"Yonayotgan" "Paxtakor" bosimsiz "Nasaf"dan 2016 yildagi mag‘lubiyat uchun qasos olishga urinib ko‘radi (prevyu)

  • 6 mart, 2021, 11:53
  • Javokhir Azimov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun yurtimizga katta futbol qaytadi. Pandemiya tufayli butunlay bo‘shab qolgan stadionlar yana muxlislar bilan to‘lib-toshadi. Bugungi kundagi O‘zbekistonning ikki grandi o‘rtasidagi bellashuv hech qaysi tomoshabinni befarq qoldirishi mumkin emas. O‘tgan mavsum Superliga va kubokni o‘ziniki qilgan "Paxtakor"da yilni xursandchilik bilan boshlash uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Piter Xyuistra "sherlar" bosh murabbiyi sifatidagi rasmiy debyutida sovrin qo‘lga kiritishi mumkin. Bu ajoyib motivatsiya bo‘ladi, nazarimizda. Qarama-qarshi tomonda esa, vaziyat ancha o‘zgacha. Shundoq ham bir necha yulduzlaridan ayrilgan "Nasaf" Ro‘ziqul Berdievsiz mashg‘ulot o‘tashga majbur bo‘ldi. Berdiev mavsumoldi yig‘inlari, xususan, kecha bo‘lib o‘tgan Superkubok oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmadi. Ammo xabarlarga qaraganda, 49 yoshli mutaxassis bilan hammasi joyida va u Samarqandga etib kelgan. Biz esa bevosita jamoalarning imkoniyatlari haqida fikr yuritamiz.

paxtakor - nasaf

"Paxtakor" 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, "Paxtakor" Superkubok uchun borini maydonga tashlaydi. Sababi, niderlandiyalik murabbiy rahbariyat oldida qilingan transferlar va bildirilgan ishonchni oqlashi shart. Bundan tashqari, "sherlar" o‘z tarixida hali biror marta ushbu sovringa ega chiqmagan. 3 bor bunga yaqin kelgan jamoa har safar turli klublar tomonidan to‘xtatib qolingan. O‘tgan asr so‘ngida "Navbahor", 2015 yilda "Lokomotiv" "Paxtakor"dan ustun kelgan bo‘lsa, 2016 yilgi Superkubok "Nasaf"ga nasib etgan. Demak, poytaxtliklarda bugun revansh kayfiyati bor va umid qilamizki, bu o‘yin intrigasi eng yuqori cho‘qqiga chiqishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, tarkibga jalb etilgan yangi futbolchilar uchun ham bu debyut yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin. O‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatish orqali Rashidov, Turg‘unboev, Muhitdinov kabi futbolchilar yangi etakchiga aylanib olishi hech gap emas.

paxtakor - nasaf.jpg1

Taxminiy tarkib: Suyunov, Sayfiev, Ismoilov, Krimets, Alijonov, Sobirxo‘jaev, Muhitdinov, Cheran, Rashidov, Turg‘unboev, Derdiyok.

Piter Xyuistra: "Jamoamiz ushbu kubokni hali qo‘lga kiritmagan. Biz ertaga ushbu bo‘shliqni to‘ldirishni istaymiz. Maqsadimiz g‘alaba qozonib, sovrinlar sonini oshirish. O‘yinchilar ketishi va kelishi odatiy hol. Bunga tayyor turish kerak. Superkubok mavsumga qay darajada hozirligimizni ko‘rsatadi. Raqibda ham bir necha o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mavsumga tayyorgarlik jarayonida bir necha o‘yinlarini ko‘rdim. Tarkib o‘zagini saqlab qolishdi. O‘yin uslubi o‘zgarmagan. Ular jiddiy qarshilik ko‘rsatib, jips futbol namoyish etishadi. O‘yinchilar har xil bo‘ladi. Vazifam ular orasida bog‘lamni tezroq shakllantirish va yaxshi o‘yin ko‘rsatishga urinish. Bu o‘ziga xos boshqotirma, undan chiqib ketishga intilamiz".

xyuistra

"Nasaf"

"Ajdarlar"ning holat raqibnikidan tubdan farq qiladi. Boisi, ularga barcha achinish ko‘zi bilan qaramoqda. Bu holatda qarshiliklarning favorit maqomida emasligini tabiiy. Aynan shu faktor ularga qo‘l kelishi mumkin. "Yaralangan" "Nasaf" kutilmaganda sokinlikka chek qo‘yishi mumkin. 2016 yil "Bunyodkor" stadionida kechgan bahsda "ajdarlar" so‘nggi sovrinini qo‘lga kiritgandi. Aynan "Paxtakor" mag‘lub etilgandi o‘shanda. Mana 5 yildirki, birorta muvaffaqiyatga erisha olmayotgan Berdiev jamoasi muxlislar ishonchini oqlash uchun ham bugun g‘alaba qozonishi shart. Barchasi 90 daqiqa ichida hal bo‘ladi va Superkubokni qo‘lga kiritgan taqdirda, "Nasaf" Superliga ilk turi oldidan kayfiyatni eng yuqori pog‘onaga chiqaradi. Darvoqe, ichki chempionat birinchi turida ushbu jamoalar yana to‘qnash keladi. Bugungi o‘yin natijasi keyingisiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olsak, bugun "Dinamo" stadionida super uchrashuv kutib turibdi.

paxtakor - nasaf.jpg1.jpg2

Taxminiy tarkib: Ne’matov, Aliqulov, Mannonov, Eshmurodov, Xo‘jamberdiev, Mozgovoy, Nasrullaev, Stanoevich, Bozorov, Nurilloev, Norchaev.

Shuxrat Toshpo‘latov: "Ertangi o‘yin oldidan jamoamiz kayfiyati a’lo darajada. Tayyorgarlik jarayoni reja asosida o‘tdi. Ertaga ikkinchi marta Superkubokni qo‘lga kiritish uchun harakat qilamiz. 2016 yil aynan “Paxtakor”ni mag‘lub etib, Superkubokda zafar quchgan edik. Ertaga ham ushbu natijani takrorlab, kubokni Qarshiga olib ketishni niyat qilganmiz. To‘g‘ri, tarkibda yo‘qotishlar bo‘ldi, ammo zaxirada xam o‘z navbatini kutib turgan iqtidorlar etarli. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida aynan ushbu futbolchilar o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va o‘ylaymanki, ular nazorat bahslarida o‘zlarini ko‘rsatdi".

Shuxrat Toshpolatov

So‘nggi bor 20 dekabr kuni katta futbol yurtimizda mehmon bo‘lgandi. Oradan 2 oydan ko‘proq vaqt o‘tib, bizda yana shunday imkoniyat yuzaga kelmoqda. Stadionda super muhit yaratish uchun muxlislar tribunalarga kiritilmoqda, adolatni ta’minlash maqsadida VAR tizimi joriy etildi, har ikki jamoaga qulay bo‘lishi uchun o‘yin neytral stadionda, tomonlar uchun uzoqligi deyarli teng shaharda o‘tkazilmoqda. Demak, bugun super futbol ko‘rish uchun hech nima to‘sqinlik qila olmaydi. Soat 16:00 ga rejalashtirgan barcha ishlaringizni qqoldiring. Bunday o‘yinlar doim ham bo‘lavermaydi!

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
06/03/2021 14:23
shu poliyani ham chempionat boshlanmasdan. qura orqali hal qilsa. masalan. kubik fenaliga sharik orqali hal qilinganday ayni. tasafur qiling. Navbahor stadiyoni kubik fenaliga chiqdi. muhlisla keyingisi yana kurushadi ayni. keyingi sharik. Super kubik poliyasini aniqlap beradi.