"Dakar" rallisi - xatar rallisi

Shuni aytish lozimki, bu galgi poygalar o‘ta issiq ob-havo sharoitida, qum, toshloq va soyli yo‘llarni o‘z ichiga olgani bois pilotlar katta qiyinchilikka duch kelmoqda. Eng achinarlisi esa dunyoga dong‘i ketgan va bu galgi rallida ham g‘oliblikka da’vogar bo‘lgan pilotlar musobaqani to‘xtatishga majbur bo‘ldi.


Eng mashhur ralli-marafon "Dakar - 2017" poygalariga bu yil Paragvay, Boliviya, Argentina mezbonlik qilmoqda. Umumiy masofasi 9000 kilometrga yaqin bo‘lgan ushbu murakkab musobaqada 59 mamlakatdan 300 dan ziyod texnika qatnashmoqda.

Dastlabki ikki bosqichdagi qiyinchilikdan noligan poygachilar keyingi masofalarda ularni nima kutib turganini bilmasdi. San-Migel-de-Tukuman va San-Salvador-de-Jujuy o‘rtasidagi 780 kilometrlik masofaga chiqqan uchinchi bosqich ishtirokchilari ham turli muammoli vaziyatga tushib qoldi. Ko‘pchilik kimsasiz yo‘llarda mo‘ljaldan adashib, qimmatlli vaqtlarini boy berdi. Aksariyat mashinalar qumga botib qoldi.

Eng noqulay vaziyatga "Iveko" haydovchisi Jerar de Roy tushdi. Masofaning birinchi qismidayoq amaldagi chempion Jerar de Roy boshqarayotgan yuk mashinasining uchta g‘ildiragi yorildi. Zarb kuchidan g‘ildiraklarni avtomatik tarzda damlaydigan tizim ishlamay qoldi.

Doimo ishonchli hisoblangan "Toyota" yo‘ltanlamas mashinalarining barchasi texnik muammolarga duch keldi. Musobaqa peshqadamlaridan Nossir Al-Attiyaning "Toyota"si jiddiy shikastlandi.

Argentinadagi San-Salvador-de-Jujuy shahridan boshlanib, Boliviyaning Tupitsa shahrida yakunlangan va umumiy masofasi 521 kilometr bo‘lgan bu bosqich poygachilar avvalgilaridan murakkab bo‘ldi. O‘z vaqtida "Dakar" rallisida bir necha bor g‘olib chiqqan Nossir Al-Attiyaning "Toyota"si poygaga yaroqsiz holga kelib qoldi va bosh sovrin uchun kurashgan poygachi alam bilan musobaqani tark etdi.

Bu bosqichda "Dakar-2010" g‘olibi va ikki karra jahon chempioni Karlos Sayns "Pejo" avtomobilida chuqurlikka tushib ketdi. Omadsizlikni qarangki, umumiy ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda borayotgan poygasi marraga uch kilometr qolganida ushbu noxush holatga tushdi va musobaqadan chiqib ketdi.


- Bu mashinamiz o‘tgan yilgisidan zo‘r edi, - dedi Karlos Sayns. - Musobaqadan chiqib ketganimiz alam qilyapti.

Motopoygachilar bahsida "Dakar-2016" g‘olibi Tobi Prays toshloq yo‘lda mototsikldan yiqildi va oyog‘ining son qismi sinib ketgani tufayli musobaqani davom ettirolmaydigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, ko‘p poygachilar masofadagi katta va keskir toshlar g‘ildiraklarni ishdan chiqarganini, yo‘lning murakkabligi tufayli ko‘p pilotlar adashib qolganini, soylardagi chuqurlarning kattaligi va ko‘pligini, bularning oqibatida mashinalar ko‘p buzilayotganini alohida ta’kidlashmoqda.

Shu tariqa "Dakar-2017" xatarli poygaga aylandi va unda eng chidamli texnika va eng mohir poygachilargina so‘nggi manzilga etib bora oladi.

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!