Yaя Ture: PSJ ko‘zimni ochib qo‘ydi
Yevropa maydonlarida yangi mavsumni boshlagan «Slovan» Liga chempionlari guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini yirik mag‘lubiyat bilan yakunladi. Slovakiya klubi safarda PSJga qarshi bahsda 1:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvdan so‘ng «Slovan» bosh murabbiyi Yaya Ture matbuot vakillari oldida jamoa o‘yini va raqib kuchi haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Bu juda og‘ir o‘yin bo‘ldi. Lekin aynan shunday bahslardan katta xulosalar chiqarish mumkin. Biz turnirning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushdik – ular deyarli barcha jihatda bizdan ustun bo‘lishdi. O‘zim uchun ham ko‘p narsani o‘rgandim, ko‘p jihatlarni ko‘rdim. Endi qattiq mehnat qilishimiz kerak», – dedi Ture.
Uning ta’kidlashicha, mag‘lubiyat uchun afsuslanishdan ko‘ra, raqib salohiyatini tan olish o‘rinli.
«Nimadandir afsuslanishimiz kerakmi? Yo‘q, men bunday deb hisoblamayman. Raqib biz uchun hozircha juda kuchli. Ularda «Oltin to‘p»ga o‘n nafar nomzod bor. Mening jamoam esa maydonda bor kuchini berdi. Biz kurashishga, raqibga qarshi o‘yin taklif qilishga harakat qilganimizdan faxrlanamiz», – deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Turening so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuv uning jamoasi va raqib darajasi o‘rtasidagi farqni yaqqol namoyon etgan.
«Bu o‘yin menga ko‘p narsani anglatdi – ham raqib sifati nuqtai nazaridan, ham o‘z jamoam imkoniyatlari jihatidan. Afsuski, PSJ hozircha biz uchun juda kuchli», – deya ta’kidladi u.
Liga chempionlarining ikkinchi turida «Slovan» o‘z maydonida «Shtutgart» jamoasini qabul qiladi.

Fikrlar