
“Paxtakor” Yaxshiboevni Evropaga transfer qilishga tayyorlansin
Belarus chempionatining pandemiya davrida ham to‘xtatilmagani dunyoning turli mamlakatlaridagi ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini ushbu musobaqada to‘p surayotgan futbolchilarga jalb etishda muhim omil bo‘ldi. Xorijlik jurnalistlarning yozishicha, bu vaziyatdan eng unumli foydalangan futbolchi o‘zbekistonlik legioner Jasur Yaxshiboev bo‘ldi.
Odatda, Belarus chempionati Evropadagi boshqa ligalar soyasida qolib ketadi va bu erdan kuchliroq jamoaga ko‘chib o‘tish amri mahol. Lekin bugungi vaziyatda ko‘pchilik bu musobaqani kuzatib, undan iste’dodli futbolchilarni qidirmoqda.
Rossiyaning mashhur “Futbol na kulichkax” sayti Belarus chempionati tahliliga bag‘ishlangan maqolasida “Yaxshiboev sakkiz tur ichida o‘zini shu darajada ko‘rsatdiki, u haqida boshqa mamlakatlarda ham gapira boshlashdi. Uning gollari jamoasini yuqoriga ko‘tardi. “Paxtakor” tayyor tursin – tez orada Yaxshiboevning transferi bo‘yicha o‘nlab takliflar oladi”, deb izoh berildi.
Ravshan Ermatov:
Xudo bersa, Jasur Evropaning katta klublariga o‘tadi
Jahon chempionatlarida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha jahon rekordchisi, ayni paytda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ham Sputnik nashriga bergan intervyusida Jasurning iqtidorini e’tirof etgan.
“Yaxshiboev – juda istedodli futbolchi. Uning katta futbolda o‘ynay olishiga hech qanday shubha bo‘lmagan. Xudo bersa, Bedlarus orqali Evropaning katta klublariga o‘tadi. Biz unga ishonamiz”, - deya Ravshan Ermatovdan iqtibos keltirilgan.
Yo‘l azobi va berilmagan imkoniyat
Jasur asli Chinozdan. Futbol sir-asrorlarini o‘rganish uchun 7 yoshidan 60 kilometr masofa bosib, har kuni poytaxtga kelardi. Unga buvisi ko‘makchi va hamroh edi. Har kuni yo‘l azobida Toshkentga qatnashdan zerikkan Jasur 7-sinfga kelib, “Paxtakor” internatiga kirdi va 19 yoshida asosiy jamoada to‘p surishga tayyor bo‘ldi.
“Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze yosh iste’dod egasiga e’tibor qaratmadi. Mana shu omil keyinchalik o‘rtadagi munosabatlarning sovushida va buning oqibatida Yaxshiboev Belarusga ketishida muhim rol o‘ynadi.
Xullas, Jasur Yaxshiboev yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kuchli o‘yin ko‘rsatib, mutaxassislar e’tiboriga tushdi. Endi ichki chempionatda 10 daqiqa o‘ynash uni qoniqtirmasdi. Buning yo‘li topildi va u AGMKga ijaraga berildi.
Olmaliqliklar safida 9 ta o‘yinda birorta gol urolmagan bo‘lsa-da, o‘yini ochildi. Buni ko‘rib, uni ortga qaytargan Arveladzening murabbiylar shtabi Jasurga yana etarlicha imkon bermadi.
Olmaliqda Shahboz Umarov bilan tanishgan Jasur uning yordami va maslahati bilan tavakkal qilib, Evropaga yo‘l oldi.
“Biz Yaxshiboevni kuzatdik. U nafaqat Belarusda, balki butun Osiyoda nom tarata boshlagandi. Mana uning o‘yinini ko‘ryapsizlar. Hozir mamlakatimizda bunaqasi yo‘q” - deydi “Energetik-BGU” bosh murabbiyi Vladimir Belyavskiy Pressbol nashriga bergan intervyusida.
Janubiy Koreyani rad etib, Belarusni tanladi
Jasur Yaxshiboev yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zini ko‘rsatgan do‘stlari kabi qit’amiz jamoalari e’tiboriga tushdi. Unga Janubiy Koreyadan aniq takliflar bo‘ldi. Ularga yosh futbolchi rad javobini berdi.
“Men Evropani tanladim, chunki bu boshqa daraja”, degan edi Jasur Yaxshiboev belaruslik jurnalistlarga.
Oradan o‘tgan qisqa vaqt Jasur Yaxshiboev tutgan yo‘l to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Hozir unga boshqa mamlakatlardan qiziqish bo‘lmoqda. Pandemiya sabab boshqa ligalar to‘xtatilmaganida balki hamyurtimizning o‘yini ko‘zga tashlanmasligi ham mumkin edi. Lekin yuzaga kelgan vaziyat futbolchimiz foydasiga ishladi va u hozir Evropada tanilib bormoqda.
Rossiyaning mashhur futbol agentlaridan Timur Gurtskaya Youtube kanalidagi efiri chog‘ida “Belarusda yaxshi o‘zbek futbolchisi o‘ynamoqda. U Yaxshiboev. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, u Rossiyada o‘ynab keta oladigan Belarus chempionatidagi yagona futbolchi”, degan fikrni bildirgani ham yuqoridagi so‘zimizga tasdiq bo‘la oladi.
Bu yog‘iga nima bo‘ladi?
Bugungi kunda O‘zbekistonda eng mashhur futbolchiga aylangan Jasur Yaxshiboev o‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘ygan.
“Men Belarus chempionati to‘purari bo‘lmoqchiman. Agar butun mavsum davomida yaxshi o‘ynasam, kuchliroq chempionatga o‘tish uchun imkoniyat bo‘ladi”, deydi Jasur Yaxshiboev.
Hozircha, o‘zbekistonlik legioner ayrim jamoalar kuzatuvida. Hatto, Polsha chempionatida ishtirok etuvchi “Rakuv” klubidan aniq taklif ham bo‘ldi.
Ayni paytda, Jasur o‘z ustidan ko‘proq ishlab, mahoratini yanada sayqallashga harakat qilmoqda. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
Biz esa uning faoliyatida omad tilaymiz. Balki O‘zbekiston terma jamoasini yaqin kelajakda jahon chempionatiga aynan Jasur Yaxshiboev olib chiqar?! Bu yog‘iga vaqt hakam.
Fikrlar