
EChL chorak finalida ro‘baro kelgan juftliklar haqida
Bugun EChL chorak final bosqichiga qur’a tashlandi. Qur’a natijalari esa quyidagicha ko‘rinish oldi.
Biz esa ushbu juftliklar to‘g‘risidagi ayrim faktlarni sizning e’tiboringizga havola etamiz.
“Bavariya” – “Real”
Bu jamoalar shu vaqtga qadar 22 bor rasmiy o‘yinda kuch sinashgan bo‘lib, ularning barchasi EChL(EChK) doirasida o‘tgandir. O‘zaro o‘yinlarda ustunlik nemislar tomonidadir – 11 g‘alaba va 3 durang. Qolgan 9 bellashuvda esa “qirollik klubi” muvaffaqiyat qozongan;
“Real”ning “Bavariya” bilan so‘nggi uch o‘yinida ispanlar g‘alaba qozonganligini ko‘rish mumkin;
“Bavariya” evrokuboklar doirasida o‘z maydonidagi eng yirik mag‘lubiyatni aynan “Real”dan qabul qilib olgan – 0:4(2013/14 yilgi mavsumda);
Bu ikki jamoalar pley-off bosqichida 10 marta to‘qnash kelishgan va har ikki jamoa hisobida 5 tadan g‘alaba(ikki o‘yin natijasiga ko‘ra) mavjud.
“Yuventus” – “Barselona”
Mazkur ikki jamoa o‘zaro 7 bor rasmiy o‘yinda to‘qnash kelgan. “Barselona” hisobida 3, “Yuve” hisobida esa o‘zaro o‘yindagi ikki g‘alaba mavjud. Qolgan ikki o‘yinda esa klublar murosa ko‘chasini tanlashgan;
So‘nggi bor esa ushbu klublar 2015 yil Berlinda o‘tgan EChL finalida to‘qnash kelishgan va o‘shanda kataloniyaliklar raqiblaridan 3:1 hisobida ustun kelishgan;
2002/03 yilgi mavsumda esa bu klublarning yo‘li xuddi hozirgi kabi chorak finalda kesishadi. O‘shanda Turindagi bahsda 1:1 hisobida qayd etilgan bo‘lsa, “Kamp Nou”dagi javob bellashuvi 2:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lgan edi.
“Atletiko” – “Lester”
“Lester” evrokuboklarda 3 marta ishtirok etgan bo‘lsa(bunisi to‘rtinchisi), ikki safar “tulkilar”ning yo‘liga aynan “matraschilar” g‘ov bo‘lishgan;
1961/62 yilgi mavsumda KEKda “Atletiko” “Lester”ni umumiy 3:1 hisobida mag‘lub etgan;
1997/98 yilgi UEFA kubogida esa “tulkilar” har ikkala o‘yinda ham 1:2 hisobida “Atletiko”ga imkoniyatni boy bergan;
Qayd etib o‘tish joiz, “Atletiko” o‘z maydonida ingliz jamoalariga umuman yutqazgan emas – 5 g‘alaba va yana shuncha durang.
“Borussiya Dortmund” – “Monako”
Bu ikki jamoalar ilk bor o‘zaro bahs olib borishadi;
Dortmundliklarning superto‘purari – Per-Emerik Obameyang 2010/11 yilgi mavsumda aynan “Monako” safida ijara asosida to‘p surgan bo‘lib, o‘sha mavsum “Monako” libosida ikki bor gol kiritishning uddasidan chiqqan;
“Borussiya” frantsuz jamoalariga o‘z uyida faqat bir bor mag‘lub bo‘lgan. Bu borada umumiy natijalar esa quyidagicha ko‘rinish olgan: 6 g‘alaba dortmundliklar hisobida, 5 g‘alaba esa knyazlik klubi hisobida. Qolgan 5 o‘yinda esa g‘olib nomi aniqlanmagan.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar