
Yaxshiboevga qarshi o‘ynagan himoyachidan koronavirus chiqdi
Belarus chempionatida “Minsk” jamoasi sharafini himoya qilayotgan ukrainalik himoyachi Evgeniy Chagovets koronavirus yuqtirgani haqida by.tribuna.com sayti xabar tarqatdi.
O‘tgan hafta oxirida Belarus chempionatida zararlangan futbolchi borligi haqida gap tarqagan edi. Shu hafta boshida esa “Minsk” xo‘jayini Igor Shloydo futbolchilardan biri shubha ostidaligini tasdiqladi va test javobini kutishni so‘radi.
U aytgan vaqt o‘tsa hamki, klub rahbari jurnalistlarga aniq javob aytishdan qochdi. Lekin jurnalistlar koronavirus yuqtirgan futbolchi Evgeniy Chagovets ekanini aniqlashdi. U joriy chempionatda ettita uchrashuvda ishtirok etib, bitta gol urgan.
Evgeniy Chagovets 5 aprel kuni hamyurtimiz Jasurbek Yaxshiboev to‘p surayotgan “Energetik-BGU” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda ham maydonga tushgan edi. Hamyurtimiz gol urgan o‘sha o‘yinda talabalar 2:0 hisobida zafar quchgan.
"Minsk" futbolchilari ikki haftaga karantinga olingani aytilmoqda.
Fikrlar