Bahodir Nasimov Ozarbayjondan ketmoqchi!

  • 4 dekabr, 2018, 09:35
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bahodir Nasimov muxlislarimiz uchun yaxshi tanish hujumchi. U o‘z o‘yinlari va gollari bilan o‘zidan ijobiy taassurot qoldirgan. Qolaversa, legioner sifatida ham bir qator chempionatlarda to‘p surdi. Hozirda esa Ozarbayjon chempionatida faoliyat olib borayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. U mahalliy “Keshla” jamoasida to‘p suryapti. Biroq futbolchimizning ham, klubining ham ishlari silliq kechmayapti. Katta ehtimol bilan Bahodir Nasimov o‘z klubini o‘zgartiradi. Boisi, u erdagi faoliyati futbolchimizni qoniqtirmayapti. Shu boisdan hujumchi boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga tayyor turibdi. Buni quyida o‘zi bilan uyushtirgan suhbat orqali ham bilib olishingiz mumkin.

Tecno

- Bokudagi hayotingiz qanday davom etmoqda?

- Bokudagi hayotim yaxshi. Mashg‘ulotlar bir maromda davom etyapti, o‘yinlar esa doimgidek o‘tyapti. Yana 3-4 ta turdan so‘ng birinchi davra tugaydi.

- “Keshla”dagi faoliyatingiz bir tekisda davom etmayotganini hisobga olsak, ketishga taraddud ko‘ryapsizmi?

- Ko‘ramiz, agar yaxshi variant chiqib qolsa ketaman. Hozir ta’kidlaganimdek, birinchi davra yakunigacha 3-4 ta tur qoldi. Ushbu o‘yinlarni ham o‘tkazib olganimizdan keyin ko‘p narsaga oydinlik kiritiladi. Rahbariyat bilan keyingi taqdirim haqida albatta gaplashaman. Menimcha, birinchi davradan keyin bu erdan ketaman.

- Agentingizga yangi jamoa qidirish borasida aytganmisiz?

- Agentim variantlarni qidiryapti. Ayni paytda 2-3 ta takliflar bor, yo‘q emas. Lekin hali “konkret” emas. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Agar jiddiy taklif paydo bo‘lsa, “Keshla” rahbariyati bilan gaplashib boshqa jamoaga ketaman.

- Ayting-chi, “Keshla” moliyaviy tomondan inqirozda emasmi?

- Moliyaviy tomondan jiddiy muammolar yo‘q. Oylik maoshlarimizni vaqtida berishyapti.

- 2018 yil ham yakuniga etib boryapti. Mazkur yil siz uchun nimasi bilan yodda qoladigan bo‘ldi?

- Rosti, biror nima deyishni bilmayman.

- Ozarbayjonda futbol saviyasi hozir qay darajada?

- Rostini aytganda, oldin o‘ynagan paytimda Ozarbayjonda futbol saviyasi kuchliroq edi. Hozir esa “Qorabog‘” jamoasi yakka peshqadam sifatida chempion bo‘lib kelyapti. Faqatgina “Neftchi” oz-moz qarshilik ko‘rsatishga urinmoqda. Ilgari esa 1-o‘rin uchun 5-6 ta jamoa kurash olib borardi. Oxirgi 4-5 yildan beri esa faqat “Qorabog‘” chempion bo‘lib kelyapti.

- U erdagi stadion maydonlari talab darajasidami? O‘zimizdagi maydonlar bilan solishtirib ko‘rgandirsiz?

- Sizga ochig‘ini aytsam, bizning maydonimiz sun’iy qoplamali. Boshqa maydonlar esa tabiiy va yaxshi holatda. Afsuski, faqatgina biz o‘ynaydigan maydon sun’iy va bu biroz yoqimsiz.

- Sun’iy maydonda to‘p surish noqulay bo‘lsa kerak-a? Qanday ko‘nikma olyapsiz?

- Sun’iy maydonda o‘zi umuman o‘ynamaslik kerak. Bunday maydonda futbolchining jarohat olishi tezlashadi va og‘riq beradi. Lekin nailoj, biz shunday maydonda o‘ynashga majburmiz. Nima ham qilardim, bizning ishimiz shu.

- Bahodir, O‘zbekiston milliy terma jamoasini ham kuzatib kelyapsizmi?

- Ha, milliy terma jamoamizning o‘yinlarini ko‘ryapman. Lekin shuni unutmaslik kerakki, hammasi tezda sodir bo‘lib qolmaydi. Maqsadga asta-sekinlik bilan erishiladi. Umid qilamanki, terma jamoamiz o‘z o‘yinini topa oladi. Osiyo Kubogida futbolchilarimiz yaxshi natija ko‘rsatishlariga ishonaman.

- Ektor Kuperning himoyaviy o‘yin uslubi biz uchun mos deb o‘ylaysizmi?

- Himoyaviy o‘yin ko‘rsatish yomon emas. Masalan, Eron terma jamoasi ham himoyaga ixtisoslashgan holda o‘yin namoyish etadi. Yigitlarimiz tezroq murabbiyning taktikalarini tushunib olsa, bu albatta yaxshi natija olib keladi deb o‘ylayman. Futbolda doim himoyada ishonchli o‘ynab darvozangiz dahlsizligini saqlab tursangiz, 90 daqiqa davomida hech bo‘lmaganda albatta bitta gol ura olasiz. Hozirgi zamon futbolida eng asosiysi, himoyani mustahkam ushlash kerak.

- Siz legioner bo‘lib o‘ynashda katta tajribaga egasiz. Ayting-chi, legioner futbolchi birinchi navbatda nimaga e’tibor qaratish lozim?

- Birinchi navbatda yangi mamlakatga moslasha olish lozim. Yangi chempionat qanaqa, nimaga e’tibor qaratish kerak? Buning uchun moslashib olish lozim va bunga vaqt kerak. Menimcha, darhol moslashib, o‘ynab keta oladigan legioner bo‘lmasa kerak. Har qanday holatda ham legionerga adabtatsiya kerak. To‘g‘ri, men oldin ham Ozarbayjonda o‘ynaganan. Biroq endi boshqa futbolchilar bilan birga to‘p suryapman.

- Faoliyatingizda ko‘plab murabbiylar bilan ishlagansiz. Ularning orasida faoliyatingizni o‘zgartirib yuborgan murabbiy kim?

- To‘g‘ri aytasiz, shu kungacha ko‘p murabbiylar bilan ishladim. Ammo birortasini alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Chunki hammasi menga ko‘p narsalarni o‘rgatishgan.

- Siz uchun kim kuchli: Messimi yoki Ronaldu?

- Men uchun ikkalasi ham kuchli. Ammo vaziyatga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, Ronaldu Messiga qaraganda ustunroq. U Angliya va Ispaniya chempionatlarida aqlbovar ishlarni bajardi. Endi esa Italiyada ham u o‘zini ko‘rsatyapti. Messi esa faqat “Barselona”da nimalarga qodirligini ko‘rsatdi. Ronaldu bo‘lsa hamma joyda kimligini namoyish qilyapti.

- Qaysi jamoaning muxlisisiz?

- Samarqandning “Dinamo” jamoasining.

- Xorijdanchi?

- “Liverpul”.

- Futbolchi sifatida qaysidir orzuimga erishganman deb ayta olasizmi?

- Hali faoliyatimni tugatmadim-ku. Hali orzularim ko‘p. Yana 6-7 yil o‘ynamoqchiman.

- Shu kungacha faoliyatingizda unutilmas bo‘lib qolgan o‘yin qaysi?

- MDH Kubogi ko‘rsatgan o‘yinlardan keyin faoliyatimda ijobiy o‘zgarishlar boshlandi. Shundan keyin legioner maqomiga erishdim.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!