
Yaxshiboev o‘zi ko‘zlagan cho‘qqini zabt etolmadi, lekin...
Belarus chempionati oliy ligasi yakunlanishiga bir tur qoldi. Oliy liga jamoalari 29-tur uchrashuvini bir vaqtda o‘tkazdi. O‘zbekistonlik futbol muxlislarining e’tibori “Rux” – “Shaxtyor” va “Energetik-BGU” – “Dinamo Minsk” jamoalari o‘yiniga qaratildi. Shuningdek, BATE – “Belshina” bahsi ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q.
“Energetik-BGU” o‘z maydonda 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, amalda uch ochkodan boshqa hech narsa yo‘qotmadi. Birinchi davrada “talabalar” jamoasi haqiqiy etakchiga aylangan Jasur Yaxshiboev “Shaxtyor”ga o‘tib ketganidan keyin bu klub o‘z oldiga qo‘ygan marralarni zabt eta olmasligi darrov aniq bo‘lib ulgurgan. Jamoa o‘yinlarini Shahboz Umarov va Humoyunmirzo Iminov uchun ko‘ramiz. Biroq, Shahboz ham joriy mavsum yakunlanishi bilan BATE safiga qo‘shilishi yozgi transferlar vaqtida hal qilib qo‘yilgan.
“Shaxtyor”dan chempionlikni kutayotgan edi. Chunki hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev chempion bo‘lishini xohlaymiz. Chempionatning hal qiluvchi o‘yinlari boshlangunga qadar soligorskliklar birinchi o‘rinni egallab turgandi. Biroq, “Slaviya” va “Dinamo Minsk” bilan o‘yinlardagi ketma-ket ikki mag‘lubiyat BATEni oldinga o‘tib ketishi uchun kifoya qildi.
Garchi “Shaxtyor” 29-turda safarda “Rux”ni qiyinchilik bilan 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa-da, BATE o‘z uyida “Belshina” darvozasiga beshta gol urib, chempionlikka bir qadam yaqinlashdi. So‘nggi turda soligorskliklar o‘z maydonida “Minsk”ni qabul qiladi. Jasurning jamoadoshlari bu uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgani bilan “Dinamo-Minsk” borisovliklardan ochko olishini kutishga majbur.
Xullas, chempionlik intrigasi so‘nggi turgacha saqlanib turadi va hammasi 28 noyabr kuni hal bo‘ladi.
Jasur Yaxshiboev Belarus chempionligidan tashqari musobaqa to‘purarlari bahsida ham g‘olib chiqmoqchi edi. Hamyurtimiz xuddi “Shaxtyor” kabi muhim pallada tezlik ololmay qoldi. Uzoq muddat to‘purarlar peshqadami bo‘lgan Jasurga gol urishda barqarorlik etishmadi. Balki bunga Jasurning sof hujumchi emasligi pand bergandir. Har holda Yaxshiboev qanot futbolchisi, ya’ni yarim himoyachi hisoblanadi.
Insof yuzasidan tan olish kerak, to‘purarlik rutbasini undan tortib olgan BATE hujumchisi Maksim Skavish ikkinchi davradan boshlab tinimsiz gol urmoqda. Oxirgi uchrashuvda ham u “Belshina” darvozasini ikki marta ishg‘ol qildi. Jasur esa, maydonni yana golsiz tark etdi.
Umuman olganda, Maksim Skavish birinchi davrada o‘z hisobiga uchta gol yozib qo‘ygandi. O‘shanda Jasurning jamg‘armasida “Energetik-BGU” tarkibida kiritgan to‘qqizda gol bor edi. Chempionatning ikkinchi yarmida belaruslik hujumchi 16 ta gol urishga erishdi. Bunaqa sermahsullikni hech kim kutmagan edi. Chunki Belarus chempionatida 2007 yildan buyon biror bir to‘purar 18 tadan ko‘p gol ura olmagan.
Jasur ham ikkinchi davrada gol urdi. Faqat soni kamroq bo‘ldi. Ayniqsa, yaqinda “Belshina” bilan o‘yinda xet-trikka erishib, Skavishga etib olishiga bitta to‘p qolganida muxlislarimizda kurash davom etishiga umid uyg‘ongandi. Lekin amalda unday bo‘lmadi. Ikkita o‘yindan beri maydondan quruq chiqayotgan Jasur raqobatchisidan uchta golga ortda qoldi. Buyog‘iga so‘nggi o‘yinda Skavishdan o‘tib ketishning imkoni bo‘lmasa kerak.
Ha, Jasur chempionlikdan ham, to‘purarlikdagi g‘oliblikdan ham quruq qolishga yaqin. Lekin uning eng katta yutug‘i o‘zbekistonlik muxlisu mutaxassislar qatori xorijliklarga ham Jasur Yaxshiboev, degan futbolchi borligini tanitib qo‘ya olgani bo‘ldi.
Tan olaylik, Jasur faoliyatida ilk bor legioner sifatida to‘p tepgan chempionatda o‘z salohiyatini ko‘rsata oldi. Uning o‘yinlari orqali o‘zbek futboliga nazar tashlay boshlashdi. Jasurning o‘ziga ham Chempionlar ligasida o‘ynaydigan jamoalar – “Dinamo” (Kiev) va “Astana”dan qiziqish bor. Bu boshlanishi, albatta.
Umuman olganda, Jasurning bu yilgi faoliyatini ijobiy baholasak bo‘ladi. U o‘zini namoyon eta oldi. O‘zi ham bejizga “Shaxtyor”da qolmayman, demayotgandir, axir. Faoliyatida yana o‘zgarishlar bo‘ladiganda o‘xshaydi...
Fikrlar