
Xaver Tebas: "Real Madrid"ning taqvim bo‘yicha shikoyati asossiz"
"Real Madrid" klubi yangi mavsumning ilk turida "Osasuna"ga qarshi o‘yin sanasini o‘zgartirishni so‘ragan edi, ammo Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi bu talabni rad etdi. La Liganing prezidenti Xaver Tebas esa ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladi.
Tebas o‘z chiqishida shunday dedi:
"Biz bu masalada o‘z pozitsiyamizni aniq bildirdik: jamoalarga tiklanish uchun kunlar etarli. Bu jamoaviy shartnoma doirasida belgilangan qoidalar asosida hisoblab chiqilgan. Bunda muammo La Ligada emas, balki FIFA Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida. Ular o‘zlari xohlagancha turnir sanalarini belgilaydi. FIFPro ham bu holatdan norozi".
Shuningdek, Tebas boshqa elita klublarini misol keltirdi:
"Masalan, PSJ 13 avgust kuni UEFA Superkubogini o‘ynaydi, 17 avgustda esa Frantsiya chempionatini boshlaydi. "Chelsi" ham 17 avgustda Primer-ligada start oladi, "Real" esa 19 avgustda. Bu vaqt etarli emas, deyish noto‘g‘ri. Qolaversa, "Real"dagi futbolchilar zaxirasi va ular klub chempionati orqali topgan daromadni inobatga olsak, bu kabi shikoyatlar o‘rinsiz" - deya o‘z so‘zini yakunladi La Liga prezidenti.
Shu tariqa, La Liga rahbari "Real Madrid"dan tushayotgan tanqidlarga javob berdi va taqvim o‘zgarmasligini ma’lum qildi.
Fikrlar