
Umarovning Abramov bilan suhbati qanday kechdi? Ubaydullaevdan nega xavotirga tushdi? Termaga chaqirilmaganidan xafami?
Belarus chempionatida o‘zini ko‘rsatayotgan legionerimiz – Shahboz Umarov oxirgi paytlarda tez-tez tilga olinyapti. Ortda qolgan 9 ta o‘yinda futbolchimiz barcha o‘yinlarda maydonga tushdi va raqiblar darvozasiga 3 ta gol urdi va yana 2 ta golga assistentlik vazifasini bajardi.
Hujumkor yarim himoyachi BATEda o‘z joyini topayotgani biz uchun quvonarli. U erda ancha o‘sishga erishyapti. Umarov terma jamoaga munosibmi? Hozircha Vadim Abramov uni yig‘inga chaqirishga shoshilmayapti.
Bu safargi tashkil etiladigan mashg‘ulotlarga uni jalb qilmadi. Bu esa turli savollarni keltirib chiqaryapti. Shuni inobtga olib sports.uz muxbiri BATEda to‘p surayotgan legionerimiz bilan aloqaga chiqdi.
- Vadim Abramov milliy terma jamoaning kengaytirilgan tarkibini e’lon qildi. Ko‘pchilik bu safar sizni ham tarkibda ko‘rishni istagandi. Termadan chaqiruv olishingizni o‘zingiz ham kutayotganmidingiz?
- Men hozir bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. Bor e’tiborimni chempionat o‘yinlariga qaratganman, aniqrog‘i, jamoamning mashg‘uloti hamda o‘yinlariga. Shu sababli, savolingizga biror nima deya olmayman. Terma jamoaga chaqirilgan o‘yinchilar ro‘yxatini ko‘rdim. U erga eng kuchli futbolchilar chaqirilgan. Ular hozirgi kunda eng kuchli o‘yinchilar hisoblanadi. Yana qaytaraman, men bor e’tiborimni klubimga qaratganman. Hozirgi paytda biz har bir uchrashuvda maksimal tarzda g‘alaba qozonishimiz kerak. Xatoga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Turnir jadvalida “Shaxtyor”dan orqada qolyapmiz. Shu sababdan har bir o‘yin biz uchun juda muhim.
- Yaqinda Vadim Karlenovich Belarusga borib sizning o‘yiningizni stadiondan kuzatdi. O‘shanda murabbiy bilan gaplashganmisiz?
- Ha, keldi. Biz o‘yindan keyin ko‘rishdik. Menga kamchiliklarim bilan birga yaxshi jihatlarimni ham aytib o‘tdi. Vadim Karlenovich bilan ozgina suhbatlashdik xolos.
- Abramov bilan gaplashganingizdan keyin endi meni ham terma jamoa yig‘iniga chaqiradi, degan o‘y-xayollarga berildingizmi?
- Ha, shunchaki kelgan, deb o‘ylamayman. Xudo xohlasa, meni ham albatta chaqiradi. Mendan esa mashg‘ulotlarda faqat o‘z ustimda ishlash talab qilinadi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Sir bo‘lmasa, bosh murabbiy bilan suhbat qanday kechdi?
- Murabbiy o‘yinni ko‘rgach, aynan o‘sha bitta uchrashuvdan kelib chiqib o‘z fikrini aytdi, qaerda xato qilganimni tushuntirdi. O‘rtamizdagi aytilgan hamma gaplarni ham ommaga oshkor qilsam noto‘g‘ri bo‘ladi.
- Menimcha, terma jamoaga jalb qilinganlar ro‘yxati chiqqanida siz ham katta qiziqish bilan ko‘rganingiz tabiiy. Familiyangiz yo‘qligi kayfiyatingizga ta’sir qilmadimi?
- Ha, ro‘yxatni menga dastlab do‘stlarim jo‘natishdi. Aniqrog‘i, ular ro‘yxatda qanisiz, degan ma’noda yubordilar (kuladi). Men bunga to‘g‘ri yondashdim. Demak, hali ishlashim lozim. O‘zimni yaxshi tomondan yanada ko‘proq ko‘rsatishim kerak. Bu normal holat. Hammasini to‘g‘ri qabul qildim. Bu hech qanaqa xafa bo‘ladigan vaziyat emas. Boya aytganimdek, ushbu ro‘yxatni ko‘rib kuchli futbolchilar yig‘ilganini ko‘rdim.
- Klubdagi ishlaringiz qanday? Jamoadoshlaringiz sizni terma jamoadan chaqiruv olmayotganingizga qanday munosabat bildirishyapti?
- Nimaga seni chaqirishmayapti, deb ko‘p savol berishadi. Ularga bilmayman, deb javob qaytaraman. Shuningdek, terma jamoamiz tarkibi kuchli, hali yoshman, deb aytyapman.
- Legionerga aylangach, ancha-muncha o‘sishga erishayotganingiz haqida ko‘pchilik aytyapti. Bu o‘yinlaringiz va gollaringiz orqali ham bilinyapti. Terma jamoadan chaqiruv olish uchun yana nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz? Yoki bu savolga javob topa olmayapsizmi?
- Balki men terma jamoaning taktikasiga mos emasdirman. Hamma murabbiyning o‘z taktikasi bor. Shu paytgacha milliy termaga chaqirilmagan futbolchini birdaniga jalb qilib, Saudiyaga olib ketsa ham bu biroz g‘alatimasmi? Xudo xohlasa, menimcha keyinchalik chaqirilsam kerak. Men to‘g‘risi, o‘zimdan ham ko‘ra, ko‘proq do‘stim Shahzod Ubaydullaevdan xavotirda bo‘lib turgandim, chunki etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmayotgandi.
- To‘g‘ri aytasiz. Baribir natijaga bosh murabbiy javob beradi. Saudiya Arabistonida esa bizni juda muhim o‘yinlar kutyapti. Shaxsiy fikringiz bo‘yicha terma jamoamizning u erdagi imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- Kuchli futbolchilar yig‘ilgan. Umid qilamanki, albatta o‘zimiz kutgan natijaga erishamiz.
- Ubaydullaevdan farqli o‘laroq, sizda o‘yin amaliyoti bo‘yicha faollik bor edi. Adolat nuqtai nazaridan olib qaraganda bu vaziyatga nima deysiz?
- Men Ubaydullaevning termaga yana taklif qilinganidan xursandman. U mening yaqin do‘stim. Shahzod bungacha ham bir nechta yig‘inda ishtirok etdi. Ubaydullaev terma jamoamizning qanday taktika bo‘yicha ishlayotganini yaxshi biladi. Meni esa bundan xabarim yo‘q. Mana shu jihatlarni ham o‘ylash kerak, to‘g‘rimi? Men bilan Shaxzodni solishtirsak, muntazam chaqirilayotgani uchun uni albatta yana termaga taklif qilishlari to‘g‘ri. Menga esa hali vaqt keladi, deb umid qilaman.
- Bu fikrlaringiz orqali kamtarlik qilib, do‘stingizga hurmatni saqlagan holda javob beryapsiz, deb hisoblayapmiz...
- To‘g‘ri ma’noda olib qaralganda hamma gaplarim rost.
Fikrlar