Yuz million yevro turadigan yulduzcha o‘ziga superklub tanladi
«Bornmut» klubining 19 yoshli hujumchisi Eli Krupi yozgi transfer oynasidan «Pari Sen-Jermen»ni o‘zining asosiy varianti sifatida ko‘rayotgani xabar qilinmoqda. Bu haqida Transfer News Live nashri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lumot berdi.
Futbolchining taxminiy transfer bahosi 100 million yevro atrofida baholanmoqda. Aynan shu yuqori summa hozircha «PSJ»ning faol qiziqishini pasaytirayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, «Bornmut» talab qilayotgan narxni tushirsa, vaziyat keskin o‘zgarishi mumkin.
Krupiga nisbatan qiziqish faqat parijliklar bilan cheklanmaydi. Avvalroq unga «Arsenal» va futbolchining o‘yinlarini yaqinidan kuzatib borayotgan «Manchester Siti» tomonidan ham talabgorlar borligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Aprel oyida esa myunxenlik «Bavariya» ham yosh forvard nomzodiga jiddiy e’tibor qaratgani ma’lum bo‘lgan.
O‘tgan mavsumda Eli Krupi «Bornmut» tarkibida 35 o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchining bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etadi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan.

Fikrlar