
VXL. "Humo" pley-off uchun kurashmoqda
"Sariq-ko‘k" ranglilar 2020 yilni ajoyib notada boshlashdi. Ular yanvar oyidagi uy uchrashuvlari seriyasida qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan 8 ochkodan 7 ochko ishlashga muvaffaq bo‘lishdi. Novokuznetskning "Metallurg"i "shaybalar yomg‘iri" ostida kechgan bellashuvda 7:5 hisobida mag‘lub etildi. Shundan so‘ng Qozog‘istonning uch jamoasiga qarshi o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Ust-Kamenogorskning "Torpedo"si 2:1 hisobi bilan taslim etildi. Shundan so‘ng KXLda ishtirok etuvchi "Baris"ning farm-klubi bo‘lmish "Nomad" bilan kechgan uchrashuv tugashiga 1 soniyadan vaqt qolganda gol o‘tkazib yuborildi va o‘yin bullitlar seriyasiga qadar davom etdi. "Xokkey lotereyasi"da esa omad mehmonlarga kulib boqdi - 3:4.
Ammo Petrov kubogining amaldagi g‘olibi - "Sariarka" jamoasi 3:1 hisobida mag‘lub etildi.
Shu tariqa, "qanotlilar" yuqori kayfiyatda safar o‘yinlari seriyasiga otlanishdi. Seriyaning dastlabki ikki bahsi Moskva va uning yaqinida bo‘lib o‘tdi. Dastlab Moskva viloyatining sanoat shahri bo‘lmish Voskresensk shahri sharafini himoya qiladigan "Ximik" jamoasiga 2:4 hisobida imkoniyat boy berildi. Toshkentliklarning har ikkala goliga jamoa sardori Aleksandr Sherbina mualliflik qildi.
Ikkinchi o‘yin esa "Zvezda"ga qarshi bo‘lib o‘tdi va unda "Humo"ning yangi darvozaboni Dmitriy Lozebnikov ilk bor asosiy tarkibda muzga chiqdi, sobiq jamoasiga qarshi. Lozebnikov mazkur qarama-qarshilikda yomon harakat qilmadi, ammo "qanotlilar" 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
Hozir esa "Humo" hal qiluvchi o‘yinlar ostonasida turibdi. Payshanba kuni Evgeniy Popixin shogirdlari Tambovda xuddi shu nom ostidagi klubga qarshi muzga chiqishadi. Oradan ikki kun o‘tib esa toshkentliklarni Voronejda "Buran"ga qarshi bahs kutib turibdi. 29 yanvar kungi "Rostov"ga qarshi kechadigan uchrashuv bilan safar o‘yinlar seriyasi yakunlanadi. E’tiborlisi, ushbu raqiblarning barchasi Toshkentda mag‘lub etilgan edi.
Fevralning boshida esa "Humo" muxlislarini 3 ta bellashuvdan iborat uy o‘yinlari seriyasi kutib turibdi.
1 fevral
17:00 "Humo" - "Dinamo" Sankt Peterburg
3 fevral
19:30 "Humo" - "SKA Neva"
5 fevral
19:30 "Humo" - "Dinamo" Tver.
Bularni o‘tkazib yuborish mumkin emas! Hamma xokkeyga! Olga, "Humo"!
Fikrlar