
Usmon Toshevdan keyin Tojikiston milliy terma jamoasini vaqtincha boshqaradigan murabbiy ma’lum
Tojikiston olimpiya terma jamoasining bosh murabbiyi Mubin Ergashev Tojikiston milliy terma jamoasi ishtirokida 16 noyabr kuni Qozog‘istonga qarshi kechadigan o‘rtoqlik maqomidagi bellashuvda vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajaradigan bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Mubin Ergashev boshchiligidagi Tojikiston U-23 terma jamoasi yaqinda Osiyo Kubogi-2022 final bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Aytish joizki, bu musobaqa O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.
Qozog‘iston termasiga qarshi kechadigan o‘rtoqlik uchrashuvida Mubin Ergashevga yaqin o‘tmishda taniqli futbolchilar bo‘lgan - Raxmatillo Fuzaylov, Yusuf Rabiev va Asliddin Xabibulloev (darvozabonlar murabbiyi) yordam berishadi. Tahlilchi murabbiy vazifasini esa Farruh Marofiev bajaradigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Tojikiston milliy terma jamoasini uch yil davomida o‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev boshqardi va shu yilning yozida jamoa bilan xayrlashgandi. Ayni paytda Toshev O‘FAda terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlamoqda.
Fikrlar