"Chelsi"ning sobiq rahbari Turkiya grandini sotib olishi mumkin
Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich, 2003–2022 yillar oralig‘ida "Chelsi" klubi egasi bo‘lgan, endilikda u Turkiya grandlaridan biri — "Galatasaroy" aktsiyadorlari safidan joy olmoqchi. Bu haqda turkiyalik "Sözcü" nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, milliarder allaqachon Bosfor bo‘yidan hashamatli qasr sotib olgan va Istanbulga ko‘chib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Abramovich 2022 yil may oyida "aristokratlar"ni amerikalik investor Todd Boeliga sotgan edi. 2025 yilda esa u professional futboldan butunlay ketganini va endilikda bu sohada hech qanday rol o‘ynamasligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Abramovich davrida "Chelsi" 5 marta Angliya chempioni, 5 marta Angliya kubogi sohibi, 3 marta Liga kubogi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, londonliklar uning rahbarligi ostida ikki bor Chempionlar Ligasi va ikki bor Evropa Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

Fikrlar