“Kaka”: Biz “Real”, Hasanboy Do‘smatov “Barselona” muxlisi!

  • 17.07.2017 00:01
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

Iste’dodli bokschimiz Murodjon Ahmadaliev Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida tezkor nokautlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan. Ayni paytda hamyurtimiz Germaniyada bo‘ladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

SPORTS.uz axborot portali muxbirlarining Murodjon Ahmadaliev bilan suhbati juda qizg‘in va qiziqarli ma’lumotlarga boy bo‘ldi.

- Murodjon, sizning ismingizni aytsa, ko‘pchilik tanimaydi. Lekin “Kaka”, desa hamma kim haqida gap ketayotganini darrov payqaydi. Bu laqabni kim qo‘ygan?

- Bolaligimdan futbolga qiziqardim. Mahallada tengqurlarim bilan tinmay futbol o‘ynardik. Dadam menga “Real” formasini olib bergandi. Unga mashhur futbolchi Kakaning ismi tushirilgan edi. Futbol o‘ynaganda shu formani kiyardim. O‘rtoqlarim meni “Kaka”, deb chaqira boshladi. Shu-shu “Kaka”ga aylandim.

Bir necha marotaba ismim bilan chaqirishganda e’tibor bermay, “Kaka” deyishganda qaragan paytlarim ham bo‘lgan. O‘zim “Kaka” deyishlariga ko‘nikib ketganman.

- Unda nega futbolni tanlamadingiz?

- Bir o‘rtog‘im bilan boksga bordim. Qiziqib qoldim. Qolaversa, u paytlar Abbos Atoev, Elshod Rasulov kabi bokschilarning janglarini televizor orqali tomosha qilib, ularga havas qilardim. Ayniqsa, Osiyo o‘yinlarida Elshod Rasulov singgan qo‘li bilan jang qilib, chempion bo‘lgani meni hayratga solgan. Elshod aka Vatan sha’nini himoya qilish uchun qo‘lidagi og‘riqlarga qaramasdan, oxirigacha kurashdi va bayrog‘imizni baland ko‘tardi. Shu omillar sabab boksni tanladim.

- Oiladagilar boksga borishingizga qarshilik qilishmaganmi?

- Avvaliga ayam qarshilik qilganlar. Lekin men ularga Elshod Rasulovga o‘xshab zo‘r bokschi bo‘laman, bayrog‘imizni ko‘taraman, shohsupaga chiqaman, deb va’da berganman. Niyatim jiddiyligi uchun qarorimni qabul qilishgan. Dadam esa boshidan meni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Chustdagi 2-umumta’lim maktabi boks to‘garagida Ilhom aka va Bahrom aka, degan murabbiylardan boks sir-asrorlarini o‘rgandim. Lekin meni boksga boshlagan o‘rtog‘imning o‘zi boksdan ketib qoldi.

- Sizda boksni tashlash fikri bo‘lmaganmi?

- Bo‘lgan. Boshida musobaqalarda yutqazib qo‘ysam, boksdan ketmoqchi ham bo‘lganman. Keyin ota-onamga bergan va’dam esga tushib, yana qo‘lqopni qo‘lga olganman. Keyinchalik kuchli bokschi bo‘lish uchun Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga kirdim. Bu erda kuchli murabbiylar – To‘lqin  Qilichev va Rustam Saidov qo‘l ostida shug‘ullana boshladim.

- Natijani uzoq kutdingizmi?

- To‘g‘risini aytsam, kollejga o‘qishga kirganimdan keyin ikki yil musobaqalarda qatnashmadim. Sababi – vaznim etmagan. O‘ta engil bo‘lganim uchun meni vaznimda janglar tashkil qilinmasdi. Keyin sekin-asta ringga chiqa boshladim. 2010 yildan boshlab, yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashdim. Aslida o‘shanda ham vaznim etmagan. Lekin janglarda o‘zimni ko‘rsatganim va mashg‘ulotlarda ko‘p ishlaganim uchun ustozlarim menga ishonch bildirgan.

Respublika miqyosidagi ko‘rsatkichlarimga ko‘ra, xalqaro miqyosdagi turnirlarga jalb qilishdi. Tajribam ortgani sari g‘alabalarim soni va salmog‘i oshib bordi. Qolaversa, mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor bera boshladim, o‘z ustimda yanada ko‘p ishlaydigan bo‘ldim. Raqiblarimning imkoniyatini o‘rganishni yo‘lga qo‘ydim. Bu ko‘nikmalarim hozir ham menga foyda beradi.

- Birinchi xalqaro musobaqa esingizdami?

- Ha. 2012 yili Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi an’anaviy xalqaro turnirga borganman. O‘sha musobaqa finalida mezbon bokschi Yusuf Gazaevni 28:15 hisobida mag‘lubiyatga uchratganman. Bu final bahslari orasidagi eng keskin va murosasiz uchrashuv bo‘lgan. Keyin yana bir nechta xalqaro musobaqada qatnashdim.

2012 yilda Armanistonda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdim. Erevanda Frantsiya, Venesuela, Mo‘g‘uliston va Filippin vakillarini engib, finalga chiqdim. Biroq hal qiluvchi jangda yutqazdim va kumush medal bilan kifoyalandim.

- Mutaxassislar natijalaringiz yildan-yilga o‘sib borayotganini qayd etishmoqda...

- Darhaqiqat, shunday bo‘lishiga harakat qilyapman. Kattalar boksiga o‘tganimdan keyin 2013-2014 yillar davomida O‘zbekiston chempionatida g‘olib chiqdim. Bu borada o‘zimga ideal darajada to‘g‘ri keladigan og‘irlik – 56 kilogramm vazn toifasiga moslashib olganim menga qo‘l keldi. Toshkentdagi finalda Orzubek Shoyimovni va Olmaliqdagi hal qiluvchi bahsda Mirazizbek Mirzaxalilovni mag‘lub etdim. Raqiblar ham o‘ta kuchli va tajribali edi.

O‘zbekiston chempionatidagi g‘alaba har bir bokschining orzusi. Chunki terma jamoaga kirish uchun milliy chempionatda g‘olib chiqish kerak. Agar o‘sha musobaqalarda yutmaganimda Osiyo va jahon chempionatlarida qatnasha olmasdim.

Xususan, 2014 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lganim uchun terma jamoadan joy oldim va 2015 yili Tailand poytaxti Bangkokdagi Osiyo chempionatida qatnashdim. Bu musobaqa finalida mezbon bokschiga 1:2 hisobida yutqazdim. Garchi kumush medal olgan bo‘lsam-da, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganimdan xursand edim.

- Shu yili Qatarda o‘tgan jahon chempionatida ham finalchi bo‘ldingiz?

- Jahon chempionatida ham finalda yutqazdim. Lekin bu musobaqada Riodagi Olimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritdim. Bundan tashqari, juda katta tajribaga ega bo‘ldim. Jahon boksi bilan yaqindan tanishdim.

Qolaversa, Osiyo yoki jahon chempionatlarida qatnashishning o‘zi baxt ekanini unutmaslik kerak. Dunyo miqyosidagi musobaqalarni bir chetga qo‘yaylik. Bugungi kunda milliy chempionatda ham sovrindor bo‘lish oson emas. Bu ish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. G‘alaba, deganda faqat oltin medalni tushunmaslik kerak. Kumush va bronza medal ham nufuzli sovrin.

Masalan, men uchun 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan bronza medal eng qadrli yutuq hisoblanadi.

-  Siz uchun noqulay raqib bormi?

- Zo‘r bokschi har qanday raqibni engishni bilishi kerak, deb o‘ylayman. Men jahon chempionati finalida irlandiyalik Maykl Konlanga yutqazganman. Olimpiya o‘yinlari yarim finalida to‘qnash kelgan kubalik Robeysi Ramirez meni ikki marta yutgan. To‘g‘risi, har bir bokschining nozik tomoni bo‘ladi. O‘sha joyini topsangiz, g‘alaba kaliti qo‘lingizda. Tan olaman, Ramirez bilan janglarda o‘sha “kalit”ni topa olmaganman. Buni o‘sha paytlarda tajribasiz bo‘lganim bilan izohlash mumkin. Mana endi har qanday raqibni engishga qodirman, deb turganimda Maykl Konlan ham, Robeysi Ramirez ham katta boksni tark etdi.

- Germaniyadagi jahon chempionati yaqinlashyapti. Chempionlik uchun kurashda asosiy raqobatchingiz kim?

- Avvalo Germaniyadagi jahon chempionatiga O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkib bilan yo‘l olishi quvonarli hol bo‘ldi. Barcha yo‘llanmalar Toshkentdagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritildi. O‘nta oltin medaldan to‘qqiztasi bizga nasib etdi. Men ham ilk bor Osiyo chempioni bo‘ldim. Albatta, jahon chempionatida ham faqat chempionlik uchun kurashaman. Tayyorgarlik ham shunga yarasha bo‘lyapti.  

Yuqorida men uchun noqulay raqiblar faoliyatini tugatganini aytdim. Lekin hozir ular bilan ham tengma-teng kurasha olaman.

Jahon chempionatida biror raqibni aniq ko‘rsata olmayman. Lekin shu bilan bir qatorda kuchli boks maktabiga ega bo‘lgan  Rossiya, AQSh, Kuba, Ukraina, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan hech kim tanimagan, lekin ko‘p narsaga qodir charm qo‘lqop ustalari chiqib qolishi mumkin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Biz esa har narsaga tayyor turishimiz kerak. Maqsadga erishish yo‘lida raqibning kim bo‘lishiga qaramay, faqat olg‘a qadam bosish shart.

- Boks tufayli qaysi odatlaringizni tark etgansiz? Sportning hayotingiz ta’siri qanday bo‘lgan?

- Tan olaman, bolaligimda juda sho‘x va to‘polonchi bo‘lganman. O‘quvchilik davrimda bolalarning  elkasiga mingashvolib, boshqasiga esa sumkamni ko‘targizib qo‘yardim. Boksga qatnay boshlagach, bunaqa qilish yaxshi emasligini, o‘zimdan kuchsizlarga har doim yordam qo‘lini cho‘zishim kerakligini anglab etdim.

Sport tufayli dunyo qarashim o‘zgardim. Bor e’tiborimni oldimdagi maqsadga qaratishni, kuch-qadratimni ana shu yo‘lda sarflashni o‘rgandim. Xarakterimda ham vazminlik paydo bo‘ldi. Rejimga tushdim. Kuchimni ringda ko‘rsatadigan bo‘ldim.

- Siz raqiblarni ko‘pincha nokaut qilasiz. Buning siri nimada?

- Boks musobaqasi o‘tkaziladigan arenalarga e’tibor bergan bo‘lsangiz, biz chiqadigan joy va ring o‘rtasida ma’lum bir masofa bor. Arenaga kirib, ringga etib borgunimcha, mashg‘ulotlardagi mashaqqatli mehnatlarim, ota-onam, ustozlarim ko‘z oldimga keladi. Miyamda hamma menga ishonch bildirgan, ularning ishonchini oqlashim shart, degan fikr aylanadi. Bu ruhiy tayyorgarlikka ijobiy ta’sir qiladi.

Ringga chiqishim bilan bor e’tiborni raqibga qarataman. Hatto, atrofdagi muxlislar yoki murabbiylarimning gapini ham eshitmay qolaman. Maqsad bitta – g‘alaba qozonish.

Raqibni nokaut qilishning siri yo‘q. Lekin men nokaut qilishim uchun raqibning bir-ikki zarbasini o‘tkazib yuborishim kerak. Shunda, uning kuchini his qilaman. Nokautda taktik va texnik tayyorgarlik katta rol o‘ynaydi. Masalan, ba’zi bokschilar chap qo‘lning o‘zida ketma-ket uchta yo to‘rtta zarba beradi. Raqib ulardan ikkitasini to‘sishi mumkin. Qolganlari albatta mo‘ljalga tegadi. Men ham ko‘pincha kutilmagan kombinatsiyalarni ishga solaman. Ana shu kombinatsiyani jangda qo‘llash uchun oylab, kerak bo‘lsa yillab, bu usulni mashg‘ulotlarda sayqallashtirib borish kerak.

- Siz uchun ideal bokschi qanday bo‘lishi kerak?

- Menimcha, ko‘p urib, o‘zi zarba o‘tkazmaydigan bokschi eng zo‘r. Alohida kimnidir ajratib ko‘rsatolmayman. Lekin men ko‘pchilikdan zo‘r usullarni o‘zlashtirishni yoqtiraman.

- Masalan kimlardan?

- O‘zbekiston bokschilaridan Hasanboy Do‘smatov va Isroil Madrimovdan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi. Ularning fantaziyasi zo‘r. Ular oddiy zarba bermaydi. Bu raqibni chalg‘itadi. Elnur Abduraimov esa “boks kitobida” qanday yozilgan bo‘lsa, shunday boks tushadi. Unga ham qoyil qolaman.

Bektemir Meliqo‘ziev zarbalarni isrof qilmaydi. Har bir zarbasi aniq va o‘ta kuchli.

- Sanjar Tursunovning ustunligi nimada?

- Sanjar terma jamoadagi eng yosh bokschi. Vazni 91 kilogramm bo‘lganiga qaramay, o‘ta tezkor. Odatda, og‘ir vazn bokschilarning eng katta muammosi tezkorlik va ringda ko‘p harakat qila olmaslikdir. Lekin Tursunov xuddi engil vaznlilar kabi serharakat va tezkor bokschi.

- Olimpiya o‘yinlari chempioni Shahobiddin Zoirov vaznini o‘zgartirdi. Hozir u ham 56 kilogramm vazn toifasida ringga chiqmoqda. Bu sizga qanday ta’sir qiladi?

- Shahobiddin zo‘r bokschi. Vazni ko‘tarilganidan xabarim bor. Bu menga ta’sir qilmaydi. Hozircha, bu vaznda murabbiylar menga ishonch bildirmoqda. Menimcha, Shahobiddin bilan O‘zbekiston chempionatida raqobat qilsak kerak. Shu o‘rinda, raqobat faqat ringda bo‘ladi. Oddiy hayotda do‘stona munosabatimiz davom etaveradi. Bunga aminman.

- Jahon bokschilaridan kimlarning uslubi yoqadi?

- Hurmat qiladiganlarim ko‘p. Floyd Meyvezer, Menni Pakyao, Mayk Tayson kabi ustalarning mahoratiga tan berish kerak.

- Professional boksga munosabatingiz qanday?

- Ijobiy, albatta. Men Fazliddin G‘oibnazarov, Sanjar Rahmonov va Qudratillo Abduqahhorovlarning faoliyatini kuzatib boraman. Fazliddin va Sanjar aka havaskor boksda ham ko‘p narsaga erishgan. Ularga havas qilganman.

Qudratillo bilan esa birga shug‘ullanganmiz. Unga hurmatim baland. U havaskorlar boksida negadir o‘zini ko‘rsatolmadi. Lekin professional ringda ko‘p narsaga erisha olishiga ishonaman. Zotan, hozirdan hammaning tiliga tushdi. Do‘stimga omad tilayman.

- O‘zingiz professional boksga o‘tmaysizmi?

- Hali havaskorlar bokschida qiladigan ishlarim ko‘p. Zabt etilmagan cho‘qqilar bor. Vaqti kelib, professional boksga o‘tishim ham mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi.

- Suhbatimiz boshida futbol haqida gapirdingiz. Hamon futbolga qiziqasizmi?

- Ko‘proq futbol o‘ynashga qiziqaman. Hali ham to‘p ketidan quvib turamiz. Jahon futbolida “Real”ga muxlislik qilaman. O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlari ham bee’tibor emasman. Lekin futbolni televizor orqali tomosha qilishni yoqtirmayman. Faqat “Real” -  “Barselona” va milliy terma jamoamiz o‘yinlarini ko‘raman.

- Bokschilarimizning hammasi “Real” muxlisi shekilli. Isroil Madrimov va Shahram G‘iyosov ham Krishtianu Ronalduning o‘yinlarini yoqtirishini aytgandi.

- Deyarli hamma madridliklarga tarafkashlik qiladi. Faqat Hasanboy Do‘smatov “Barselona” va Lionel Messi, deyaveradi. “El klasiko”da hamma bir taraf, Hasanboy bir tomon bo‘lib qoladi. Mayli-da, hammaning o‘z dunyoqarashi bor.

- Boksdan boshqa nima bilan mashg‘ul bo‘lasiz?

- Futbol, stol tennisi o‘ynayman. Suzishga boraman. Kitob o‘qishni yoqtiraman. Albatta, ijod ahli singari juda ko‘p kitob o‘qiyman, demayman. Ayniqsa, Deyl Karnegi asarlariga qiziqaman. Kitob dunyoqarashni kengaytiradi. Ringda oyoq bilan harakat qilasiz, qo‘l bilan zarba berasiz, lekin bosh bilan o‘ylash kerak. Tafakkuri kuchli bokschi g‘alaba qozonadi. Qolaversa, kitob o‘qish nutq madaniyatini rivojlantiradi. Oddiy misol, ilk bor intervyu berganimda gapimni topolmay qolganman. Hozir bunday muammo yo‘q.

Qolaversa, kelajakda o‘z maktabimni  ochaman. Buning uchun ham bilimlarimni hozirdan oshirib borishim kerak. Bundan tashqari, o‘z biznesim bo‘lishini istayman. Bular o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Albatta, hammasi o‘qish va uqish orqali bo‘ladi.    

- Murodjon samimiy suhbat uchun rahmat. Barcha niyatlaringiz amalga oshishini tilaymiz.

SPORTS.uz

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!