotlar berib o‘tamiz.

Tecno

Ushbu promoushenda 12 ta vazn toifasi bo‘lib, ularning 8 ta yo‘nalishida erkaklar va yana 4 tasida ayollar o‘z mahoratlarini ishga soladi. Demak, UFCda 12 ta chempion bo‘lishi mumkin. Aslida esa, unday emas. Chunki, birgina Amanda Nunesning o‘zi ikkita divizion chempioni hisoblanadi. Bunday holatlar tez-tez uchrab turadi.

O‘zbekcha qilib aytganda "somoncha" divizionning kamari xitoylik Veyli Janga tegishli. 31 yoshli sportchi hisobida 21 ta g‘alaba va 1 tagina mag‘lubiyat bor. Ushbu vazn toifasida xitoylikka 32 ta raqobatchi reytingga kiritilgan va bundan tashqari, o‘rin egallamagan yana 9 ta jangchi bor. Ular 15 oydan beri jang o‘tkazmagan yoki UFC bilan bitim imzolab, hali oktagonga ko‘tarilmaganlardan iborat. Xitoylik so‘nggi 4 ta jangida divizionning eng kuchlilariga qarshi jang olib borib, barchasida g‘alabani tantana qilgan. Ayniqsa, 2020 yilning 7 mart kuni Yoanna Enjeychikka qarshi bellashib, hakamlarning alohida qaroriga ko‘ra, qiyin g‘alabaga ega chiqqandi. Hozirda, Janga Enjeychikdan tashqari, Roza Namayunas asosiy raqiblaridan biri sanaladi.

Super engil vazn toifasida Qirg‘iziston vakilasi Valentina Shevchenko etakchilik qiladi. O‘z vaqtida, "UFC qirolichasi" hisoblanmish Amanda Nunesga ikki marta mag‘lub bo‘lgan Valentina ushbu divizionda bir qator kuchli sportchilarni engishni uddasidan chiqib, kamarga egalik qilishga munosib ekanligini isbotlab qo‘ygan. Hozirda, uning asosiy raqiblari sifatida Jessika Andrade, Loren Myorfi, Sintiya Kalvilloni eslab o‘tish mumkin. Chunki, u uchinchi va to‘rtinchi pog‘onani egallab turgan Ketlin Chukagian va Jennifer Mayya ustidan zafar quchib ulgurdi, balki revansh janglari ham tashkil etilar! 38 nafar sportchi kurash olib boradigan ushbu divizionning reytingida o‘zbekistonlik Liliya Shakirova 37-o‘rinda qayd etilgani haqida qo‘shimcha qilishimiz mumkin. Debyut jangida Loren Myorfiga yutqazib qo‘ygan hamyurtimizga keyingi janglarda muvaffaqiyat va zafarlar tilab qolamiz.

Yarim engil va o‘ta engil vazn toifalarida uzoq vaqtdan buyon Amanda Nunesga teng keladigani topilmayapti. Yarim engil vaznda 6 tagina sportchi bahslashadi, bu tushunarli, ammo o‘ta engilda 30 dan ziyod raqobatchi bor. Braziliyalik Nunes UFCda bor-yo‘g‘i 1 marta, 2014 yilning 27 sentyabrida amerikalik Ket Zinganoga texnik nokaut evaziga yutqazib qo‘ygan. Shundan so‘ng, ketma-ket 11 ta jangda raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmay kelmoqda. Ushbu natijaga erishish uchun 32 yoshli sportchi Ronda Rouzi, Xolli Xolm, Felisiya Spenser, Jermen da Randami, Misha Teyt, Rakel Pennington, Kristin Justino, Sheyna Bezler, Sara MakMenn va 2 marta Valentina Shevchenkoni "qurbon" qildi.

O‘z Instagram sahifasida milliondan ziyod obunachilarga ega bo‘lgan "UFC qirolichasi" 6 mart kuni yarim engil vazn toifasidagi kamarini avstraliyalik Megan Andersonga qarshi kechadigan jangda himoya qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!