Elnur Abduraimov - Rio Olimpiadasi qahramoni tan bergan chempion!

  • 14 dekabr, 2016, 08:59
  • 0
  • Boks
 
O‘zbek boks maktabi bugun haqli ravishda dunyoda eng kuchlilardan biri sifatida e’tirof etiladi. Mamlakatimizda har qanday musobaqada yuqori o‘rinlar uchun kurashishga qodir bo‘lgan bokschilarning yangi avlodi kamol topmoqda. Ana shunday yuqori salohiyatga ega charm qo‘lqop ustalaridan biri Elnur Abduraimovdir.
 
SPORTS.uz axborot portali mutaxassislar tomonidan kelajagi porloq, deb e’tirof etilgan Elnur Abduraimov bilan suhbat uyushtirdi.
 
- Elnur, o‘tgan hafta Latviyada o‘tkazilgan Evropaning eng nufuzli turnirlaridan biri – “Riga open -2016”da oltin medal va “Eng yaxshi bokschi” sovrinini qo‘lga kiritdingiz. Bu muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz. Boksda bu darajaga chiqish oson bo‘lmagandir?
 
- Avvalo, tabrik uchun rahmat. Bugun qo‘lga kiritayotgan yutuqlarim, erishayotgan natijalarimning barchasi oila a’zolarim va murabbiylarim mehnati samarasi, deb bilaman. Otam Nurg‘ali Abduraimov yoshligidan boks bilan shug‘ullangan va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ko‘p bor shohsupaga ko‘tarilgan. Oilada bir o‘g‘il bo‘lishimga qaramay, otam meni kuchli bokschi qilishga bel bog‘ladi. Shu tariqa otam birinchi ustozimga aylandi va boksning dastlabki sir-asrorlarini menga puxta o‘rgatdilar. Oilamdagilar ham boks bilan jiddiy shug‘ullanishim uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi.
 
Men ham ularning ishonchini oqlash uchun astoydil harakat qildim. O‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda, mamlakat birinchiliklarida g‘olib chiqib, Chirchiq olimpiya zaxiralari sport kollejiga o‘qishga qabul qilindim. U erda To‘qin Qilichev va Rustam Saidov kabi tajribali murabbiylardan saboq oldim. Ularning yordamida xalqaro miqyosdagi musobaqalarga tayyorlandim. Ayni paytda Davron G‘ofurov bilan ishlayapman.
 
- Boks murakkab sport turi. Kuzatishlarimiz bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalarda o‘zini ko‘rsatgan bokschilar keyinchalik o‘z mavqeini boy berib qo‘yishi ko‘p uchraydi. Siz 2012 yili Armanistondagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati va bir yildan so‘ng Filippindagi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida erta yutqazgan ekansiz. O‘zingizga bo‘lgan ishonchni qanday saqlab qolgansiz?
 
- O‘sha musobaqalardagi mag‘lubiyatlar kuchli bokschi bo‘lib etishishimga xizmat qilgan, deb o‘ylayman. Zero, sport insonga doimo o‘zi bilan o‘zi kurashishni, maqsad sari og‘ishmay harakat qilishni, mehnat orqali mashaqqatni engib o‘tishni o‘rgatadi. Boksda osonlikcha maqsadga etib bo‘lmaydi. Yutqazmaydigan sportchi yo‘q. Mag‘lubiyatlar bizni kuchli qiladi. Muhimi ruhan sinib qolmaslik. Ustozlarim meni kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va xatolarni takrorlamaslikka o‘rgatishadi. Hozir ham otam uyga kelishim bilan janglarimni to‘liq tahlil qilib beradilar, xatolarimni ko‘rsatadilar, maslahat beradilar. Albatta, keyingi janglarda bularning samarasini his qilaman. Ustozlar o‘giti muvaffaqiyatlarimiz kalitidir.
 
- Kattalar o‘rtasidagi musobaqalardagi natijalaringiz ustozlar o‘gitini to‘g‘ri o‘zlashtirganingizni ko‘rsatmoqda.
 
- Darhaqiqat, kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatlari menga muvaffaqiyat keltirmoqda. 2013 va 2014 yillarda 60 kilogramm vaznda ikki karra mamlakat chempioni bo‘ldi. Bu yil noyabrda tashkil etilgan mamlakat chempionatida esa 64 kilogrammda birinchi o‘rinni egalladim. Xalqaro maydonda esa O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 2015 yili Tailanddagi qit’a birinchiligida bronza medalni qo‘lga kiritib, jahon chempionatida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldim. Qatarda tashkil etilgan jahon chempionatida Rio Olimpiadasi uchun yo‘llanmalar o‘ynaldi. O‘z vaznimda yarim finalgacha etib bordim, lekin jahon chempionatining bo‘lajak g‘olibi va Olimpiya o‘yinlari sovrindori kubalik Lazaro Alvarezga yutqazib qo‘ydim.
 
Jahon chempionatida bronza medalni naqd qilgan bo‘lsam-da, Olimpiya yo‘llanmasi uchun qo‘shimcha jang o‘tkazishim kerak edi. Bu jangda braziliyalik Robson Konseysao bilan kuch sinashdim. Uchrashuvda bor mahoratimni ishga soldim. Raqibim o‘ta kuchli bokschi bo‘lsa-da, mag‘lubiyatini tan oldi.
 
Keyinchalik Robson Konseysao Rio Olimpiadasida Braziliyaga oltin medal keltirib, o‘z mamlakati qahramoniga aylandi. Men esa Rioga borolmadim. Hamyurtimiz Xurshid Tojiboev yarim professional bokschilar musobaqasi – APB janglarida jahon chempioni bo‘lgani uchun O‘zbekiston 60 kilogramm vaznda ikkita yo‘llanmaga ega bo‘lib qoldi. Qoidaga ko‘ra, Olimpiadada bir mamlakatdan faqat bir kishi qatnashadi. Bu huquq Xurshid Tojiboevga berildi.
 
- Elnur, yana qaysi bokschilarga qarshi o‘tkazgan janglaringiz o‘zingizda ma’qul kelgan?
 
- O‘tgan yili yangi musobaqa – Jahon boks seriyalarida “Uzbek Tigers” jamoasi tarkibida yarim finalga etib bordik. Ko‘p bosqichli ushbu musobaqada rossiyalik Hasan Arsunkeev, Jamol Badruddinov, puerto-rikolik Stiven Ruidiaz, jahon chempionatidagi azaliy raqibim Lazaro Alvarezga qarshi janglar ayniqsa murosasiz bo‘ldi. Shuningdek, o‘zbekistonlik bokschi, jahon va Olimpiya o‘yinlari sovrindori Bahodir Sultonovga qarshi jangim ham o‘zimga yoqadi.
 
 
Men boksda Rio Olimpiadasida chempion va sovrindor bo‘lgan do‘stlarim Hasanboy Do‘smatov va Murodjon Ahmadalievning janglarini maroq bilan kuzataman. Bizning uslubimiz yaqin bo‘lgani uchun bir birimizdan juda ko‘p narsa o‘rganamiz. Do‘stlarimning yutug‘idan faxrlanaman.
 
- Boksdan boshqa qiziqishlaringiz haqida ham gapirib bersangiz?
 
- Sport turlaridan futbolga qiziqaman. “Barselona”ga muxlislik qilaman. Ko‘pchilik meni Kataloniya klubiga ishqiboz ekanimni eshitib, yoqtirgan futbolching aniq Lionel Messi, deyishadi. Menga yoqadigan futbolchi “Real”da to‘p suradi, deyman. Unda Krishtianu Ronalduning muxlisi ekansan, deyishadi. Yo‘q. Menga Serxio Ramos yoqadi. Chunki u irodali inson va doimo oxirigacha kurashadi. Sportchi ana shunday bo‘lishi kerak.
 
Ha, Elnur Abduraimov o‘zi sportchilarda qadrlagan fazilat – kuchli irodani o‘ziga ham singdirgan. Suhbatimiz davomida Elnur yosh bo‘lishiga qaramay, maqsad sari dadil intiladigan, qiyinchilik va mashaqqatlardan cho‘chimaydigan, qat’iyatli va shu bilan birga quvnoq va samimiy yigit ekaniga guvoh bo‘ldik.
 
Elnur o‘z oldiga jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lish vazifasini qo‘ygan ekan. Shunday bo‘lsa-da, u eng avvalo, har kim o‘z ota-onasi, oilasi va albatta, vatani koriga yaraydigan inson bo‘lishi kerak degan fikrni bildirdi.
 
SPORTS.uz axborot portali Elnur Abduraimovga samimiy suhbati uchun minnatdorlik bildirib, maqsadlari ro‘yobga chiqishini va doimo g‘alabalari bilan muxlislarini xushnud etishini tilab qoladi.
 
Ushbu materialdan qisman yoki to‘liq foydalanganda SPORTS.uz axborot portalining nomi aniq ko‘rsatilishi hamda havola (link) berilishi shart!
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!