Engilmas bokschimiz Qudratillo nokautchi akasi Azizbekka syurpriz qildi

  • 06.03.2017 00:05
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Sport qiziq soha. Ayniqsa, sportchilarning hatti-harakatini kuzata turib shunga amin bo‘lamiz. Engilmas va nokautchi bokschilarimiz Qudratillo Abduqahhorov va Azizbek Abdug‘ofurovning professional ringda raqiblarini ayovsiz nokautga uchratayotganini ko‘rib, oddiy hayotda bu ikki do‘stning juda soddadil, ochiq ko‘ngil, kamtar va kamsuqum  yigitlar ekaniga odamning ishongisi kelmaydi.

 

Bu ikki bokschi faoliyatini imkon qadar yoritib borayotgan SPORTS.uz axborot portaliga Filippindan murojaat bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq qilgan Qudratillo Abduqahhorov ekan. Suhbatimiz qiziq nuqtaga borib taqaldi.

- Assalomu aleykum, sizlarga Filippindan qo‘ng‘iroq qilyapman, - dedi Qudratillo.

- Ie, Qudratillo u erlarda nima qilyapsizlar?

- Biz bu erda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tayapmiz. 25 mart kuni men va Azizbek Abdug‘ofurov muhim jangda qatnashamiz. Ustozimiz Ilgar Aliev boshchiligida bo‘lajak bellashuvlarga tayyorlanyapmiz.

- Tayyorgarlik qanday bo‘lyapti?

- O‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘zimiz ko‘nikkan shaklda o‘tayapmiz. Qisqa va uzoq masofalarga yugurish, jismoniy tarbiya mashqlari, trenajyor zalda shug‘ullanish va sparring janglarida qatnashyapmiz. Tayyorgarlik reja bo‘yicha o‘tyapti.

Shu o‘rinda Qudratillo iymanibgina bir iltimosi borligini aytib qoldi.

- 6 mart kuni Azizbek akamni tug‘ilgan kuni, - deydi Qudratillo Abduqahhorov. - Shuning uchun akamni SPORTS.uz sayti orqali tabriklab bir syurpriz qilay dedim. Shunga sizlar bilan bog‘langandim.

- To‘g‘risi biz ham Azizbekning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabriklash harakatida edik. Zo‘r fikr bo‘ldi. Birga tabriklaymiz. Aytingchi, aka-ukachiliklaring qanday boshlangan?

- Biz ikkimiz ham Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanidanmiz. Lekin boks zalida tanishganmiz. Ancha muddat havaskor boksda faoliyat ko‘rsatdik. Azizbek akam mendan bir yosh katta. Ulardan ko‘p narsa o‘rganganman. Hamon ko‘p jihatdan akamga havas qilaman.

Azizbek Abdug‘ofurov ko‘ngli va qo‘li ochiq inson. Shu paytgacha birovni hafa qilmagan, hech kimdan yordamini ayamagan. Meni haligacha qo‘llab keladi.

Bokschi sifatida esa o‘ta iqtidorli va salohiyati katta sportchi. Qurqmasdan tajribali raqiblarga qarshi ringga chiqmoqda va ularni nokaut qilyapti. Shijoatiga gap yo‘q. Mashg‘ulotlarda to‘liq kuch bilan ishlaydi. Qanchalik kuchli bokschi bo‘lmasin, oyog‘i erdan uzilmaydi. Kamtar va oddiy yigit.

- Qudratillo, Azizbekka atalgan dilingizdagi gaplar, tabriklarni saytimiz orqali etkazishingiz mumkin...

- Ha bunisi ayni muddao bo‘ldi:

Azizbek aka, men doimo odamiylik, sofdillik va halollik kabi xislatlaringizga havas qilib kelaman. Anchadan buyon birga mashg‘ulot qilib, professional boksda yonma-yon faoliyat ko‘rsatib kelyapmiz. Yonimda bo‘lishingiz menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklab, sizga mustahkam sog‘liq, yorqin g‘alabalar tilayman. 25 yoshingiz qutlug‘ bo‘lsin!

Darhaqiqat, SPORTS.uz axborot portali ham Qudratilloning tabriklariga qo‘shilgan holda professional boksda muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan Azizbek Abdug‘ofurovning g‘alabali janglariyu unga tan bergan raqiblar kim bo‘lgani haqida muxlislarga ma’lumot beradi.

Havaskorlar boksida qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan Azizbek Abdug‘ofurov professional faoliyatini 2016 yilning 17 may kuni boshladi. Shu kuni hamyurtimiz Toshkentda tashkil etilgan boks kechasida gruziyalik Giga Nadiradze (20-10-1, 10 KO) bilan jang qildi. Azizbek olti raundga belgilangan jangni beshinchi raundda texnik nokaut bilan o‘z foydasiga hal qildi. Bu jangdan keyin Giga Nadiradze yana etti marta jang qilib, to‘rtta g‘alaba va uchta mag‘lubiyat qayd etdi.

Azizbek Abdug‘ofurov ikkinchi jangini Indoneziyaning o‘z vaznida eng kuchli bokschilaridan Sahlan Koralga (15-4-0, 8 KO) qarshi o‘tkazdi. 10 iyun uni bo‘lgan jangda hamyurtimiz raqibini ikkinchi raundda texnik nokautga uchratdi. Shundan so‘ng indoneziyalik bokschi bitta jangda g‘alaba qozonib, bir bor mag‘lub bo‘ldi.

Dastlabki ikki jangda kuchli raqiblarini enggan hamyurtimiz uchinchi jangida WBC yo‘nalishi bo‘yicha bo‘sh turgan Osiyo chempionlik kamari uchun jang qildi. Raqib juda kuchli edi. Tailandlik Chaloemporn Savatsuk bungacha 17 jangda zafar quchib, 13 ta nokautga erishgan va mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan edi.

Azizbek birinchi chempionlik jangida engilmas raqibini bir daqiqayu 44 soniya ichida sof nokautga tushirdi va Osiyo chempionlik kamariga ega bo‘ldi. Bu jangdan so‘ng tailandlik bokschi o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotdi va ketma-ket yana uch marta nokaut bo‘ldi.

2016 yilgi mavsumni qit’a chempioni sifatida yakunlagan hamyurtimiz yangi yildagi birinchi jangini 7 yanvar kuni Malayziyada o‘tkazdi. Indoneziyalik Aleksandr Bayava (41-2-4, 14, KO) faoliyati davomida bir necha mintaqaviy chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan tajribali bokschi Azizbekka qarshi o‘tkazilgan jangda ikki raund oyoqda tura oldi xolos. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng Aleksandr hali ringga qaytadigan ahvolda emas.

Nihoyat, Azizbek professional ringdagi eng muhim jangini 10 fevral kuni Singapurda o‘tkazdi va unda WBC yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionligi kamarini tailandlik Sirimongkol Eamtuamdan himoya qildi. Tailandlik bokschi professional ringda 93 ta jang o‘tkazib, 91 marta zafar quchgan, shulardan 57 tasida raqiblarini muddatidan oldin enggan. Sirimongkol Eamtuam bir necha marta turli vaznlarda jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan o‘ta kuchli professional bokschi hisoblanadi. Tajribali charm qo‘lqop ustasi qariyb 15 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelgandi.

12 raundlik jangda Azizbek ochkolar hisobida zafar quchdi. Biroq, jang davomida raqibini nokdaunga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan Azizbek Abdug‘ofurov ayni paytda argentinalik Martin Fidel Rios (21-10-4, 11 KO) bilan bo‘ladigan jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda. bu jang 25 mart kuni Singapurda bo‘ladi.

SPORTS.uz axborot portali Azizbek Abdug‘ofurovni tavallud ayyomi bilan qutlab, faoliyatida omad va g‘alabalar tilaydi.

Ushbu xabardan qisman yoki to‘liq foydalanganda SPORTS.uz axborot portalining nomi aniq ko‘rsatilishi hamda havola (link) berilishi shart!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!