
«Buvijonim qoidasi»! Irlandiya terma jamoasida kimlar to‘p surishi mumkin edi?!
Futbol olamida nom qozongan irlandiyalik futbolchilar etarlicha topiladi. Roy Kin, Robbi Kin, Dammien Daff… Shunga qaramay, bu ro‘yxatda boshqa futbolchilar ham bo‘lishi mumkin edi. Irland qoni bor, biroq boshqa terma jamoadan tushgan taklifni qabul qilgan futbolchilar juda ko‘p. Ular kim deysizmi?! E’tiboringizga aynan shunday futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoani havola etamiz.
Darvozabon:
Jo Korrigan (Angliya)
«Manchester Siti» afsonasi sanalgan Korrigan «shaharliklar» safida 603 ta o‘yin o‘tkazgan. Bu klub tarixidagi eng yaxshi ikkinchi ko‘rsatkich sanaladi. Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan, bir necha bor Liga va Angliya kubogida zafar quchgan. Otasi irland bo‘lishiga qaramay, Jo Angliya terma jamoasidan tushgan taklifni qabul qiladi. Vaholanki, unga inglizlar atigi 4 ta o‘yinda o‘z darvozalarini ishonib topshirgan.
Himoyachilar:
Vinni Jons (Uels)
Taniqli suyak sindiruvchi himoyachini qanot himoyasiga joylashtiramiz. Uning mudofaadagi o‘yini ramziy jamoamizning raqiblariga ko‘plab muammolar keltirib chiqarishi aniq. Jons «Uimblod» safida ko‘zga ko‘rinishni boshlagan chog‘lari, Irlandiya futbol rahbarlari taklif bilan chiqishdi. Gap shundaki, Vinnining buvisi va buvasi Dublinda tug‘ilib o‘sgan edi. Jons esa, onasining vatani uchun to‘p surishni afzal ko‘rdi.
Rio Ferdinand (Angliya)
Ferdinandning asl ismi Kevin ekanligidan xabaringiz bormi? «Manchester Yunayted» afsonasining otasi Sent-Lyuisdan. Karib dengizidagi orollardan biri shunday nomlanadi. Sobiq futbolchining onasi Jenis irlandiyalik. U o‘g‘lini 17 yoshlida dunyoga keltiradi. Rio oilada eng kattasi. Undan keyin tug‘ilgan singlisi va ukalari to‘liqligicha Irlandiya terma jamoasi muxlisi sanaladi. Ferdinandning yaqin qarindoshi Ken esa, «yashillar»ning yoshlar jamoasida ham to‘p surgan. Qahramonimizni inobatga olmasak, chinakam irlandcha oila.
Toni Adams (Angliya)
«Arsenal» jamoasining barcha zamonlardagi eng yaxshi sardori ham boshqa terma jamoa libosida to‘p surishi mumkin edi. Undagi iqtidorni ingliz klublari juda erta payqab qoladi va bolakayni Londonga olib ketishadi. Afsuski, Toni Irlandiyani tark etgach, u erga qaytib kelmadi. Undan ajoyib sardor chiqishi mumkin edi.
Stiv Bryus (Angliya)
Stiv bugungi ro‘yxatimizdagi eng omadsiz futbolchi. Irland bo‘lishiga qaramay, «uch sherlar»ni tanlagan yigit termadan chaqiruv olgani yo‘q. Bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarini inobatga olmasa, Bryus klubdagi faoliyati bilan muxlislar yodida qoldi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan futbolchi o‘g‘li Aleks Bryusni Irlandiya terma jamoasi sharafini himoya qilishini qo‘llab-quvvatladi.
Yarim himoyachilar:
Pol Skoulz
Xavi tomonidan barcha zamonlardagi eng yaxshi yarim himoyachi, deb ta’rif berilgan futbolchi ham aslida ingliz emas. Uning buvasi Shimoliy Irlandiyadan. Buvisi esa, Irlandiya fuqarosi bo‘lgan. Pol futboldan abadiy chetda qolishi mumkin edi, biroq ser Aleksning yordamchisi Brayn Kidning tashabbusi bilan «qizil iblislar» akademiyasiga qabul qilinadi. Astma va osteoxondroz bilan og‘rigan bolakay, ko‘p o‘tmay zamonasining eng kuchli futbolchilaridan biri bo‘lib etishdi. Angliya terma jamoasidan tushgan taklifga qaramay, Pol xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsata olmadi.
Tim Kexill (Avstraliya)
Avstraliya futboli afsonasi "Yashil qit’a" uchun 107 o‘yinda maydonga tushgan. Gollari soni 50 dan ortiq. Uning otasi irland, onasi samoalik. U Sidney shahrida dunyoga kelgan. Avval boshida, Tim Samoa terma jamoasi yoshlari bilan shug‘ullandi, biroq «kengurular» vakillari uni tezda o‘z tomoniga og‘dirib oldi. «Everton» muxlislarining yoqimtoyi bemalol Irlandiya terma jamoasi sharafini himoya qilishi mumkin edi. Shunda yig‘inlar uchun bir necha soatlab samolyotda uchishga hojat qolmagan bo‘lar edi.
Pol Gaskoyn (Angliya)
«Buyuk Gazz» avval boshidan yashil libosdan mahrum qilingan. Ushbu yurt xalqi haqidagi keskin so‘zlaridan so‘ng, uni Dublinda sog‘ qo‘ymasliklari aniq edi. 1987 yilda Polni Irlandiya futbol rahbarlari uchrashuvga chorlaydi, ammo bir hafta ilgari yosh futbolchi Angliya terma jamoasidan taklif olgan edi.
Etnik jihatdan irland bo‘lishiga qaramay, Pol ingliz futbol muxlislari mehrini qozonishga muvaffaq bo‘lgan.
Hujumchilar:
Ueyn Runi (Angliya)
Runi Liverpul shahriga ishlash uchun kelgan irland oilasida dunyoga kelgan. Sodda va jangari yigit. U shu qadar erta ko‘zga tashlandiki, hatto «yashillar» terma jamoaga taklif jo‘natishga ham ulgurmay qoldi.
Xarri Keyn (Angliya)
Angliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lish uchun harakat qilayotgan hujumchi ham aslida ingliz emas. Uning ota onasi irlandiyalik. Aslida, futbolchida tanlov mavjud edi. Uning ota-onasi aynan Angliya terma jamoasi foydasiga qaror qabul qilishda katta rol ijro etgan. Shu bois, «Tottenxem» sardorini irlandiyalik muxlislar hech qachon tanqid qilishmaydi.
Alfredo Di Stefano (Argentina)
«Real» afsonasi Janubiy Amerikada tavallud topgan. Shunga qaramay, unda irland qoni ham mavjud. Uning bobolari italyan va frantsuz millatiga mansub bo‘lgan. Futbolchining singlisiga Norma, deb ism qo‘yishgan. Bu 100 foiz irland xalqiga mansub ism. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘tgan asrning eng yaxshi futbolchisi ham Irlandiya termasi a’zosi bo‘lishi mumkin edi.
Zaxiradagilar:
Rayan Meara, Djon O'Brayen (AQSh), Jon Flenagan, Natan Redmond, Martin Kioun, Kevin Nolan, Mark Nobl, Jek Grilish, Deklan Rays, Patrik Bemford (Angliya) Darren Fletcher (Shotlandiya), Frank Kedryu (Frantsiya), Fabian O’Nil, Diego Forlan (Urugvay).
Forlanning bu ro‘yxatda ko‘rinish berishi g‘alati tuyuladi, ammo uning bobosi Janubiy Amerikaga ko‘chib kelgan 120 ming fermerdan biri edi. Shunday bo‘lsada, ushbu yurt futboli yulduzlaridan Angliya juda oqilona foydalanib kelmoqda. Ayniqsa, Jek Grilishni qo‘lga kiritish, Angliya uchun Evropa chempionatida katta naf keltirishi mumkin.
Fikrlar