Xomyakov muxlislardan uzr so‘radi va ularni sabrli bo‘lishga chaqirmoqda

  • 18 iyun, 2019, 11:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 5
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 11-turida bira to‘la ikki nafar bosh murabbiy yangi jamoalarida debyut uchrashuvlarini o‘tkazishdi. Masalan, Muhsin Muhammadiev «Buxoro»da, Aleksandr Xomyakov esa «Andijon»da ish boshlaganidan xabardorsiz. Lekin ikkala murabbiy ham debyutida g‘alaba nashidasini surishmadi. Ayniqsa, Muhammadievning «Buxoro»dagi ilk o‘yini juda omadsiz chiqdi va o‘z maydonida «Paxtakor»dan qaqshatgich mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi – 0:5. «Andijon» bo‘lsa, o‘z uyida Xomyakov boshchiligida «Metallurg»ga qarshi bahsda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqardi va yakunda bellashuv durang bilan tugadi.

Tecno

Ochig‘i, andijonliklar yangi murabbiy boshchiligida 11-turda ilk g‘alabasini tantana qilishlari kutilayotgandi. Biroq bu narsa amalga oshmay qoldi. Tabiiyki, bundan Xomyakov ham ranjigani rost. Jamoaning yangi bosh murabbiyi esa bellashuv to‘g‘risida umumiy holatdagi taassurotlarini quyidagicha izohladi:

- Hammasi tushunarli, yakuniy natijadan umuman ko‘nglim to‘lmadi. Chunki «Andijon»dagi debyut o‘yinimni g‘alaba bilan tamomlashni juda istagandim. O‘z navbatida bunday istakni futbolchilarimizning yuzidan ham bilib olishim mumkin edi. Masalaga obektiv ravishda yondashadigan bo‘lsak, o‘yinni g‘alaba bilan tamomlashga bo‘lgan istak juda yuqori edi. O‘z navbatida uch ochkoni qo‘lga kiritish ilinjida to‘p surdik. Baxtga qarshi bir qancha vaziyatlarda hujumlardagi harakatlarimiz qovushmadi. Ayniqsa, himoyadan hujumga o‘tish paytidagi harakatlarimizdan unchalik qoniqqanim yo‘q. O‘yinning ikkinchi yarmida negadir biz ko‘proq himoyalandik. Shunday ekan, 1:1 hisobidagi durangni haqqoniy, uchrashuvga mos keladigan natija deb bilaman. Yana takrorlayman: himoyadan hujumga o‘tish paytidagi futbolchilarimizning hatti-harakatlaridan mutlaqo qoniqmadim. Bunday harakatlar bilan g‘alaba qozonish amrimahol. Yana takrorlashimga to‘g‘ri keladi, natija haqqoniy.

Albatta, rossiyalik mutaxassis o‘zi ta’kidlaganidek, «Andijon»dagi debyut uchrashuvida g‘alaba qozonishni juda-juda xohlaganini tan oldi. Buning ustiga murabbiy almashgach, muxlislar ham jamoadan yanada tajovuzkor va rang-barng o‘yinni kutishgandi. Ammo aksiga olib, shu kuni andijonliklarning o‘yini yana eski manzarini eslatib yubordi. Ya’ni, murabbiy almashgach, hamma qandaydir o‘zgarishlarni kutishgandi. Lekin qayd etilgan hisob ham shuni ko‘rsatadiki, hozircha hammasi o‘sha-o‘sha. Bu masalada esa Aleksandr Andreevich ham fikrlarimizga qo‘shildi.

- Men ham fikringizga to‘la qo‘shilaman. Uchrashuvga tayyorgarlik ishlari juda o‘zgacha ruhda kechdi. Biz mashg‘ulotlarda ko‘proq hujumdagi o‘yinlar chog‘ida qanday harakatlanish kerakligi ustida ko‘proq ishladik. O‘z o‘rnida himoyani ham unutib qo‘ymay, asosan markazni mustahkamlashga e’tibor qaratdik. Lekin negadir bahs chog‘ida mashg‘ulotlardagi ter to‘kishning samarasini ko‘rmadim. Qolaversa, o‘zimni sehrgar deb hisoblamayman. Negaki, qisqa fursat oralig‘ida hammasini birdaniga o‘zgartirib yuborishning aslo iloji yo‘q. Boz ustiga jamoa ko‘nikib qolgan o‘ziga xos uslub bor. Tabiiyki, bunday sharoitda yangi murabbiyga oson bo‘lmaydi. Jamoaga kelganimga ko‘p bo‘lmadi. O‘ylaymanki, qarshimdagi asosiy vazifa qo‘l ostimda bo‘lgan futbolchilar bilan yanada yaqinroq tanishishdan iborat. Shundagina ularga o‘yinni tashkil etish borasidagi o‘z falsafam nimalardan iborat ekanligini batafsil tushuntirib bera olaman. Men ko‘proq hujumkor va tajovuzkor futbolni yoqtiraman. O‘z o‘rnida bunday o‘yin evaziga ishqibozlarni stadionga ko‘proq chorlash mumkin bo‘ladi. «Metallurg»ga qarshi uchrashuv natijasi stadionga yig‘ilgan mahalliy muxlislarni to‘la qanoatlantirmaganligini tushunib turibman va buning uchun ulardan uzr so‘rayman. Axir biz ularni g‘alaba bilan xursand qila olmadik. Boshqa tomondan olib qaraganda, klubdagi yangi odam bo‘lganim uchun muxlislardan biroz sabrliroq bo‘lishlari kerakligini so‘rab qolaman.

Xomyakov to‘g‘ri gapirdi, u sehrgar murabbiy emas. Bundan tashqari, andijonliklar uchun u yangi murabbiy va o‘z o‘yin falsafasini shakllantirishi uchun xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir vaqt talab etiladi. Buning ustiga hozirgi tarkibni o‘zi tuzmagan. Balki birinchi davradan keyin u tarkibda o‘zi ko‘rishni istagan futbolchilarni jalb qilishi ham mumkin.

- Hozircha bu xususida gapirishga ancha erta. Biz murabbiylar o‘yinchilardan nimani kutayotganimizni iloji boricha ularga etkazishga harakat qilyapmiz. Yuqorida aytganimdek, qo‘l ostimdagi futbolchilarni yaqindan bilib olishim uchun ular bilan ko‘proq muloqot qilishim kerak bo‘ladi. Shu sabab asosiy urg‘uni navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga bergan holda ishlaymiz. Tarkibda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshadimi, degan savolga javob qaytarishimga hali ancha bor, - deya munosabat bildirdi.

Aleksandr Andreevich «Andijon»dagi o‘zining ikkinchi uchrashuvini ertaga O‘zbekiston Kubogi doirasida «Buxoro»ga qarshi o‘tkazadi. Albatta, bu Superliga bellashuvi hisoblanmaydi. Ba’zi jamoalar esa asosiy e’tiborini O‘zbekiston Kubogi yoki Liga Kubogiga emas, balki Superligaga qaratadi. Bu borada Xomyakov qanday yo‘l tutadi? Uning uchun ertangi bellashuv qanday ahamiyatga ega ekan? Bu masalada bosh murabbiy shunday fikr bildirdi:

- Bilasizmi, biz uchun hammasidan ko‘ra g‘alaba nashidasini his etish muhimroq. Shunday ekan, o‘yinlarni ajratib o‘tirmoqchi emasmiz. Albatta, O‘zbekiston Kubogi doirasida o‘tadigan uchrashuvga faqat g‘alaba qozonish ilinjida maydonga tushamiz. Faqat g‘alabagina futbolchilarda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni va ishtiyoqni qaytarishi mumkin. To‘g‘ri, navbatdagi bellashuvga hech qancha vaqt qolgani yo‘q. Shu bois tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt ziq. Shundan kelib chiqqan holda bo‘lajak bellashuvga iloji boricha yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Тога
18/06/2019 19:22
Бухаре пора подниматься по моему мнению туркменского специалиста не нужно было отпускать как говориться то, что имеем ни ценим.
Мурад Тулкинбаев
18/06/2019 13:07
Сабир килиб 37 ця
Низомтой Эргашев
18/06/2019 12:02
Розимбойди ёкотиш керак футболист унака бумеди
&
Стас Михайлов
18/06/2019 11:18
Мы верим тебя
&
Стас Михайлов
18/06/2019 11:17
Удачи тебя Саша