"2 ta farzandim ham Qatarda dunyoga kelgan, transfer masalasi sira bo‘la qolsin" yoxud Sardor Rashidov "Umm Salal"ga qanday kelgani, moliyaviy taklif va "Paxtakor"ning ishtiroki haqida intervyu berdi

  • 5 iyul, 2022, 18:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, yaqinda tajribali futbolchi Sardor Rashidov yana Qatar chempionatiga qaytdi. Bu safar “Umm Salal” a’zosiga aylandi.

Tecno

“Paxtakor”da o‘ynab yurgan yarim himoyachi kutilmaganda qarorini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. Bilamizki, ilgari ham Rashidov Qatarda “Al-Jayish” hamda “Qatar SK” klublarida to‘p surgan va o‘zidan iliq taassurot qoldirgan. Shu sababli qatarliklar har doim Sardorga katta qiziqish bilan qarashadi.

Futbolchimiz allaqachon yangi klubiga qo‘shilgan va shartnoma imzoalagan. Shu sababli oldindan kelishuvimizga ko‘ra, Rashidov “Umm Salal” bilan barcha rasmiyatchiliklarni bitirgach, Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- Sardor, avvalambor, sizni “Umm Salal” klubi a’zosiga aylanganingiz bilan qutlaymiz. Ayting-chi, ushbu taklif qanday paydo bo‘ldi? To‘satdanmi yoki anchadan beri mavjudmidi?

- Tabrik uchun rahmat. “Umm Salal” bilan kelishuvimiz to‘satdan amalga oshdi. Chunki bu klubda oldin o‘zim bilan birga futbol o‘ynab, keyin menejerlik qilgan va so‘ngra “Qatar SK” klubida murabbiyim bo‘lgan Vesam Rizk meni jamoaga taklif qildi. Natijada bu taklif klub prezidenti, shayxiga ma’qul keldi. Oldin Qatarda boshqa jamoada o‘ynab yurganimda “Umm Salal” ham menga taklif bilan chiqqandi. Bu safar esa amalga oshdi. Xudoga shukr, Qatarga va “Umm Salal”ga qaytganimdan xursandman.

sardor

- Sizni yangi jamoangizda qanday qarshi olishdi? U erda siz uchun eski do‘stlaringiz ham bormi?

- Klubda meni juda yaxshi qabul qilishdi. Negaki, bu erda deyarli barcha futbolchi bilan tanishman. Qolaversa, “Al-Jayish”da o‘ynagan darvozabon, himoyachi va markazda o‘ynaydigan futbolchi bilan birga to‘p surganmiz. Shuningdek, ular bilan “Qatar SK”da ham o‘ynaganmiz. Meni yaxshi kutib olishganidan xursand bo‘ldim.

- Qatar chempionatiga juda moslashgansiz va buni ilgari ham ko‘rganmiz. Aytmoqchimanki, o‘zimizni chempionatdan ko‘ra Qatar chempionatida o‘zingizni ancha qulay va erkin his qilasizmi? Aynan ko‘proq nimasi bilan yoqadi?

- Ha, Qatarda o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Chunki Qatar – bu mening ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham bu erda o‘zimni qulay his qilaman va Qatar chempionati ham menga begona emas. 2015 yildan beri ushbu chempionatda o‘ynab kelaman. Bilasizmi, bu erda xuddi uyimda, O‘zbekiston chempionatida to‘p surgandek his qilaman. Arab futbolchilariga moslashib o‘ynashga xohishim kuchliroq. Arab chempionati menga juda yoqadi.

rashidov2

- “Paxtakor”ni qanday tark etdingiz? Kelishuv bo‘yicha transferingiz uchun qatarliklar pul to‘lashdimi yoki shartnomani o‘zaro kelishib bekor qildingizmi?

- Albatta, “Paxtakor” bilan xayrlashdim. Transfer masalasi klub va mening o‘rtamda sir bo‘la qolsin. Buni oshkor qilmaymiz. Tabiiyki, “Paxtakor” ham, men ham bu transferdan xursandmiz.

- “Umm Salal”da qaysi raqamni tanladingiz? Eshitishimcha, bir yillik shartnoma tuzibsiz-a?!

- “Umm Salal”da 7-raqamni oldim. Albatta, bir yillik shartnomaga imzo chekdim. Xudo xohlasa, Qatarda yanada ko‘proq qolishga harakat qilamiz.

sardor rashidov

- Ma’lumki, bu yil Qatarda jahon chempionati o‘tadi va endi sizda mundialni jonli kuzatish imkoni bor, bundan foydalanasizmi? Qaysi termaga muxlislik qilasiz?

- Albatta, bundan juda xursandman. Chunki jahon chempionati Qatarda bo‘lib o‘tadi. Bizning chempionatimiz ham sentyabr oyida to‘xtatiladi deyishyapti. Jahon chempionatiga Qatar davlati tayyorgarlik ko‘radi. Men muxlislik qiladigan jamoam – bu Portugaliya. Imkoni bo‘lsa, Portugaliya terma jamoasining o‘yinlarini jonli ravishda ko‘rishga ishtiyoqim kuchli. Nasib qilsa, mundialni Qatarda kuzatamiz

- “Paxtakor”ni birinchi davradagi ishtiroki haqida so‘ramoqchiman. Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi qatnasha olmadi, Superligada ham bir qancha ochkolarni yo‘qotdi. Klubga nima bo‘ldi?

- To‘g‘ri, Chempionlar ligasida ham yaxshi ishtirok eta olmadik. Qolaversa, Superligada ham “Paxtakor” birinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. O‘ylaymanki, hali hammasi oldinda. Chunki klub nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Osiyoda o‘z nomiga ega jamoa. E’tibor bersangiz, xorij klublariga “Paxtakor”dan o‘yinchilar ketyapti. Ikkinchi davrada jamoani yaxshi o‘yin ko‘rsatadi, degan umiddaman. Chempionlikni nishonlashiga tilakdoshman.

- Nima deb o‘ylaysiz, bu endi siz uchun oxirgi legioner sifatidagi faoliyatingizga aylanadimi?

- Bilmadim, balki shunaqadir, balki yana imkoniyat bo‘lar. Hammasi Allohdan. Bu safar legioner sifatida ko‘proq muddat o‘ynamoqchiman. O‘zim ham ishga yanada ko‘proq professional tarzda yondashishim kerak. Chunki yoshim 31 ga qarab ketdi. Bunday paytda jismoniy holatni ushlash juda muhim. Futbolchi yoshi o‘tgan sari o‘z holatiga kuchliroq e’tibor berish kerak. Hamma narsaga professional yondashish lozim. O‘z vaqtida dam olish, ovqatlanish, shug‘ullanish, hamma-hammasiga professional yondashish talab qilinadi. Shuning uchun maksimal harakat qilaman.

rashidov3

- “Umm Salal”ga transferingiz e’lon qilinishidan bir kun avval “Qizilqum” darvozasiga super gol urdingiz. Ushbu golingizga Qatarda qanday reaktsiya bildirishdi?

- “Umm Salal” bilan shartnoma tuzishimdan bir kun oldin “Qizilqum” darvozasiga gol urdim. Avvalambor, bu golimga kelsak, oldin ham aytib o‘tganimdek, buni Xudo beradi. O‘sha golimni Qatarda yangi klubim prezidenti va murabbiylar ko‘rishdi. Ammo bu narsa murabbiyimga begona emas. Chunki uning qo‘li ostida bunday gollarni urganman, “Al-Jayish”da ham, “Qatar SK”da ham. “Umm Salal” rahbarlari ham juda xursand bo‘lishdi. Ular mendan ham shunaqa gollarni Qatarda ham kutishyapti. Nasib qilsa, yana shunday chiroyli gollarni urib, “Umm Salal” hamda uning muxlislarini xursand qilaman.

- Qatarga ko‘chib o‘tishingizda ularning moliyaviy taklifi asosiy o‘rindami va sizni o‘ziga jalb qildimi?

- Oldingi intervyularimda ham aytganman: moliyaviy tomondan ham menga yaxshi bo‘ldi. Buning ustiga Qatarda yashash ham menga ma’qul keladi. Oilam ham buni yaxshi biladi va ularning ham Qatarda yana bir bor yashashga xohishlari kuchli edi. Ikkita farzandim ham Qatarda dunyoga kelgan. Shuning uchun bizda moliyaviy tarafdan ham, u erda yashash jihatidan ham ustunlik bo‘ldi. Qatarga ko‘chib o‘tganimizdan juda xursand bo‘ldik. Aytib o‘tganimdek, bu bizning ikkinchi uyimiz hisoblanadi.

rashidov

- Oxirgi savol. Klubni oldiga qo‘ygan vazifasi qanday? Sizdan nimani talab qilishyapti va bosh murabbiy Vesam Rizk o‘zingizdan qanday foydalanmoqchi?

- Klub oldiga qo‘ygan maqsadlari kuchli uchtalik va birinchi o‘ringa harakat. Klub shayxi bizdan kuchli uchtalikdan pastga tushmaslikni talab qilmoqda. Murabbiyimiz ham shu fikrda. Klub shayxi jamoa bilan yig‘ilish o‘tkazganida juda ta’sirli gaplarini aytdi. Bu yil “Umm Salal” boshqacha klub bo‘ladi, chunki butun Qatar va muxlislar bizning klubga jiddiy e’tibor berishadi. Shu bois maqsad kuchli uchlikka kirish va iloji boricha birinchi o‘rin uchun kurashamiz deb aytdi. Vesam Rizk mendan qanday foydalanmoqchi? U mendan oldingi chiziqda faqat gol kutadi. Oldindan mening imkoniyatlarimni yaxshi biladi. Men ham Vesam Rizk mendan nimani xohlashini bilaman. Shu bois bu yil yaxshiroq harakat qilib, klub imijini oshirishga bor kuchimizni sarflaymiz. Bosh murabbiy ham buni juda xohlaydi. Chunki hali yosh mutaxassis. O‘z faoliyatida yaxshi yutuqlarga erishishni istaydi. Xudo xohlasa, maqsad yo‘lida barchamiz bir-birimizga yordam beramiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!