
Yangi murabbiyning reja va maqsadlari qanday? Yoxud "Surxon"da ish boshlagan Bahrom Haydarovdan dastlabki fikr va mulohazalar
Xabaringiz bor, Superliganing ikkinchi turi oldidan Termizning “Surxon” jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Bungacha klubga kim ustozlik qilishi ko‘ndalang masala bo‘lib turgandi va bu boradagi ishlar tez orada hal bo‘lishi ham kutilayotgandi. Ammo aksiga olib o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan “Surxon” ilk uchrashuvda o‘z uyida “Bunyodkor”ga 1:3 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ikkinchi turda “Qizilqum”ga qarshi bahs oldidan esa jamoaga yangi bosh murabbiy sifatida Bahrom Haydarov tayinlandi. Ochig‘i, klubga bosh murabbiy kelishi kutilayotgandi-yu, ammo bu Haydarov bo‘lishini bizningcha ko‘pchilik o‘ylamagan ham bo‘lsa kerak. Lekin rahbariyat farg‘onalik ushbu mutaxassisning nomzodida to‘xtadi. Ma’lumki, Bahrom Haydarovning oxirgi ish joyi Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi bo‘lgandi. Afsuski, uning boshchiligidagi klub kuchlilar orasini tark etgandi. Shundan keyin yosh mutaxassis o‘qib izlanishda davom etdi, pro litsenziyasi uchun kurslarda tahsil oldi. Endi esa uning zimmasiga o‘ta mas’uliyatli vazifa yuklandi.
“Tarkibdagi hamma o‘yinchilarni ham tanimasdim”
Hammasi juda tez yuz berdi. “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvga tobora oz fursat qolayotgandi. “Surxon” esa Bahrom Haydarovni bosh murabbiy etib tayinlagach, muxlislar uning boshchiligidagi klub Navoiyda qanday o‘yin o‘tkazarkin, deya qiziqishdi. Ammo hech nimaga qaramasdan maqsad bitta edi: faqat g‘alaba qozonish. Haydarovning qadami qutlug‘ keldimi yoki boshqa sababmi, hullas, “Surxon” mavsumdagi ilk g‘alabasini aynan yangi murabbiy boshchiligida safarda qo‘lga kiritdi.
- “Qizilqum”ga qarshi o‘yindan uch kun oldin klubda ish boshladim, - deya gap boshladi yangi murabbiy. - Birinchi ishim jamoadagi futbolchilar bilan yaqindan tanishish bo‘ldi. Ilk kundanoq qandaydir o‘zgarishlarni qilish ham to‘g‘ri bo‘lmasdi. Men esa barcha o‘yinchilar bilan gaplashdim. Dastlabki kungi mashg‘ulotni Andreev o‘tkazdi. Bungacha jamoa qanday ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha uslubda tayyorgarlikni davom ettirishdi. Men esa dastlabki kunlarda mashg‘ulotlarni kuzatib bordim. To‘g‘risini aytsam, tarkibdagi hamma o‘yinchilarni ham tanimasdim. Albatta, ularning aksariyatini bilaman, ammo televizor yoki stadionda ko‘rganingiz bilan baribir ularni yaqindan bilmasdim. Kimning qanaqa xarakterga egaligini bilmasdim. Shuning uchun boshida ularni o‘rganishga vaqt sarfladim. Biz uchrashuvga juda qisqa fursat ichida tayyorlandik. Oldimizda ikki kun vaqtimiz bor edi xolos. Shunday paytda ham safarda muhim g‘alabani qo‘lga kirita olganimizdan xursandman.
“Dastlabki turdagi mag‘lubiyat tasodif”
Haydarov kelguniga qadar jamoa o‘zagi tayyor holatga keltirib qo‘yilgandi. Ya’ni, u qishki yig‘inlarda mutlaqo qatnashmagan, tarkibdagi futbolchilarni esa u saralab olmagandi. Bilamizki, har bir murabbiyning o‘ziga yarasha uslubi va dunyoqarashi mavjud. Haydarov ham bundan mustasno emasdi. Boz ustiga u mavsum boshlanganidan so‘ng klubga keldi. Mana shunday paytda esa murabbiy tarkibda qandaydir o‘zgarishni qilishga ojiz, faqat ixtiyoridagi bor o‘yinchilardan foydalanishi talab etiladi. Qiziq, bunday holat uni havotirga solmaganmidi?
- Birinchi navbatda shuni aytishim mumkinki, men bu erga kelgunimgacha jamoa tayyor edi. Tarkibda esa yaxshi saviyadagi futbolchilar yig‘ilishgandi. Ularning o‘yiniga yangilik kiritmoqchi bo‘lsangiz ham ular buni darrov qabul qila oladilar. Bungacha ham jamoada yaxshi ish olib borilgan. To‘g‘ri, birinchi turda o‘z maydonida yutqazib qo‘yishdi. Ammo men buni tasodif deb o‘ylayman. Tarkibni, jamoaning imkoniyatlarini, rahbariyatning e’tiborini ko‘rib, bu taklifni rad etmadim. Umid qilamanki, biz bundan keyin ham yaxshi natijalar ko‘rsatishda davom etamiz, - dedi murabbiy.
“Mo‘minjonov meni klub rahbarlariga tavsiya qilgan”
Shu o‘rinda farg‘onalik murabbiyning “Surxon”da ish boshlashi tarixi qanday bo‘lgani ham ishqibozlarni qiziqtirsa kerak. Har holda hammasi o‘z-o‘zidan yuz bermaganligi aniq. Shu sababli yangi murabbiydan bu taklif qanday yuz bergani va aynan kimning taklifiga binoan kelgani haqida so‘radik.
- “Surxon” klubi bosh murabbiylikka ikki-uchta mutaxassislarning nomzodlarini ko‘rib chiqayotgan ekan. Hammamiz bilamizki, ayni paytda Ilhom Mo‘minjonov diskvalifikatsiya tufayli futbolda ishtirok etish huquqiga ega emas. Biz u bilan murabbiylik o‘quv kurslarida birga tahsil olgandik. Aynan Mo‘minjonov meni “Surxon” rahbarlariga tavsiya qilgan. Natijada klub mutasaddilari bilan uchrashib, hammasini gaplashib oldik. Fikrlarimiz bir joydan chiqdi.
“Taklif ustida o‘ylanib o‘tirishga menda vaqt yo‘q edi”
Nima bo‘lganda ham chempionatning birinchi turi o‘tib bo‘lgach, klubga yangi murabbiy kelsa, bu albatta kutilmagan yangilik bo‘lishi mumkin. E’tiborlisi, bunday chorlovni Haydarovning o‘zi ham kutmaganini tan olgan holda shunday dedi:
- O‘ylaymanki, bu men uchun katta syurpriz bo‘ldi. Chempionat boshlanib, birinchi turdan keyinoq taklif tushsa bu har qanday murabbiy uchun o‘ta kutilmagan holat hisoblanadi. Bunday paytda esa o‘ylashga ham vaqt bo‘lmaydi. Agar taklif dekabr yoki yanvar oylarida bo‘lsa bu boshqa gap. Aytmoqchimanki, “Surxon”dan tushgan taklif borasida o‘ylanib o‘tirishga menda vaqt yo‘q edi. Bir-ikki kun ichida masala hal bo‘lishi kerak edi. Men ularga ha yoki yo‘q deb javob aytishim lozim bo‘lardi. Umid qilamanki, rozi bo‘lganim o‘zim uchun ham, jamoa uchun ham yaxshilikka bo‘ldi. Nomzodlar orasida meni tanlashganidan minnatdorman va rahbariyatning ishonchini oqlayman degan umiddaman.
“Nega “Surxon” sovrinli o‘rinlar uchun kurashmasligi kerak?”
Yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, klubning oldiga bu mavsumda o‘ta jiddiy vazifa qo‘yilgan. “Surxon” sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi alohida ta’kidlanmoqda. Haydarov bosh murabbiy etib tayinlangan chog‘ida ham uning oldiga qo‘yilgan vazifa aniq qilib aytib qo‘yildi. Ammo yosh mutaxassis dabdurustdan kelib bunday maqsad sari jamoani etaklab bora oladimi? Murabbiy esa bu bilan xuddiki “baland dorga osilgan”dek taassurot qoldirmoqda.
- Bu “baland dorga osilish” degan narsa emas. Yuqori o‘rinlarga “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” yoki “Nasaf” doimiy kurashishi shart emas. Ya’ni, men shunchaki ularning nomlariga e’tibor qaratyapman. Masalan, qaysidir futbolchi “Nasaf”ga borsa faqat chempionlik uchun kurashishi, “Surxon”ga borgan o‘yinchi esa boshqa maqsad uchun kurashamiz deb o‘ylamasligi kerak. Aytmoqchimanki, nima uchun “Surxon” yoki boshqa klublar sovrinli o‘rinlar uchun kurashmasligi kerak? Buning uchun qaysi jamoada to‘p surishning farqi yo‘q. To‘g‘ri, “Paxtakor” favorit. Ammo o‘ylaymanki, qolgan klublar ham bu borada raqobatlasha oladilar. Albatta, men maqsadimiz yo‘lida jiddiy qadam tashlashimizga ishonaman, bo‘lmasa biz nima uchun futbolda yuribmiz? Jamoaning hozirgi holatidan ko‘nglim to‘q. Hech qanday o‘zgarishlarning keragi yo‘q.
“Avvaldan tavakkalchiman”
Umuman olganda, hozirgi holatda Bahrom Haydarov taklifni qabul qilib tavakkalchilik qilgandek ham taassurot qoldiryapti. Buni uning o‘zi ham tasdiqladi.
- Avvaldan men tavakkalchiman. Faqat oldinga qarab yuraveraman. Bir narsaga erishmoqchi bo‘lsangiz, unga eta olamanmi- yo‘qmi, degan qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Menda esa bunday qo‘rquvlar yo‘q. Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Termizlik muxlislar xursand bo‘lishsa biz ham xursand bo‘lamiz. Biz faqat ishqibozlar uchun o‘ynaymiz.
“Hasan Ro‘zievning ketishida mening aloqam yo‘q”
Shuningdek, “Surxon”dagi o‘zgarishlar birgina Bahrom Haydarov bilan bog‘liq bo‘lib qolmadi. O‘zi yaqinda klubda ish boshlagan sobiq hakam Hasan Ro‘ziev negadir birinchi turdan keyin jamoadan ketgani ma’lum bo‘ldi va u “Qizilqum”da ish boshladi. Balki uning ketishi Haydarovning kelishi bilan bog‘liqmi, degan savollar ham yangradi. O‘z navbatida farg‘onalik mutaxassis bu masalaga oydinlik kiritar ekan, shunday dedi:
- Hasan Ro‘zievni “Surxon”dan ketganining menga umuman aloqasi yo‘q. Bu rahbariyatning ishi. Shunchaki, mening klubga kelishim bilan, uning ketishi bir kunga to‘g‘ri kelib qoldi. Bu faqat tasodif. Agar Hasan Ro‘ziev bilan birga faoliyat olib borganimizda ham yomon ishlamasdik.
Fikrlar