
Xayrulla Hamidov bir xil darajadagi chempionatimiz va terma jamoamiz, armon bo‘layotgan OChL finali, nega shundayligi va bu yilgi imkoniyatlarimiz haqida gapirdi
Bir necha kun oldin Osiyo chempionlar ligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan “Lokomotiv” va “Paxtakor” o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olishmadi. “Temiryo‘lchilar” Toshkentda ishlari yurishmayotgan “Al Ittihod” bilan zo‘rg‘a durang o‘ynashdi. “Sherlar” esa Xavi boshchiligidagi “Al Sadd”ga imkoniyatni boy berishdi. To‘g‘ri, “Paxtakor” himoyachining qo‘pol xatosi qurboni bo‘ldi deyishingiz mumkin. Lekin shunday xatolardan jabr chekmaslik uchun uchrashuv davomida vaziyatlardan foydalanish kerak emasmi? Xullas, savollarimiz ko‘p. Doimgidek 3,4-turdan so‘ng xalqaro maydondagi bahslarda havotirlarimiz boshlanadi. Har bahor shu bo‘lar takror deganlaridek, klublarimiz bu mavsum ham natijalari orqali muxlislar, jurnalistlar va umuman futbol jamoatchiligida qo‘rquvlar uyg‘ota boshlashdi.
Shu bois biz bir qator sharhlovchilar va futbol ekspertlariga nega klublarimiz OChLda finalga chiqa olmayapdi, bu yilgi imkoniyatlarimiz qanday? degan savollar bilan murojaat qildik. “Sport” telekanali sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bunga quyidagicha fikrlar bildirdi.
- O‘zbek klublarining OChLda bundan avvah ham, hozir ham finalga chiqa olmayotganining etarlicha sabablari bor. Klublarning natijasi aslida futbolimizning ko‘zgusi. Xuddi milliy terma jamoamiz Osiyo chempionatida finalgacha bora olmagani singari, klublarimizning mavqei ham terma jamoamizniki bilan deyarli bir xil darajada. Terma jamoamiz bir marta yarim finalga borgan. Qolgan bahslarda guruh bosqichi, chorak final yoki o‘zining manzilini topib oladi. Klublarda ham deyarli shunaqa. Chunki milliy chempionatimizning saviyasi shu. Istaymizmi yoki yo‘q, biz yuqori bo‘lishini xohlaymiz, lekin borini aytishimiz kerak. Buning ustiga bir necha yil avval “Bunyodkor” “hokimlik” qilishidan sal keyin futbolimizda, klublarimizda pasayish kuzatildi. Natijalar shu qadar tushib ketdi-ki, oxiri xalqaro maydonda kvotamiz 1+2gacha borib qoldi.
Bu yilgi “Paxtakor” va “Lokomotiv”ning OChLdagi ishtiroki shaxsan men uchun qoniqarli. Oldingi yillarga qaraganda, klublarimiz raqiblariga etarlicha tashvish tug‘dirishyapdi. Hozir ko‘pchilik aytishi mumkin: shu ahvolga tushib qoldikmi deb? Yo‘q, biz pastga tushib, ana shundan asta-sekin chiqishni boshlayapmiz. Shu e’tibor bilan hususan “Paxtakor”ning o‘yini menga ma’qul kelmoqda. “Loko” ham hozir imkoniyatini saqlab qolgan. “Temiryo‘lchilar”da “sherlar”ga qaraganda, imkoniyat kamroq-ku, biroq Andrey Fyodorov shogirdlari ishtirok etayotgan guruhdagi pala-partishlik jamoalarning mavqei bir xil emasligi (misol uchun, “Al Ittihod” qancha ko‘p gol urgan bo‘lsa, shuncha ko‘p to‘p o‘tkazib yuborgan), O‘zbekiston chempionining mana shunaqa jamoalar bilan o‘ynayotganini hisobga olsak vakillarimizda imkoniyat bor. Faqat endi “Lokomotiv”ning 2 ta g‘alabasi ham o‘zlariga foyda bermasligi mumkin. Raqib o‘yinlariga bog‘liq bo‘lib qoladi. “Paxtakor” esa taqdirini o‘zi hal qilishi mumkin. Shota Arveladze jamoasi guruhdan chiqish imkoniyatini 60 foizga saqlab qolgan bo‘lsa, “Lokomotiv”da 40 foiz bor.
O‘yin e’tibori bilan “sherlar” chiroyli harakat qilishmoqda. “Al Sadd”ga boy berilgan bahsda ham himoyachimizning qo‘pol xatosi bo‘lmaganda, turgan gap-ki, “Paxtakor” uchrashuvning oxirgi daqiqalarida g‘alabaga intilishi mumkin edi. Qatar klubi bundan foydalandi. Xattoki, Toshkentdagi bellashuvda biroz bo‘lsa-da, hamyurtlarimizning imkoniyati yuqoriroq edi, 55-45 bo‘lsa ham. Mayli endi futbolda shunday holatlar uchrab turadi. Xavisi bor jamoa g‘alaba qozonishi u qadar tasodif emas.
“Paxtakor” 2 ta turni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdi. Guruhdan chiqishi mumkin. Ammo keyingi bosqichdagi “sherlar” qanday, uning tarkibidagi futbolchilar oldingi yillardagi kabi yarim finalga tortadimi? Men finalni gapirmayapman. Yarim finallargacha tortadimi degan savolga menimcha, ular hujum chizig‘ini kuchaytirishi kerak va bo‘ydor darvozabon Eldor Suyunovni qaytarishsa, kurash olib borishiga imkoniyati bor. Ya’ni Shota Arveladzening jamoasi ayni paytda OChLda kuchli to‘rtlik uchun kurashishga haqqi bor deb o‘ylayman. “Lokomotiv” esa bir qator muammolar bilan o‘ynayotganligi uchun ushbu jamoadan faqat guruhdan chiqishini kutmoqdaman. Agar chiqsa, kvotamiz yaxshilanadi va keyingi mavsum OChLda qatnashadigan klublarimizga oson bo‘ladi. Bu yo‘lda ikki jamoamizga omad tilayman.
Fikrlar
Уша пулларни савобли ишлар учкн,халқ ва юртимиз равнақи,ободлиги,чиройи учун сарф қилишсин.
Футбол халққа хеч нима бермайди