
Yana 3 ochko va "Andijon" Superligada yoxud gapining ustidan chiqayotgan Kumikov tuzgan "armiya" haqida nimalarni bilasiz?
O‘tgan yili omadsizlik tufayli Superligani tark etgan “Andijon” bir yillik tanaffusdan so‘ng yana elitaga qaytmoqda. Ha, o‘zining jonkuyar, ashaddiy muxlislari bilan tanilgan “Burgutlar” endi bir oyog‘i bilan Superligada. 16 oktyabr kuni Urganchda “Xorazm” ustidan erishgan g‘alabasidan keyin andijonliklar manzil tomon deyarli etib keldi.
Yodimizda, Viktor Kumikov jamoasi mavsumni u qadar ishonchli boshlay olmagandi. Birinchi turda “Zomin” maydonida 0:0 o‘ynadi. O‘z uyida “Yangier”ni taslim qilgach, 3-turda “Xorazm”ning sun’iy qoplamali maydonida andijonliklar o‘z darvozasidan javobsiz 3 ta to‘p olib chiqdi. Biz buni nega esga olyapmiz? O‘shanda “Andijon”ning kuchiga shubha bilan qaraganlar topildi. “Mash’al”, “Turon” kabi klublar ancha vaqt peshqadamlik qilib kelishdi. Lekin xalqimizda jo‘jani kuzda sanaymiz, degan ajoyib naql bor-a? Oktyabr oyidamiz va “Andijon” juda katta farq bilan raqiblarini ortda qoldirib, yakka peshqadamlikni o‘z qo‘lida saqlab turibdi. Jamoaning har bir g‘alabasi Superliga sari qadam-baqadam yaqinlashtirib kelyapti.
Jamoa a’zolari qishda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishgan. Ushbu xorij yig‘ini ham foydali bo‘lgani o‘z samarasini beryapti. “Andijon” jismoniy tomonlama eng yaxshisi. Bosh murabbiy Viktor Kumikov shunday “armiya” tuzdiki, uni hech kim yorib o‘tolmayapti. Bir narsani aniq aytish mumkin, rossiyalik mutaxassis qishki yig‘indan boshlab tarkibni shakllantirishda va selektsiya ishlarida o‘zining rejasiga asosan ish olib bordi. O‘yin sxemasi yig‘ilgan futbolchilarning texnik salohiyatiga qarab ham qo‘llanildi. Hamma Kumikovning taktikasini biladi: standartlar jamoaning asosiy quroliga aylangan. E’tibor bersangiz, pro liga yoki Superligadagi murabbiylar “Andijon” haqida gapirganlarida ular asosan standartlardan, burchak va autlar orqali jarima zarbalarini amalga oshirganda xavfli deyishadi. Ko‘ryapsizmi, hamma biladi, “Burgutlar”ning qanday o‘yin ko‘rsatishini. Lekin barchasi og‘izda gapirishadi, amalda hech qanaqa qarshilik ko‘rsata olishmayapti. “Andijon” baribir o‘z o‘yinlarida raqiblarini ko‘pincha o‘zining o‘sha asosiy quroli – standartlardan gol urish orqali mag‘lub etib kelmoqda. Qanotlardan to‘p uzatilishi, jarima zarbalari, burchak zarbalari yoki autdan to‘p uzatilishidan keyin andijonliklar albatta gol urib ketishyapti.
Bu vaziyatda himoyachilar ham raqib jarima maydoni ichida qo‘shimcha hujumchilarga aylanishyapti. Xo‘sh, hamma “Andijon”ning uslubini bilar ekan, unda nega ularga qarshi biror chora qo‘llay olmayaptilar? Murabbiylar standartlarini bilamiz deyishyaptimi, unda nimaga “Andijon”ni zararsizlantira olmayapti? Bu erda gap Kumikov va uning jamoasi o‘z ishini mohirona bajarayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, taktik o‘yin ham bu vaziyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Andijon” hisobda oldinda borayotgan mahalda taktik tomonlama qanday harakatlanishni “suv qilib ichib yuborgan”. Ko‘rib turibmiz, standartlarni amalga oshirishni hamma ham eplay olmayapti-ku! Lekin bu borada chindan ham “Andijon” futbolchilarining “ustasi farang” ekanliklari yana bir bor o‘z so‘zini aytyapti. Oqibatda nima bo‘lyapti? Bu jamoa o‘zining uslubiga sodiqligi va puxta amalga oshirishi evaziga pro ligada eng kuchlisiga aylandi va bir oyog‘i bilan Superligada! Mana, sizga eng ishonchli va natija keltiradigan uslub. Viktor Kumikov “Andijon” bilan o‘tgan yili elitani tark etganida kelasi yili jamoani albatta yana Superligaga olib chiqaman, deb aytgan so‘zi hamon yodimizda turibdi. Rossiyalik mutaxassis gapining ustidan chiqyapti.
Kuni kecha “Andijon” safarda “Xorazm”ni mag‘lub etib qaytdi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘sha bellashuvda ham Kumikov jamoasi taktik tomonlama juda yaxshi harakat qildi. Chunki raqibni to‘laqonli zararsizlantira oldi. Ya’ni, mezbonlarning hujumlarini ko‘p vaziyatlarda “blokladi”. Jamoaning mudofaa chizig‘i markazida Ildar Mamatkazin va Vladimir Bubanyadan hosil topgan ikkita “qoya” bor. Qanot himoyachilari xuddi “motor” singari himoya bilan hujum o‘rtasida bog‘lovchilikni zo‘r bajarishyapti. Shuning uchun ham “Andijon” pro ligada hammadan eng oz gol o‘tkazdi. Umuman olganda, har bir chiziqdagi futbolchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifani bajarishayotgani va murabbiylarning ko‘rsatmalariga to‘g‘ri amal qilib kelayotganining mahsulini ko‘rib turibsiz.
Keyingi turda Kumikov jamoasi 24 oktyabr kuni “Bobur Arena”da “Turon”ni qabul qiladi. Vaziyat shundayki, hozir ikkala jamoa o‘rtasida ochkolar farki 10 tani tashkil qilmoqda. Ushbu uchrashuvda “Andijon” navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, muddatidan ilgari Superliga yo‘llanmasini naqd qiladi va shu bilan birga 1-o‘rinni ham oldindan hal qilib qo‘yadi. Shunday ekan, “Burgutlar” bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorlanishlari aniq. Qolaversa, “Bobur Arena” o‘z eshigini bir o‘yinlik diskvalifikatsiyadan so‘ng yana ashaddiy muxlislar uchun ochadi. Barchasi “Andijon”ning o‘z qo‘lida. Agar 24 oktyabr kuni jamoa “Turon”ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, stadionda qanday shodiyona bo‘lishini o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ravering!
Fikrlar