
"Yurtingizda o‘zimizni juda qulay his qilyapmiz" - Tojikiston terma jamoasi ustozi O‘zbekiston, Shomurodov va Masharipovni qanday ta’rifladi?
Yurtimizda CAFA musobaqasi boshlanishiga oz qoldi. Terma jamoalar Toshkentda tayyorgarligini olib borishyapti. Birinchilardan bo‘lib kelgan Tojikiston milliy termasi ham astoydil hozirlik ko‘ryapti. Xorvatiyalik bosh murabbiyi Petr Segrt esa musobaqa oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Terma jamoangizning tayyorgarligi qanday ketyapti?
- Biz Tojikiston milliy chempionatidagi 14 nafar futbolchi bilan yig‘inni boshlagandik. Chunki FIFA kunlari 2 iyundan boshlandi va biz buni hurmat qilishimiz kerak. Ammo ungacha klublarimiz bilan maslahatlashgan holatda imkoni qadar ko‘proq futbolchilarni jalb qilishga harakat qildik. Bugungi kunda biz bilan 21 nafar o‘yinchi shug‘ullanmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston Superliga va pro liga klublariga rahmat aytmoqchiman. Chunki ular futbolchilarni Tojikiston termasiga bir necha kun avval qo‘yib yuborishdi.
- CAFA musobaqasidan nimani ko‘zlayapsiz?
- Avvalo CAFA musobaqasini o‘tkazish oldimizdagi muhim turnirlar uchun juda yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun foydali bo‘lgan musobaqa. Mening fikrimcha, ushbu turnirda O‘zbekiston, Ummon va Eron terma jamoalari favorit maqomida ishtirok etishmoqda. Tojikiston milliy terma jamoasi sifatida biz o‘z imkoniyatimizdan to‘liq foydalanib, kichik imkoniyatlardan maksimal foydalanishga harakat qilamiz. Bu bizning maqsadimiz.
- Toshkentga ancha barvaqt keldinglar. Poytaxtdagi vaqtingiz qanday o‘tyapti?
- Musobaqa bo‘lib o‘tadigan davlatga ancha erta kelish – bu normal holat deb hisoblayman. Ayniqsa, bu guruhda O‘zbekiston bizning raqiblarimizdan bittasi. Imkon qadar Tojikiston milliy terma jamoasi murabbiyi sifatida futbolchilarimizning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holatda eng yaxshi natijalarni qayd etishga harakat qilamiz. Ammo bir narsani aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekistonda bo‘lishdan juda xursandmiz. Chunki barcha o‘zbekistonlik insonlar bizga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lishadi. Bu mening Namangandan keyingi O‘zbekistonda ikkinchi bor bo‘lishim. Ushbu madaniyat, o‘zbek oshxonasini va umuman, O‘zbekistonni yanada yaxshi ko‘rib qolyapman. Aytib o‘tishim mumkinki, Tojikiston milliy terma jamoasi safidagi barcha a’zolari yurtingizda o‘zimizni juda erkin va qulay his qilyapmiz. Hamma o‘zbekistonliklarga rahmat. Negaki, bu darajadagi mehmondorchilik va kutib olish bizning yosh tojikistonlik futbolchilar uchun juda ham muhim. Bundan tashqari, Tojikiston terma jamoasi xodimlari va biz murabbiylar ham xursandmiz.
- O‘zbekiston terma jamoasining asosiy kuchi nimada deb o‘ylaysiz?
- Sizlarda iqtidorlarni, sifatli futbolchilarni saralab oluvchi juda yaxshi va katta tajribaga ega bo‘lgan Katanets terma jamoaga murabbiylik qiladi. Qolaversa, O‘zbekistonda futbolchilarni rivojlantiradigan o‘ziga xos sistema mavjud. Chunki yoshlar doimo davlatning kelajagi bo‘lgan va O‘zbekistonda tasvirlab bo‘lmas darajada katta resurslar bor. Yosh va iqtidorli o‘yinchilar juda ko‘p. O‘zbekiston termasining tajribali futbolchilari bilan birgalikda ular kelgusi katta musobaqalarda butun dunyo uchun haqiqiy syurpriz jamoaga aylanishi mumkin.
- Shomurodovning “Spetsiya”dagi faoliyatini qanday baholaysiz?
- Men faqatgina Eldor Shomurodovni juda ham ajoyib o‘yinchi deb aytishim mumkin.
- Ronalduning jamoadoshi – Masharipovni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
- Dunyoning istalgan futbolchisi uchun Ronaldu bilan jamoadosh bo‘lish alohida ma’no beradi va alohida ahamiyatga ega. Tabiiyki, Jaloliddin Masharipov bunday imkoniyatidan xursand bo‘lishi kerak. Men 2008 yilda Gruziya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Portugaliyaga qarshi o‘yin o‘tkazganman. O‘shanda Portugaliyada bosh murabbiy Skolari edi. Ronaldu ham bizga qarshi maydonga tushgan. U paytda Krishtianu yosh hujumchi edi. Lekin hamma uning o‘yinlardagi kuchli sifatlarini ko‘rayotgandi. Men ham Ronalduni juda yoqtirardim. Ayniqsa, uchrashuvdan oldingi u bilan kichik suhbatimiz davomida insoniylik jihatdan ham ajoyib yigit ekanini bilganman. Ko‘pchilik futbolchilarni maydondagi harakatlariga qarab sifatlaydi. Ammo u hali ham dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri. Buning sabablaridan biri esa ajoyib insoniyligi va o‘ziga xos xarakteri deb aytish mumkin. Men Ronalduni yaxshi ko‘raman. U bilan futboldan tashqari biroz suhbat qurganimiz ajoyib bo‘lgandi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar