Zamonamiz qoloqliklari ayrim klublarimizning tashkiliy masalalarida mujassam
Pastdagi futbol stadioniga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Taxminan, 70-80 yil avvalgi. Muxlislar, stadion va futbolchilar. Menimcha, futboldagi eng muhim uch element shular. Biroq har bir soha zamonga moslashib, uning talablari bilan ish tutishga majbur bo‘lib bormoqda. Biroq ayrim klublarimiz stadionlaridagi vaziyat mana shu suratdagidan biroz o‘zgargan holos. Misol uchun, mana shu stadionda Wi Fi yo‘q. Superligamizdagi ayrim klublarning stadionlarida esa ishlamaydi. Kichik farq shunda.

Superliganing 4-turidan o‘rin olgan o‘yinda "So‘gdiyona" o‘z uyida "Paxtakor"ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Uchrashuvning 46-daqiqasida Doriev hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 6 daqiqa o‘tib Jorjovich hisobni 2 taga etkazib, jamoasining g‘alabasini ta’minlagan. Ushbu bellashuvda "bo‘rilar"dan murabbiy va futbolchilar o‘z ishini a’lo darajada bajargan. Biroq o‘yinni o‘tkazishga mas’ullar "kalla qo‘yish"dan bo‘shashmagani bilinib qoldi. O‘zbekiston Superligasi, eng asosiy ligadagi bitta uchrashuvda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni ko‘rib va bu kamchiliklar naqadar mayda ekanligidan kelib chiqib, kishining xafsalasi pir bo‘ladi. O‘z ishini mas’uliyat bilan qiluvchi haqiqiy profesionallar aksar futbol klublarimizda noyoblashib ketyapti. Kamyob va noyoblar..
Demak, "So‘g‘diyona" va "Paxtakor" uchrashuvida mezbon jamoa tomonida aniqlangan kamchiliklarga diqqatni qarating:
➖ Uchrashuvning 80-daqiqasida tribunadan ikki muxlis tushib kelib, uchrashuvni maydonga yaqin joydan tomosha qilgan;
➖ Litsenziyasiz shaxslarning texnik zonada yurgan;
➖ Uchrashuvdan so‘ng ham ikki muxlisning maydonga yugurib tushgan;
➖ Zambil va zambil ko‘taruvchi xodimlar etarli darajada bo‘lmagan;
➖ Zambil ko‘taruvchi xodimlar uchun o‘rindiqlar taqdim etilmagan;
➖ Stadionda internet uchrashuvdan keyin ishlamagan.
Mana shu kamchiliklar uchun tartib-intizom qo‘mitasi “So‘g‘diyona”ni jarimaga tortdi.
Chempionlikni maqsad qilgan va tarkibni millionlar sarflab kuchaytirgan "Neftchi"da ham bu ahvol:
Superliga chempionatining 6-turi doirasidagi “Neftchi” — “Paxtakor” uchrashuvi davomida “Superliga va Proliga reglamenti”ning 15.1-bandiga asosan “Neftchi” jamoasi uchrashuvni tashkil qilishda bir qancha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Jumladan, uchrashuv davomida Liga komissari uchun ajratilgan xona va darvozalar ortida joylashgan fotograflar uchun ajratilgan maxsus hududda Wi-FI internet tarmog‘i ishlamagani hamda uchrashuv avvalida jamoaviy suratga tushish uchun foydalaniladigan “Artel” brendi aks etgan maxsus konstruktsiyaning 2024 yilgi mavsumdagisi maydonga olib chiqilgani qayd etilgan.
Hozir Wi Fi o‘rtamiyona oilalarning uyida ham bor. Biroq chempionatni va aynan o‘z klubingizni o‘yinini yoritishi kerak bo‘lgan fotograflar uchun Wi Fi muammo bo‘lsa, faqat va faqat ensa qotishi mumkin. XXI asrning, zamonamizning qoloqliklari ayrim klublarimizning tashkiliy masalalarida mujassam.
Yana mana bu ham xunuk epizod. O‘zbekistondagi eng yaxshi futbol fan klubiga umuman yarashmaydigan darajada yomon.
Karim Xudayqulov



Fikrlar