
Xoland gol urishda Messidan ham, Ronaldudan ham zo‘rligi isbotlandi
Zamonaviy futbolning eng zo‘r futbolchisi kim ekani haqidagi savollarga doim Leonel Messi yoki Krishtianu Ronaldu, deb javob berilgan. Ayni paytda bu futbolchilarning yoshi ulg‘ayib borayotgani, futbolchilik faoliyatining intihosi ham tobora yaqinlashayotganini inobatga olib, Ronaldu va Messidan keyin futbol taxtiga kim da’vogarlik qilishi eng dolzarb va serbahs mavzuga aylanib bormoqda.
Albatta, variantlar ham yo‘q emas. Kelajagi porloq charm to‘p ustalari orasida Neymar, Eden Azar, Kilian Mbappe va Erling Xoland tilga olinmoqda. Aslida ulardan keyin ham kimlardir yarq etib porlab chiqishi aniq. Lekin ular zo‘rligini yillar davomida takror va takror isbotlashga qodirmi? Bu boshqa masala, hamma gap ana shunda. O‘z vaqtida Ronaldu va Messidan ham zo‘r futbolchilar bo‘lgan. Lekin ular bir-ikki yoki uch mavsumdan keyin g‘oyib bo‘lgani uchun ham futbol saltanatida qirollikka da’vo qilolmaydi.
Biz bugungi maqolamizda mavsum kashfiyoti – Erling Xolandning ajoyib natijasiga e’tibor qaratamiz.
Hujumchining asosiy vazifasi nima? Albatta, gol urish. Statistlarning ma’lum qilishicha, Erling aynan mana shu ko‘rsatkich bo‘yicha Messi va Ronalduni bir necha martaga ortda qoldirayotgan ekan.
Xoland jamoalar miqyosida 62-golini 105-o‘yinda kiritdi. Bu ko‘rsatkichni qayd etganida norvegiyalik hujumchi 19 yoshu 10 oylik edi. Endi e’tibor bering. Messi bu yoshda 63 ta o‘yinda atigi 20 ta to‘p kiritgan. Krishtianu Ronaldu esa 87 marotaba maydonga tushib, atigi 12 marta raqib darvosiga yo‘l topgan xolos.
Demak, Xoland qisqa muddatda ko‘p gol urish bo‘yicha Messidan uch, Krishtianudan besh barobar tezkorroq ekan.
Yana bir qiziq fakt. “Barselona” sardori Messi klublar miqyosida 62 ta gol urishi 132 ta o‘yinda ter to‘kishiga to‘g‘ri kelgan. “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real” va nihoyat “Yuventus” etakchisi Krishtianu Ronaldu 62-golini 233-uchrashuvida kiritgan.
Agar Erling Xoland goleadorlik qobiliyatini shu tarzda davom ettirsa, to‘purarlik borasida etib bo‘lmasdek tuyulgan qator tarixiy rekordlarni birma-bir yangilab, futbol tarixiga o‘z nomini yozib qo‘yadi.
Fikrlar