
Xorvatiyalik "Eynshteyn" Superligaga qaytgan "Andijon" xususida nima dedi?
“Andijon” klubining rivojlanish strategiyasi bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlari nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham o‘zining aks-sadosini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan va qo‘l ostidagi jamoani nihoyat “Osiyo Kubogi-2023” final bosqichiga olib chiqa olgan xorvatiyalik mutaxassis Pyotr Segrt ham “Andijon”ning Superligaga qaytganidan xabardor.
Futbol olamida uni xorvatiyalik “Eynshteyn” deb ham ataydilar. Mazkur mutaxassis “Andijon” matbuot xizmati uchun bizning jamoamiz borasida o‘zining fikr va mulohazalarini bayon etdi.
"Umid qilamanki, “Andijon” klubi va murabbiylari kelgusi yili juda yaxshi mavsumni o‘tkaza olishadi. Qachonki, sen yuqori ligaga qaytganingda eng boshidan boshlab u erdagi raqobatga va kuchli o‘yinlarga tayyor turishing kerak. Chunki chempionat boshlanganidan so‘ng bunga, ya’ni, tayyorgarlikka vaqting bo‘lmasligi mumkin.
Men “Andijon” klubining iqtisodiy imkoniyatlari haqida ma’lumotga ega emasman, biroq umid qilamanki, ular jiddiy futbolchilar haqida bosh qotirishyapti. Chunki ko‘rib turganingizdek, bu zamonaviy futbolning asosini tashkil qilyapti. Bu jahon chempionatida ham ko‘rinib turibdi. Tojikistonda ham biz aynan jamoaviy futbolni rivojlantirishga harakat qilyapmiz.
To‘g‘ri, futbolchilarning shaxsiy va individual sifatlari ham muhim faktor. Lekin jamoaviy ish futbolda katta rol o‘ynaydi. Ushbu metod yildan-yilga ommalashmoqda. Lekin bu jarayon klub va terma jamoalarda ozgina boshqacha. Chunki milliy termada sizda faqat mahalliy o‘yinchilar bo‘ladi. Klubda bo‘lsa, siz xorijdan ham qator legionerlarni chaqirib jamoa qurishingiz mumkin.
Shunday ekan, murabbiy klub rahbarlari bilan birgalikda oldindan butun boshli mavsumni o‘z rejalarida ko‘ra olishlari kerak. Yangi mavsumda “Andijon” klubini muvaffaqiyatli ishtirok etishini istayman va bu borada faqat eng yaxshi tilaklarimni bildiraman", - dedi Segrt.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar