Yo‘qotishlar iskanjasidagi "Barselona" dahshatli "Bavariya"ni qabul qiladi (prevyu)

  • 14 sentabr, 2021, 18:11
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘z muxlislarini kuttirib qo‘ygan Evropa Chempionlar ligasi qaytish arafasida. Musobaqa ilk turdanoq bizga qiziqarli bahslarni tuhfa etmoqda. "E" guruhida ham ikki gigant, "Barselona" va "Bavariya" bugun o‘zaro to‘qnash keladi. Keling, mazkur uchrashuv oldidan jamoalarning holati va imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tamiz.

"Barselona"

"Ko‘k-anorranglilar" bugun Myunxen klubini o‘z maydonida qabul qiladi. Bu ma’lum miqdorda ularga ustunlik berishi mumkin. Ammo tarkibda ko‘p yo‘qotishlar mavjud. Dembele, Fati, Aguero, Breytueyt kabi hujum chizig‘i vakillari bu o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Shu tufayli, katta ehtimol Kuman bugun yangi futbolchi Lyuk De Yongni maydonga tushiradi. Shunday bo‘lsada, yaxshi yangiliklar ham bor. Himoyachi Jerar Pike mazkur o‘yinda o‘z klubiga yordam bera oladi. Shuningdek, Koutino ham safga qaytdi. Kataloniyaliklar La Ligani o‘rtacha tempda boshladi. Klub ilk turda "Real Sosedad"ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi. So‘ngra, "Atletik" maydonida qiyinchilik bilan durang natija qo‘lga kiritildi. Oxirgi bahsda jamoa Depay va Robertoning gollari evaziga "Xetafe" ustidan g‘alabaga erishdi. Umuman olganda, Kuman shogirdlarining holati u qadar yomon emas. Biroq bu o‘yin bilan kuchli raqiblarni engish ehtimoli kam. Balki, hali "ko‘k-anorranglilar" yana ham kuchliroq jamoaga aylana olar. Hozircha "Barselona"ning muammolari etarli darajada.

"Bavariya"

Myunxen klubida hammasi joyida, desam adashmagan bo‘laman. Ular yangi mavsumda Germaniya chempionatini g‘alabalar bilan boshladi. So‘nggi o‘yinda Nagelsmann shogirdlari o‘zlarining Bundesligadagi asosiy raqiblaridan biri bo‘lmish "Leyptsig"ni 4:1 hisobida tor-mor etdi. EChL o‘yini oldidan kayfiyat a’lo darajada. Ayrim manbalarda Levandovski va Gnabri "Barsa"ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi aytilayotgan edi. Lekin Leva kecha mashg‘ulotlarda qatnashdi. Serj ham Barselonaga o‘z jamoasi bilan yo‘l oldi. Demak, ular maydonga tushishga tayyor. Ikkala klub ham bugun o‘z darajasini namoyish etsa, Myunxen shahri klubi zafar quchishi ehtimoli baland. Chunki, "Bavariya" raqibidan ayni damda baribir kuchliroq. Shunday bo‘lsa-da, hammasi o‘zgacha bo‘lishi mumkin. Har holda "Barselona" ham bir qator yulduzlariga ega tarixan buyuk klub.

Murabbiylarning fikrlari

Kuman: "Bavariya" tajribali futbolchilarga ega ajoyib jamoa. Bu juda qiyin o‘yin bo‘ladi". Biroq biz ularni mag‘lub eta olamiz".

Nagelsmann: "Ular endi Messi bera oladigan ko‘p narsadan mahrum. Leo nihoyatda yaxshi futbolchi. Messi maydonda bo‘lgan paytda, uni qo‘riqlash o‘ziga yarasha zavqli ish.

Hozir ham ularda himoyachilardan o‘tib keta oladigan ajoyib futbolchilar bor. Ehtimol, endi ular bor mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish imkoniyatiga ega bo‘lishar. Misol uchun, De Yong va Pedri. Bu ikki yarim himoyachi yosh va juda ham iste’dodli.

Ularning himoya chizig‘ida ko‘p narsa o‘zgardi. Jamoadagi barcha futbolchilar to‘pni olib qo‘yish uchun astoydil harakat qilmoqda. Bu so‘nggi yillarda yaqqol ko‘zga tashlanayotgan holat. "Barsa" yaqinda 3-5-2 taktik sxemada o‘ynagan bo‘lsa, endilikda 4-3-3 sxemada maydonga tushmoqda.
Men bu klubni yomonroq yoki yaxshilanayotgan, deb aytmagan bo‘lar edim. Lekin bu avvalgilaridan boshqacha, kelajak jamoasi.

Kataloniya klubi 4-3-3ga o‘tganda, Buskets himoyaga qaytadi. Shu sababli, ular deyarli har safar 3 ta himoyachi bilan o‘ynaydi.

"Barsa" 3-5-2 ko‘rinishidagi ham maydonga tushishi mumkin. Bu taktik sxemada klub ajoyib natijalarga ega bo‘ldi. Menimcha, kataloniyaliklar shu sxemada o‘yin boshlaydi. Biz esa hammasiga tayyorgarlik ko‘rdik. Menimcha, bizni ajablantiradigan hech narsa sodir bo‘lmaydi.

Raqibning o‘yin uslubidan qati nazar, biz o‘z futbolimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz".

O‘yinlar tarixi

Bu klublar rasmiy o‘yinlarda umumiy miqdorda 9 ta o‘yin o‘tkazgan. Mazkur uchrashuvlarning 6 tasida "Bavariya"ning qo‘li baland kelgan, ikki bahs esa "Barselona" foydasiga. Faqatgina bir bor jamoalar murosa yo‘lini tanlagan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!