Uning uchun birinchi davra "Bunyodkor"dagi oxirgi faoliyati...mi? Yoki Jaloliddinov hayotida yangi sahifa ochilishini ma’lum qildi
“Bunyodkor” klubi uchun joriy mavsum omadli boshlanib, dastlabki ikki turda olti ochkoni qo‘lga kiritdi. Jamoa tarkibida esa iqtidorlar futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu borada gap ketganda chinakamiga yosh iqtidor egasi bo‘lmish Jasur Jaloliddinovga alohida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Yaqinda 18 yoshga to‘ladigan yarim himoyachi o‘tgan yili ko‘zga tashlanishni boshlagandi. Quvonarlisi, u futbolchi sifatida o‘sishda davom etmoqda. Xorijliklarning e’tiboriga tushmoqda. Chempionatimizda yangi mavsum endigina start olganiga qaramasdan Jasur o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Masalan, ikkinchi turda “Bunyodkor” “Mash’al”ni qabul qilib Jaloliddinovning kiritgan yagona goli evaziga g‘alaba qozondi. Yosh futbolchi esa bosh murabbiyining ko‘rsatmasiga amal qilgan holda gol urganini aytdi.
- Vadim Abramov boshchiligida bir yildan beri o‘ynayotgan bo‘lsam, har bir uchrashuvdan oldin menga to‘pni chap oyog‘ingga to‘g‘rilab, qaerdan bo‘lsa ham darvoza tomon zarba berishimni ta’kidlab keladi. Lekin doim ham murabbiyimizning bu ko‘rsatmasini bajara olmasdim. Shuning evaziga bo‘lsa kerak, bu borada Vadim Karlenovichdan dakki ham eshitgandim. “Mash’al”ga qarshi bahs oldidan ham Abramov menga yana bir bor ko‘rsatma berib, o‘yin paytida hech nimani o‘ylamasdan to‘pni chap oyog‘ingga olib, qaerdan bo‘lsa ham darvoza tomon tepaver deb ko‘rsatma berdi. Aytmoqchimanki, “Masha’l” darvozasiga gol urganim bu faqat murabbiyning ko‘rsatmasi bilan bog‘liq edi. Albatta, gol urish hamma vaqt yoqimli va bu futbolchiga boshqacha xissiyotlarni bag‘ishlaydi. Ayni paytda biz ochkolarni yo‘qotmaslik emas, balki ularni qo‘lga kiritish uchun harakat qilyapmiz. O‘tgan yili bir qator uchrashuvlarda ochkolarni yo‘qotganimiz evaziga mavsum oxiriga kelganda ochkolar farqi bo‘yicha “So‘g‘diyona” bilan uchinchi o‘ringa taqalib qolgandik. Bu safar esa o‘zimiz uchun kerakli ochkolarni qo‘lga kiritib, mavsum oxiriga kelganda o‘zimizni qiyin ahvolga tushirib qo‘ymoqchi emasmiz. Ya’ni, oldimizga qo‘yilgan vazifani muddatidan oldin hal qilib qo‘ymoqchimiz, - dedi Jaloliddinov.

Balki “Bunyodkor”ning “Mash’al” ustidan qozongan g‘alabasi ko‘pchilik uchun kutilgan natija bo‘lgandir. Biroq o‘yinni ko‘rganlar, maydon egalari g‘alabani osonlikcha qo‘lga kiritmaganiga amin bo‘ladilar. Uchrashuv qahramoniga aylangan Jasur Jaloliddinov ham “Mash’al” haqida fikr bildirar ekan, ularning “manzili” tomon iliq so‘zlarni bildirdi.
- Bilasizmi, “Mash’al” jamoasining o‘z uyida “So‘g‘diyona”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratganini sensatsiya sifatida qabul qilmagan bo‘lardim. Mana, biz “Mash’al” bilan o‘ynab shunga amin bo‘ldikki, ular chindan ham yaxshi jamoa ekan. Bu ketishda muborakliklar hali ko‘p jamoalarga muammolar tug‘dirishga qodir. Qolaversa, bu jamoadan doim iqtidorli o‘yinchilar etishib chiqishini ham bilamiz. Ularning mashg‘ulot o‘tkazish usullari ham o‘zgacha. Ayniqsa, jismoniy tayyorgarlikka katta e’tibor qaratishadi. O‘yinlar paytida ko‘p ham charchashmaydi. “Mash’al” aynan shunday xususiyati bilan ham barchamizga tanish bo‘lib qolgan. Bu raqibimizning mana shunday ustunliklari haqida ma’lumotlarga ega edik. Ammo biz uchrashuv paytida ko‘proq o‘zimizning o‘yinimizni yo‘lga qo‘yishga harakat qildik. Tezkor gol urganimiz esa bizga foydali bo‘ldi. Aks holda yanada qiynalardik. Aksiga olib “Mash’al” ancha zich o‘ynashga va qarshi hujumlarda bizni “ushlash”ga harakat qildi. Negadir gol urganimizdan keyin biroz bo‘shashdik. Bundan esa raqib foydalanmoqchi bo‘lib, ko‘proq hujumlar uyushtirdi. Menimcha, shu sababli biz ularning o‘yiniga tushib qoldik. Hayriyatki, bahs oxiriga qadar hisobni saqlab qola oldik. Ammo ko‘rsatgan o‘yinimizdan murabbiyimiz qoniqmadi. Ayniqsa, boya aytganimdek, ularning o‘yiniga tushib qolganimiz murabbiyimizga mutlaqo yoqmadi. Negadir hujumga o‘tgan paytimizda o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmadik. “Mash’al” pro-ligadan chiqqan bo‘lsa-da, yaxshi taassurot qoldiryapti. Odatda quyi ligadan elitaga yo‘l olgan jamoa o‘yinida qandayir muammolar ko‘zga tashlanadi. Biroq “Mash’al” bunday kuchsiz raqibga o‘xshamayapti.

Endi Jaloliddinov bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy masalaga o‘tsak. Yodingizda bo‘lsa, u o‘tgan yilning dekabr oyida Italiya “B” seriyasi qatnashchisi “Benevento” klubining mashg‘ulotlarida ishtirok etib qaytgandi. Ma’lum bo‘lishicha, italiyaliklar keyinchalik futbolchimiz borasida yakuniy xulosasini bildirishlari kerak edi. Ammo oradan shuncha payt o‘tgan bo‘lsa-da, uning “Benevento”ga yana qaytishi yoki qaytmasligi haqida tayinli gap yo‘q. Xo‘sh, taklif hali ham o‘z kuchidami yoki “Benevento” varianti bekor bo‘ldimi? Italiyaliklarning besh kunlik mashg‘ulotida bo‘lib qaytgan Jaloliddinov mazkur masala haqida to‘xtalar ekan, biroz bo‘lsa-da, vaziyatga oydinlik kirita oldi.
- Ha, italiyaliklar bilan gaplashib turibmiz. Hozirda ularda mavsumning ikkinchi davrasi davom etyapti. Chempionat tugaganidan keyin tarkibdan ketadigan o‘yinchilar bor va yangi keladigan futbolchilar bo‘ladi. Ular shunga qarab, o‘z rejalaridan kelib chiqqan holda bizga javobini aytishadi. “Benevento” klubini ham to‘g‘ri tushunish kerak. Men hali 18 yoshga to‘lganim yo‘q. Shu bois ular men haqimda birdaniga shoshilinch javob aytishmayapti. Ular mavsum yakuniga etgan paytda bizda birinchi davra tugaydi. Menimcha, shundan keyin hal bo‘lsa kerak. Ammo shuni ham aytmoqchimanki, men faqatgina ularga bog‘lanib qolganim yo‘q. Negaki, men uchun boshqa takliflar ham bor. Yashirmayman, hayotimda yangi sahifa ochish arafasida turibman. Bunday paytda esa shoshib, qaergadir ketish niyatim yo‘q. Men bunday paytda yaxshilab o‘ylashim va maslahatlashim zarur. Faoliyatimda burilish qilish arafasida turgan paytimda hammasini obdon tahlil qilishim va keyinchalik ham faoliyatimga yaxshi ta’sir qiladigan variantini qabul qilishni xohlayman. Shu bois men ayni paytda birgina Italiyaga bog‘lanib qolmadim. Men hamma uchun: jamoa, o‘zim, murabbiyim uchun ham eng yaxshi bo‘lgan taklifni qabul qilib, keyin qaror chiqaraman.
O‘ylaymizki, bu javobdan so‘ng Jaloliddinovning keyingi taqdiri borasidagi qandaydir xulosalarga ega bo‘ldik. Ko‘rinishidan futbolchimiz endilikda boshqa takliflar ustida ham bosh qotirayotganga o‘xshamoqda. Bizni qiziqtirgani shundaki, Jasurga yana qaysi klublardan qiziqishlar mavjud? Shuningdek, u yaqinda 18 yoshga ham to‘ladi. Demak, voqealar rivoji tezlashib ketishi ham mumkin.
- To‘g‘risini aytsam, menga italiyaliklarning taklifidan ham qulayroq bo‘lgan boshqa chorlovlar bo‘lyapti, - deya gapini davom ettirdi, Jaloliddinov. - Mening oldimda aniq bo‘lgan, darhol yangi klubga o‘tishim mumkin bo‘lgan takliflar ham bor. Shuningdek, men bilan avval muzokara o‘tkazadigan takliflar ham bor. Masalan, transfer narxim qancha, o‘zi qancha xohlaydi yoki klubi qancha miqdorda pul istaydi, qabilidagi takliflar ham bo‘lyapti. Yashirmayman, menga yaxshi joylardan qiziqishlar borligini bilaman. Ammo eng katta masala mening hali 18 yoshga to‘lmaganim bo‘lib turibdi. Shunga qaramay, muzokaralar bo‘lib turibdi, klubimizga aloqagan chiqqan klublar bor. Menimcha, 18 yoshga to‘lganimdan so‘ng hammasi ochiq-oydin hal bo‘lsa kerak. Bu yoshga to‘lmagunimcha men bilan qiziqqan jamoalar ham hech nima qila olishmaydi. 15 mayda 18 yoshga to‘laman va katta ehtimol bilan birinchi davradan so‘ng hammasi hal bo‘ladi deb o‘ylayman. Lekin meni to‘g‘ri tushunasiz, qaysi klublar qiziqayotgani haqida ayta olmayman, chunki hozircha hech nima hal bo‘lmagan. Bunday paytda jamoalar nomini aytishim esa noto‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman.

Shunday ekan, Jasurning keyingi faoliyati tamomila o‘zgarib ketishi ham mumkin va navbatdagi manzil Italiya emas, balki boshqa mamlakat bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Ayni paytda esa yosh iqtidor egasi xorij skautlarining kuzatuvida bo‘lib turibdi. Ma’lumki, shu yili yurtimizda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Bu esa futbolchilar uchun ham o‘ziga xos reklama vazifasini o‘taydi. O‘z navbatida terma jamoamiz etakchilaridan bo‘lgan Jasur ushbu holatga ham e’tibor qaratdi.
- Agar har tomonlama qulay taklif bo‘lsa birinchi davradan keyin ketishim mumkin. Ammo men o‘ylayotgan yana boshqa masala ham bor. Shu yilning oktyabr oyida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yurtimizda o‘tkaziladi. O‘sha musobaqada qatnashib, yaxshi natija ko‘rsatib, keyin ketish niyatim ham bor. Meni aynan shu ikkita narsa o‘ylantirib turibdi: birinchi davradan keyin ketamanmi yoki Osiyo chempionatini o‘tkazib bo‘lgach, ketishim kerakmi? Men shu haqida o‘ylayapman va bir qarorga kelishim kerak. Shuningdek, bu menga bildirilayotgan takliflarning qandayligiga ham bog‘liq. To‘g‘ri, Osiyo chempionati bu o‘zimizni har tomonlama ko‘rsatish uchun ham yaxshi imkoniyat va bunday pallada sizni yanada ko‘pchilik kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Men ham shu haqida o‘ylayapman. Har holda xalqaro maydonda o‘ynasangiz bu katta reklama bo‘ladi. Balki Osiyo chempionatidan keyin yanada yaxshiroq taklif bo‘lib qolishi mumkin. Aynan shu tomonlarini o‘ylagan holda keyingi taqdirim borasida ikkilanib turibman.

Fikrlar