
Vitaliy Levchenko: "Klubdagi moliyaviy ahvol bu jamoaning ichki ishi"
Coca-Cola Superliga 6-turi doirasida o‘z maydonida «Turon»ga qarshi o‘yinda 1:1 hisobida durang o‘ynagan «Neftchi» klubi ustozi Vitaliy Levchenko printsipiallik, o‘yin davomidagi charchoq va jismoniy holat, almashtirishlar va klubning moliyaviy ahvoli bo‘yicha savollarga javob berdi.
«G‘alabani ushlab qolishni istagandik, ammo, buning uddasidan chiqa olmadik. Ikki qo‘shni jamoalar maydonga tushishdi va bu ikkala jamoa uchun ham printsipial bahs edi. Durangni reja qilmagan edik. Jamoaga biroz sovuqqonlik etishmadi.
So‘nggi o‘yinlardagi xatolar charchoq bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Futbolchilarda jismoniy jihatdan charchoq sezilyapti. Bu borada ishlaymiz, albatta.
Biz o‘yin davomida taktik jihatdan o‘zgarish qilish va sxemamizni 5-4-1 ga almashtirishga harakat qildik, almashtirishlar ham shu bilan bog‘liq. Ammo buning uddasidan chiqa olmadik, kuch etmadi. Raqib esa hisobni tenglashtirishga urindi va buni uddaladi. Kimdir natijani ushlab qolishni istadi, kimdir esa gol urishni. Yakunda esa durang qayd etildi.
Klubdagi moliyaviy ahvol bu jamoaning ichki ishi. Bu narsalar haqida gapirishni istamayman. Natijalarni moliyaviy ahvol bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Klub ko‘rsatayotgan natijalar bu mashg‘ulotlar va tayyorgarlik mahsulidir», - dedi Levchenko.
Fikrlar